Ramazonda iftorlik va saharlik dasturxonini taomlar bilan bezash ayolu qizlarimiz, opa-singil va kelinlarimizning yumushlari sirasiga kiradi. Aslida bu oy kam taom yeyiladigan, ochlik va ochlar holi his qilinadigan mavsumdir. Ammo shu oyda ham taomni ko‘p yeyishga urinamiz. Ayollarimiz iftorlik dasturxoniga shunaqa ko‘p taom hozirlashadiki, uni qo‘ygani xontaxtada joy yetishmaydi. Qorin ochligi sabablimi yoki boshqami, juda ko‘p narsa pishiriladi. Bir necha xil taomlar, somsa, pechene, turli salatlar, sharbatlar va hokazo.
Kuni bo‘yi och yurgan tana birdaniga shuncha narsani yeb, uni hazm qilishga qiynaladi, oshqozonga yuk bo‘ladi, semirish, harakatning keskin kamayishi sodir bo‘ladi.
Ayol-qizlarimiz faqat yeyiladigan, kerakli miqdordagi taomlarni hozirlab, qolgan vaqtlarini oshxonada o‘tkazmasdan, Alloh taoloni zikr qilib, tanani oziqlantirishga bo‘lgan urinishlarini kamaytirib, ruhning ozuqasiga ko‘proq e’tibor qaratsalar oila a’zolari ko‘p ovqat yeb, qiynalish muammosidan qutulgan, kelinlar esa zikrning savobiga erishgan bo‘lardilar.
Ko‘p taom yegandan keyin uning ustidan ko‘p suv ichishga to‘g‘ri keladi. Bu esa tanani og‘irlashtirib, dangasa bo‘lishga, ibodat qilish, ilm o‘rganish va yana biror foydali ishlar bilan shug‘ullanishdan sustkashlik qilishga olib keladi.
Saharlikda ro‘za tutishga quvvat bo‘lsin deb ko‘proq taom yeymiz. Balki buni tushunsa bo‘lar. Ammo iftorlik dasturxonini me’yoridan oshirmaslik kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
“Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda “Ishlarning xayrlisi o‘rtachasidir” deganlar.
Ushbu oyat va hadisga amal qilib, taom yeyish borasida ham o‘rtacha yo‘lni tutsak, ham hadisga amal qilgan bo‘lamiz, ham o‘zimizni hazmda qiynalish muammosidan qutqargan bo‘lamiz. Zero, ulamolar mazkur oyatdagi “isrof qilmang” jumlasini “To‘ygandan keyin taom yemang” deb tafsir qilishgan.
Biz shuncha nozu ne’matlar bilan iftorlik qilayotganimizda, ro‘zamga quvvat bo‘lsin deb saharlikda ko‘p ovqat yeb o‘tirganimizda qo‘shnimizni eslab qo‘yaylik! Ular ham biz kabi saharlik va iftorlik qilishyaptimikin yoki ularning dasturxonida bizdagi taomning o‘ndan biri ham yo‘qmikin?!
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Iftorlikda ko‘p ovqat yeb, nafas olishga ham qiynalib turgan paytimizda ular yodimizga kelsin! Imkon qilib, ikki-uch xil taomimizning yarmini ularga olib chiqib bersak, qancha savobga erishamiz, iymonimiz komil bo‘ladi.
Aziz dindoshlar, taomlanishda me’yorga amal qilaylik! Ramazon oyida yashayotganimiz, ro‘za tutayotganimiz o‘zimizga bilinsin! Ochlik, tashnalikni his etaylik! Ana shunda biz bir oy davomida his qilgan holat yon qo‘shnimizning butun yil davomida his etadigan holati ekanini anglab yetamiz va ularga yordam berishga shoshilamiz!
Alloh taolo barchamizni isrofdan saqlanib, me’yorida taomlanishimizni va faqirlar holidan tez-tez xabar olib turishimizni nasib etsin!
Dovudxon domla mav’izalari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hikoya qilishadiki, Ma’rufi Karxiy quddisa sirruhu tahorat olish uchun Dajla daryosi qirg‘og‘ida to‘xtab, Qur’on va kiyimlarini bir tarafga qo‘ydilar. Shu payt qandaydir bir ayol kelib Ma’ruf Karxiy quddisa sirruhuning liboslari va Qu’onini olib jo‘nab qoldi. Shayx ayolning izidan yetib olib aytdilar:
– Singlim, men Ma’ruf bo‘laman, sizni hech bir narsada ayblamoqchi emasman. Faqat, Qur’on o‘qiy oladigan farzandingiz bormi yo yuqmi, shuni bilmoqchi edim, xolos?
