Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘suvchidir, sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir. Alloh taolo: “Ro‘za men uchun, uning mukofotini O‘zim beraman. Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qildi”, deb marhamat qilgan. Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).
Sharh: “Ro‘za to‘suvchidir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu o‘rinda “الصيام جنة” “as siyomu junnatun” deyilgan. Bu yerda arab tilidagi “junnatun” so‘zi to‘suvchi degan ma’noni anglatadi. Ushbu so‘z har qanday to‘sadigan narsaga nisbatan ishlatiladi. Ro‘za ham to‘suvchidir, u insonni yomon ishlardan va turli gunohlardan saqlab do‘zaxdan to‘sadi. Chunki ro‘za shahvatlardan tiyilishdir, do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan.
Ibn Asir roziyallohu anhu: “junnatun” so‘zining ma’nosi – ro‘za ro‘zadorni shahvat va shunga o‘xshash aziyat beradigan narsalardan himoya qilib turadi degan ma’noni bildiradi”, deydi.
Imom Iyoz roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘za insonni gunohdan, do‘zaxdan saqlaydi”. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat insonga yoqmaydigan amallar bilan o‘ralgan. Do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan” dedilar (Imom Dorimiy, Imom Termiziy rivoyati).
Ya’ni, jannatga kirish oson emas, yoqmaydigan narsalardan murod bu –musibat va ibodatlardagi qiyinchiliklarga sabru bardoshli bo‘lish va gunohlardan tiyilishdir.
Usmon ibn Abul Os aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizning jangdagi qalqoningiz kabi, ro‘za sizning qalqoningizdir” deganlarini eshitdim (Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy rivoyati).
“Sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoqi urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin”. Bu jumlalarda g‘oyat yuksak odob-axloq haqida so‘z bormoqda. Ro‘zador odam turli xildagi behuda, fahsh, uyatsiz va nomaqbul so‘zlardan o‘zini tiyishi lozim. G‘azablanmasligi, shovqin-suron qilmasligi, halim, shirin so‘zli bo‘lishi kerak. Agar u bilan boshqalar janjallashmoqchi yoki so‘kishmoqchi bo‘lsa, u vazminlik ila ro‘zadorligini ma’lum qiladi. Janjaltalab kishiga ro‘zaning hurmatidan beodoblikni tark qilishini eslatsin va o‘zi ham bunday ishlardan tiyilsin.
“Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir”. Hadisning arab tilidagi matnida ushbu yoqimsiz hidni “خلوف”, “xaluf” deb atalgan. Ma’lumki, ro‘zador insonning og‘zida ko‘p vaqt taom yemaganidan noxush hid paydo bo‘ladi. Ro‘za tufayli paydo bo‘lgan o‘sha yoqimsiz hid Alloh taolo nazdida mushku anbarning hididan-da, yoqimli ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidladilar.
“Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. O‘zim uning mukofotini beraman, Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan”.
Bu jumlada qudsiy hadis rivoyat qilinmoqda. Boshqa bir rivoyatda: “Alloh taolo: “Odam bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchun va uni mukofotini beraman”, dedi”.
Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib, Parvardigorining amriga bo‘ysinish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinliq qilishdan shahvatini tiyadi.
Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh : faqat ro‘za men uchun … degan”.
Bir insonni ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.
Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.
Ro‘za ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan Ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.
“Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi” boshqa rivoyatda bunday deyilgan: “...Bir yaxshilikka uning o‘n barobaridan to yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib berilur”. Oxiratda barcha ibodatlar va yaxshiliklarga beriladigan ajru mukofotlar va savoblar miqdorining qancha berilishi aytilgan. Ammo faqat ro‘zaning oxiratdagi mukofotining miqdori qanchaligini hech kim bilmaydi, buni Alloh taoloning O‘zigina biladi.
Demak, Ramazon biz uchun katta imkoniyat oyidir. Bilib-bilmay qilgan xatoyu kamchiliklarimizni kechirishini Alloh taolodan so‘rashimiz uchun g‘animat fursatdir. Shunday ulug‘ kunlarda Alloh taolo barchamizni ulkan mukofotlarga sazovor qilsin!
“Umdatul Qori sharhi Sahihil Buxoriy” asari asosida Urgut shahar bosh imom-xatibi Shodi HAQBЕRDIYEV va “Islom nuri” gazetasi maxsus muxbiri Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi.
Farzand xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, uni tarbiyalash, ta’lim berish, kasb tanlashiga ko‘maklashish va voyaga yetganida munosib yerga turmushga uzatish yoki uylantirish har bir ota-onaning orzu-umididir.
Buning uchun farzand o‘z oldidagi turmush tutish va baxtli hayot kechirish, zimmasidagi burch va qadriyatlarni qay tarzda ado etish ko‘nikmalarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Bu o‘rinda ikki yo‘lni mahkam tutish azaldan o‘z samarasini berib kelgan. Avvalgisi, farzandni yoshligidan egallagan tarbiya va ilmga yo‘naltirish. Ikkinchi yo‘l halol kasb-hunar bo‘lib, u ham yoshlikda egallangani afzal. Zero, yoshlikdagi ilm yoki hunar toshga o‘yib yozilgandek bolada muhrlanib qoladi.
Odamzod paydo bo‘libdiki, kasb-hunarga ehtiyoji bor. Chunki kasb-hunar jamiyatning aksar ijtimoiy zaruratlari yechimi hisoblanadi. Bu haqda risolalar ham yozilgan. Chunonchi, dehqonchilik, duradgorchilik, sartaroshlik, qassoblik, temirchilik, chilangarlik, kulolchilik, chorvachilik, tijorat va boshqa kasb-hunarlar bayoniga oid risolalarning qo‘lyozma nusxalari yurtimiz qo‘lyozma fondlarida ko‘plab uchraydi.
Binobarin, sog‘lom jamiyatlarda farzandlarni kasb-hunarli qilib tarbiyalashga e’tibor doim ustuvor bo‘lib kelgan Qur’oni karim, hadisi sharif va ulamolar merosida kasb-hunar egallashga kuchli targ‘ib qilinganini ko‘rishimiz mumkin. Binobarin, islom ta’limotlarida halol rizq-ro‘z topish, jamiyat manfaatlariga xizmat qilish, xayrli kasb-hunarni keyingi avlodlarga takomillashtirib yetkazish kayfiyatini insonlarda tarbiyalash muhim hisoblanadi. Inson hech bir kasb-hunarni egallamasa, umuman mehnat qilmay qo‘ysa, o‘ziga yuklatilgan burchni ado etmasa, Rabbining amriga itoat etmagan isyonchilardan bo‘lib qolishi mumkin.
«Anbiyo» surasining 80-oyati karimasida temirchilik borasida so‘z ketib, Alloh taolo Dovud (alayhissalom) haqida aytadi: «Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishidan saqlaydigan sovut yasash san’atini ta’lim berdik. Bas, sizlar shukr qiluvchimisiz?!»
Qur’oni karimda kasb-hunar bilan bog‘liq yoki unga yo‘naltirilgan yana ko‘plab oyatlar bor. Binobarin, Islomda sog‘lom bola tarbiyasi barcha payg‘ambarlar o‘z ummatlariga kasb-hunarda ibrat bo‘ldilar. Masalan, Odam (alayhissalom) dehqonchilik, Zakariyo (alayhissalom) duradgorlik, Nuh (alayhissalom) kemasozlik, Muhammad (alayhissalom) cho‘ponlik va tijorat bilan shug‘ullanganlari ma’lum.
Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom): «Albatta, Alloh kasb-kor qiluvchi mo‘min bandani yaxshi ko‘radi», deb marhamat qilib, sahobai kiromlarni ham biron-bir kasb-hunar bilan halol rizq-ro‘z topishga undaganlar. Inson o‘z oilasi ta’minotini halol mehnat va foydali sa’y-harakati tufayli qondirar ekan, shubhasiz, bu yo‘lda chekkan zahmati savobli amallarga aylanadi.
Imom G‘azzoliy ham «Ihyo ulumid din» asarida kasb mavzusiga alohida bo‘lim ajratib, unda turli hikmatlar keltirib o‘tgan. Jumladan, Luqmoni hakim o‘z o‘g‘liga nasihat qilgan ekan: «O‘g‘lim, o‘zingni faqirlikdan saqlash uchun halol kasb qilgin. Bilginki, biror kishiga (harakatsizlik ortidan) faqirlik yetsa, unda uchta xislat paydo bo‘ladi: dinda yengiltaklik, aqlida zaiflik va muruvvatsizlik. Shu uchchalasidan ham og‘irrog‘i – uni odamlar mensimay qo‘yishidir».
Mazhabboshimiz Imomi A’zam (rahimahulloh) ham tijorat bilan shug‘ullangan. Bu kasbda halolligi tufayli ko‘p barakotlarga sazovor bo‘lganligi u zotning shogirdlari va zamondoshlari tomonidan yozib qoldirilgan. Binobarin, hadisi shariflarda ham halol kasb bilan shug‘ullangan insonlarga yuqori baho berilgan: «Rostgo‘y savdogar qiyomat kunida payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir».
Shunday ekan, farzandlarimizga ham dunyosi, ham oxirati uchun foydali ilm hamda o‘z oilasi, qolaversa, yashayotgan jamiyati uchun nafi tegadigan halol tirikchilikdan yuzaga keladigan kasb-hunar kerak. Zero, hunar o‘z egasini doim halollik, poklik, sadoqat, mehr bilan o‘z ishini ado etishga undaydi.
Islom ta’limotlariga ko‘ra, jamiyat o‘z taraqqiyoti va ehtiyojlariga xizmat qiladigan turli kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab borishi zarur. Jamiyatda tibbiyot, hisob-kitob, dehqonchilik, tikuvchilik va boshqa sohalarda mutaxassislar bo‘lishi farzi kifoya darajasida e’tiborga olinadi. Agar biror soha bo‘yicha ushbu jamiyatda mutaxassis topilmasa, bunday mutaxassisni ta’minlash butun jamiyat zimmasiga tushadi.
Davrimizga kelib ilmu hunar turlari ancha ortdi. Ba’zi kasblar atrofida yangidan-yangi yo‘nalishlar rivoj topib, tobora takomillashib bormoqda. Mana shunday sharoitda mamlakatimizda bolalarni kasb-hunarga yo‘naltirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Globallashuv sharoitida hozirgi zamon oilasiga yosh avlodni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash bilan bog‘liq yuksak va o‘z o‘rnida o‘ta mas’uliyatli vazifa yuklatiladi. Farzandlarni ilk yoshidan boshlab kuchi, didi, qobiliyati va qiziqishlariga mos tushadigan foydali mehnat va kasb-hunarlarga o‘rgatish ularning iqboli uchun muhim. Zero, har bir narsaning zeb-ziynati bor, yoshlikning bezagi, kelajak sarmoyasi esa kasb-hunar ortidan.
Kasb-hunarli farzand hayotda o‘z yo‘lini topishi barobarida har qanday mushkul vazifalarning ham uddasidan chiqa oladi. Hunarsiz kishi esa, turmushda qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Mana shu e’tibordan hunar egallash, egallaganda ham puxta egallash lozim.
“Islomda sog‘lom bola tarbiyasi” kitobi asosida
Buxoro shahar “Poyi Ostona” jome’ masjidi
imom xatibi Nodir Asadov tayyorladi.