Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2026   |   21 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:30
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:02
Shom
19:01
Xufton
20:17
Bismillah
10 Aprel, 2026, 21 Shavvol, 1447

Saharlikda baraka bor!

17.05.2019   45549   10 min.
Saharlikda baraka bor!

Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning: “Saharlik qilinglar, saharlikda baraka bor.[1]- degan so‘zlariga ko‘ra ro‘za tutguvchi nimadir tanavvul qilib saharlik qilishi mustahabdir. Saharlik vaqtida taomlanish ro‘za ibodatini ado etish uchun ro‘zadorga yordam beradi. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Saharlikdagi taomdan kunduzgi ro‘zalaringga yordam olinglar.[2] - deganlar.

Saharlik qilish ro‘za tutishni hohlovchi uchun o‘ziga muyassar bo‘lgan taom va ichimlikdan biron narsani saharlik vaqtida tanavvul qilish bilan bo‘ladi. Saharlik vaqti kechaning oltidan birining oxirgi qismidir. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Saharlikning hamma vaqti barakadir. Sizlar unda bir qultum suv bo‘lsa ham ichishni tark qilmang. Chunki, Alloh taolo va farishtalar saharlik qiluvchiga salovot aytadi.”- dedilar.[3] Yana boshqa bir hadislarida: “Xurmo mo‘minning qanday ham yaxshi saharligidir.”-deganlar.[4]

Agar kecha hali chiqib ketmaganiga shubha qilmasa, saharlikni subhdan sal oldinroq qilish mustahabdir. Agar kecha chiqib ketdi, deb gumon qilinganda, ovqatlanish makruh bo‘ladi. Imom Muslim o‘z sahihlarida Abu Atiyyadan keltirgan hadisda saharlikni subhga yaqin qilish mustahab ekanligiga dalil. Abu Atiyya raziyallohu anhu aytdilar: “Men va Masruq Oisha raziyallohu anho onamiz oldilariga kirib, Yo, Ummul mo‘miniyn, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan ikki kishi, biri iftorni va namozni shoshiltiradi, boshqasi esa iftorni va namozni kechiktiradi.”- deb so‘radik. Oisha raziyallohu anho: “ Ulardan qaysi biri iftorni va namozni shoshiltiradi?”-deb so‘radilar. Biz: “Abdulloh ibn Mas’ud”- dedik. Oisha raziyallohu anhu: “ Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ham shunday qilar edilar.”- dedi[5].

Saharlikdan keyin uxlash yaxshi emas. Chunki bu holatda oshqozondagi taom xazm bo‘lishi qiyin bo‘ladi. Bu muborak vaqtda ibodat va istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lib, subh namozini jamoat bilan o‘qish uchun masjidga borish lozim. Bu vaqt Allohga toat ibodat qilishning eng afzal vaqtlaridandir. 

Iftorlikni tezda qilish.

Ro‘zador quyosh botishi bilan iftorlikni qilishi mustahabdir. Uni quyosh botgandan keyin ham taxir qilish makruhdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Insonlar (kun botishi bilan) tezda iftorlik qilishsa doim yaxshilikda bo‘ladi.”[6] - deganlar.

Lekin ro‘zador iftorlikda uzoq o‘tirib, shom namozini mustahab vaqtidan kechiktirmasin. Shomning mustahab vaqti kun botgandan keyin qorong‘ulik tushib, yulduzlar ko‘ringungachadir. Eng afzali, tahorati yo‘q kishi yoki tahorat olmoqchi bo‘lgan kishi iftorlikdan avval tahorat olib, kun botishi bilan iftorlikni tezlatib, ovqat yemog‘idir. Undan so‘ng shom namozini jamoat bilan ado etaveradi. Bu holat taom tayyor bo‘lganda, ammo taom hozirlanmagan bo‘lsa yoki masjid ro‘zadorning uyidan uzoqroq bo‘lsa, afzali ro‘zador kun botishi bilan o‘zining oldidagi yegulikdan nimadir yeb va ichimlikdan bir qultum bo‘lsa ham ichib so‘ng shom namozini vaqtida jamoat bilan o‘qib, undan so‘ng yana taomlanaverishidir.

Shu holatlarda iftorni shoshiltirish va shom namozini mustahab vaqtida o‘qish kabi sunnatlar hosil bo‘ladi. Taom tayyor bo‘lganda namoz o‘qish kabi karohiyat sodir bo‘lmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Taom hozirlanganda va ikki xabis[7] narsa chaqirib turganda namoz o‘qish yo‘q.”[8]-dedilar. Yana bir boshqa hadislarida: “Kechki taom tayyorlanganda namozga takbir aytilsa, kechki taomdan boshlanglar.”[9] -deganlar.

 Iftor vaqtidagi duo

Ro‘zador iftorlik paytida duo qilishi mustahabdir. Chunki uning duosi ijobat bo‘ladi, xossatan mana shu paytda. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi. Iftorlik qilayotgan ro‘zadorning, odil imomning, mazlumning duosi. Bulutlar ustidan ko‘tarilib, unga osmon eshiklari ochiladi. Alloh taolo: “Izzatim va jalolimga qasamki, agar ozgina zamondan keyin bo‘lsa ham senga yordam beraman.”-deydi.”-dedilar.[10]

Hadislarda kelgani kabi duo qilish afzaldir. (Allohumma laka sumtu va bika a'mantu va a’layka tavakkaltu va a’la rizqiyka aftartu. Zahabaz zomau va ibtalatil u’ruqu va sabatal ajru insha Allohu) Ma’nosi: “Allohim sen uchun ro‘za tutdim, senga iymon keltirdim, senga tavakkal qildim va sen bergan rizqing bilan iftorlik qildim. Chanqoq ketdi, tomirlar namlandi va Alloh xohlasa ajrlar sobit bo‘ldi”.

Sunnani Abu Dovudda Abdulloh ibn Umarning: “ Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qachon iftorlik qilsalar: “Zahabaz zomau va ibtalatil u’ruqu va sabatal ajru insha Allohu” -der edilar.”-degan hadislarida keladi. Yana Muoz ibn Zahraning: “Menga Rasululloh sallallohu alayhi va sallam iftorlik qilayotganida:“Allohumma laka sumtu va a’la rizqika aftartu.”-deyishlari xabari yetdi.”- degan hadislari ham keladi.

Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhu: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Albatta, ro‘zador uchun qaytarilmaydigan duosi bor.”-dedilar. Abdulloh iftorlik qilayotganida: “Allohumma inniy as'aluka birohmatikallatiy vasia’t kulla shay'in an tag‘firo liy. (Allohim, men sening hamma narsani o‘rab olguvchi rahmating bilan gunohlarimni kechirishingni so‘rayman.)” – deganini eshitdim.”

Duoning avvalida, o‘rtasida va oxirida Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga salovot aytish duoning odoblaridandir. 

Xurmo bilan og‘iz ochish mustahabdir

Ro‘zador og‘zini xurmo bilan ochishi mustahabdir. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “ Kim bir dona xurmo topsa, u bilan og‘zini ochsin. Agar topa olmasa suv bilan ochsin. Chunki suv poklaguvchidir.[11]-deganlar. Yoki ro‘zador olov o‘zgartirmagan biror bir meva bilan og‘zini ochsin. Abu Ya’lo raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchta xurmo bilan yoki birorta olov tegmagan narsa bilan iftorlik qilishni yaxshi ko‘rardilar.”-deyilgan.

Ro‘zadorga iftorlik qilib berish fazilati

Ro‘zadorni ikrom qilib, ro‘za ibodatini taqdirlab, iftorlik qilib berish mustahabdir. Chunki, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Kim bir ro‘zadorni taomlantirsa, unga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan ajr yoziladi.[12]- deganlar.

Hadisda ro‘zador umumiy kelgani uchun faqir yoki boy ro‘zadorga ham iftorlik qilsa bo‘laveradi. Lekin faqir ro‘zadorga iftorlik qilib berish sadaqa ma’nosi borligi uchun boy ro‘zadorga iftorlik qilib berishdan afzal.

Iftorlik qilib beruvchi qilayotgan ziyofatida haddan oshib ketmasin. Bunday ishlarda haddan oshish dinimizda qaytarilgandir. Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Biz takalluf (amalda haddan oshish)dan qaytarilganmiz.”[13]-degan. Iftorlikda turli ovqatlarni ko‘p qo‘yishda riyo va sum’a[14]ga o‘xshash amallar bilan bu ibodatga putur yetib qolishi mumkin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, gunohlari kechirilib, bo‘yni do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmasdan ajr unga ham yoziladi”- deganlarida sahobiylar: “Yo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlardan har birimiz ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz?”-dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Agarcha birgina xurmo yoki bir qultum suv yoki ozgina sut bilan bo‘lsa ham, iftorlik qilib bersa, Alloh taolo bu ajrni mislicha unga ham beraveradi.[15]-dedilar. 

Abdulhamid Mahmud Tehmazning “Al-fiqhul hanafiy fiy savbihil jadid” asari asosida tayyorlandi.

 

Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisi B.Isaqov

 

[1] Muttafaqun alayh rivoyati

[2] Ibn Moja rivoyati

[3] Imom Ahmad musnadda rivoyat qilgan. Allohning salovat aytishi rahmatidir. Farishtalarning salovat aytishi istig‘fordir.

[4] Abu Dovud rivoyati

[5] Imom Nasoiy, Abu Dovud va Termiziylar ham rivoyat qilgan.

[6] Sahl ibn Sa’d r.a dan Muttafaqun alayh hadis.

[7] Ikki xabis narsa bavl bilan g‘oitdir. Bu hadis vaqt keng bo‘lgan mahalda bu holatlar sodir bo‘lib turib namoz o‘qish makruhligiga dalolat qiladi.

[8] Abu Dovud va Imom Muslim rivoyat qilgan.

[9] Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

[10] Imom Termiziy, Ahmad va ibn Moja rivoyati. Faqat Ibn Mojadan rivoyat qilingan hadis lafzi “ro‘zador iftorlik qilguncha” ko‘rinishida kelgan.

[11] Abu Davud va Imom Termiziy Anas r.a dan rivoyat qilganlar.

[12] Imom Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyati.

[13] Imom Buxoriy rivoyati

[14] Eshitib qo‘ysin degan ma’noda.

[15] Ibn Huzayma o‘z sahihida rivoyat qilgan. Bu hadisni Salmon r.a. rivoyat qilgan, Rasululloh s.a.v.ning sha’bon oyining oxiridagi xutbalaridan bir ju’zdir.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Betgachoparlik – kibrning nishonasi

09.04.2026   3456   3 min.
Betgachoparlik – kibrning nishonasi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Avtobusda ketar ekanman, yosh yigit va keksa kishi o‘rtasidagi janjal diqqatimni tortdi. Aftidan mo‘ysafid yigitchaning o‘zini beadablarcha tutishiga e’tiroz bildirgan va bu tortishuvga sabab bo‘lgan edi. O‘smir cholga qarab: “Men bilan ishingiz bo‘lmasin, nasihatingizni uyga borib nevaralaringizga qiling”, deb gap qaytarar, qariya: “Bolam, odobni o‘rgan, jamoat joyida yurish-turishingga, og‘zingdan chiqayotgan gap-so‘zga e’tiborli bo‘l”, derdi. Bahsga atrofdagilar ham aralashib, yigitchani insofga chaqirishdi, ammo u gapdan qolay demasdi. Avtobus bekatga to‘xtagach, chol: “Hayf senga shuncha gap”, degancha qo‘l siltab tushib ketdi va o‘smir ham ortidan bir nimalar dedi.

O‘ylanib qolasan: bu yigitcha o‘z ota-onasiga ham shunday muomala qilarmikan? Bunga shubha yo‘q. Chunki begonalarni hurmat qilmaydigan kishi o‘z yaqinlariga ham shunday munosabatda bo‘ladi. Bu unga yoshlikdan to‘g‘ri tarbiya berilmagani, odob o‘rgatilmaganining oqibatidir. Endi esa ushbu xatoni to‘g‘rilash ancha mushkulot tug‘diradi.

Tan olish kerak, bugungi kunda ayrim yoshlar orasida betgachoparlik, gap qaytarish, kattalarga hurmatsizlik kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat oila, balki butun jamiyat Betgachoparlik – kibrning nishonasi ma’naviyati uchun xavf tug‘diradi.

Betgachoparlik faqat qo‘pollik emas, balki qalbdagi kibrning nishonasidir. Katta kishi so‘zlayotganda gap qaytarish, ovozni baland qilish, yuzni burish, telefondan bosh ko‘tarmaslik, masxaraomuz kulish – o‘ziga bino qo‘yishning eng yuqori ko‘rinishi. Unutmaslik lozim, avvaliga “oddiy holat”dek tuyulgan bu harakatlar asta-sekin xulq-atvorga aylanadi.

Tasavvur qiling: ota o‘g‘liga muloyimlik bilan nasihat qilmoqda. Farzand esa qo‘lida telefon, ko‘zi ekranda. Pand-nasihatni eshitgisi kelmay, “Ha, bo‘ldi-da!” deb jerkiydi. Otaning qalbi og‘riydi. Eng og‘ir holat – ota-onaga nisbatan qattiq so‘z ishlatish. Bu nafaqat odobsizlik, balki og‘ir gunohdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kichiklarimizga mehribon bo‘lmaganlar, kattalarimiz haqini bilmaganlar bizdan emas”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, kattalarni hurmat qilish – oddiy axloqiy talab emas, balki iymon belgisidir.

Bugungi kunda achinarli bir holatga guvoh bo‘lyapmiz. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda ayrim “vayn”chilar katta yoshli insonlarni masxaralash, ularga qo‘pol hazillar qilish orqali obunachilarini ko‘paytirish payida. Bu esa yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Oqibatda ayrim yigit-qizlar begonalar tugul, o‘z ota-onasining ham yuziga tik qarash, ularni muhokama qilishgacha borishyapti.

Ko‘pincha yoshlarning bunday qilmishiga arzimas kamchilikdek qaraymiz. Ammo uning oqibatlari jiddiydir. Ya’ni bunday odobsizlik ota-ona roziligidan mahrum bo‘lish, odamlar orasida hurmatni yo‘qotish, yaqinlar bilan munosabatlarning sovishi, bu qilmishning kelajakda farzandlardan qaytishiga olib kelishi mumkin. Oilada yaxshi axloqiy muhitni kuchaytirmas, farzandlarga kichikligidan kattalarga hurmat ko‘rsatishni o‘rgatmas, bu borada ularga namuna bo‘lmas, telefon va internetdan foydalanishlarini nazorat qilmas ekanmiz, bunday ayanchli oqibatlarning oldi olinmaydi.

Esdan chiqarmaylik, yoshlik – faqat faxr yo g‘urur emas, kamtarlik davridir. Kimki o‘z kamolotiga intilsa, husni xulq, odobni mahkam tutadi. Kamolotga poydevor esa navqironlik faslida qo‘yiladi.

To‘lqin ShЕRNAYEV

Maqolalar