Ayol “yuq” deb javob qaytargach, Ma’ruf:
– Balki Qur’on o‘quvchi eringiz bordir – deb so‘radilar. Ayol yana “yuq” deb rad javobi bergach, Ma’ruf unga:
– Unday bo‘lsa, mayli, ust-kiyimlarimni o‘zingizda olib qoling-da, Qur’onni menga qaytarib bering! – dedilar.
Bir gal Shayx Abu Abdurahmon as-Sulamiy quddisa sirruhuning uyini o‘g‘rilar bosib, bor narsasini olib ketishdi.
Naql qilishlaricha, u zot quddisa sirruhu bir do‘stlariga bunday debdilar:
– Bozorga borib, o‘g‘irlangan yaktagimga ko‘zim to‘shib qoldi. Shunda darhol o‘zimni bilmaganga solib yuzimni o‘girib oldi.
Bir gal Molik ibn Dinor quddisa sirruhuning ayollari u kishiga “Ey riyokor!” deya tanbeh beribdi. Shunda u kishi: “Ey xotin, sen menga basraliklar bilmaydigan xo‘b munosib bir nom topding-da!”– deya kayfiyatlari ochilib ketgan ekan.
Yahyo ibn Ziyod al-Horisiyda bir badxulq xizmatkor bor ekan. U zotdan:
– Nega bunday yomon qulni ushlab turibsiz? – deb so‘raganlarida, u zot:
– O‘zimga halim bo‘lishni ta’lim qilmoqdaman, – deya javob beribdilar.
Naql etishlaricha, bir gal Ibrohim ibn Adham quddisa sirruhu cho‘lga chiqqanlarida bir askarni uchratib qoldilar. Askar so‘radi:
– Bu yerning aholisi qani?
Ibrohim Adham qabriston tomonga ishora qildilar. Navkar bu odam mening ustimdan kulyapti degan o‘yga borib, u kishining boshlariga urib jarohatladi. U kishi ketganlaridan keyin esa navkarga bu zotning xurosonlik mashhur so‘fiy Ibrohim Adham ekanlarini aytishdi. Navkar ortlaridan borib, kechirim so‘ray boshladi. Bunga javoban Ibrohim Adham quddisa sirruhu bunday dedilar:
– Sen meni urganingda Allohdan senga jannat ato etishini so‘radim.
Navkar bunday xayrli duoning sababini so‘radi va Ibrohim Adham quddisa sirruhu javob berdilar:
– Shuni bildimki, sen meni urganing uchun Alloh menga ajru mukofot beradi. Sen tufayli yaxshilik topganim sababli men tufayli yomonlik ko‘rishingni istamadim.
Hikoya qilishadilarki, qandaydir kishi Shayx Abu Usmon al-Hiriy quddisa sirruhuni mehmonga taklif etdi va Shayx darvozaga yaqinlashganlarida uy egasining shunday deganini eshitdilar:
– Yo Shayx, hozir mening uyimga kirishning vaqti emas, qilgan taklifimdan afsusdaman, ketsang ma’qulroq!..
Abu Usmon quddisa sirruhu qaytib ketdilar va hovlilariga yetdim deganlarida ketlaridan haligi kishining ovozini eshitdilar:
– Yo Shayx, aytganlarimdan afsusdaman, kechirgin, qaytadan menikiga tashrif buyursang yaxshi bo‘lardi...
Shunda taqvodor zot unikiga yana borishlarini aytdilar. Ikkinchi marta borganlarida ham uy egasi avvalgiday muomala qildi. Xuddi shu hol uchinchi, to‘rtinchi bor ham takrorlandi. Shayx esa go‘yo hech narsa bo‘lmaganday borib, eshik oldidan yana qaytardilar. Nihoyat, haligi kishi:
– Yo Shayx, men sizni sinab ko‘rmoqchi edim xolos, – deya uzr so‘rab, u kishini maqtay boshladi, shunda Abu Usmon al-Hiriy quddisa sirruhu dedilar:
– Meni itlarda ham bo‘lishi mumkin bo‘lgan sifat bilan maqtashingga ne hojat, axir ular ham chaqirsang keladilar, haydasang ketadilar-ku?!
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi