Tanlovga!
— Faqat ro‘zadorlarni da’vat qilaylik, ayajon. Tadbirning nomi iftorligu, qorni to‘qlarni chaqiramizmi?..
— Yaqin qarindoshlarni aytmasak, ayb bo‘ladi, qizim!.. Butun mahalla-ko‘y, qarindoshlar taklif qilinadi-da!
“Odamlardan andisha qilamizu, Alloh va Rasulidan hayo qilmaymizmi, ayajon? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Dasturxonlarning eng yomoni, ochlar qolib to‘qlar da’vat qilinganidir” mazmunda hadis rivoyat qilinadi. Ro‘za tutmagan, Allohning buyrug‘iga itoat qilmaganlarga dasturxon yozishning nima keragi bor, ayajon?!”... Bu so‘zlar yuragidan otilib chiqib, bo‘g‘zida tugunlandi. Onasiga e’tiroz bildirolmadi. Oqshom iftorlik dasturxoni yozilgan uylarga birin-ketin mehmonlar joylashdilar. Aksariyati ro‘za tutmagan, “qalbi toza”lar. Ro‘za tutmagan bo‘lishsa-da, tortinmay iftorlik (!) dasturxonining to‘ridan joy olishganiga qaramay, ro‘zadorlar oldida og‘iz ochishni kutmay oldilariga qo‘yilgan yeguliklarni kavshay boshlashdi...
Iftorlik o‘tdi. To‘qlar to‘ydi. Ba’zilari duo qilib, ayrimlari esa, shukronalikni ham unutib qo‘zg‘aldilar.
— Opa,- dedi o‘n olti yashar jiyani,- iftorlikda Islom haqida, Allohning buyruqlari, Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning hayot yo‘llari, sunnatlari, sahobiylar haqida gapirilmaydimi? Men shunaqa suhbatlar bo‘ladi deb kelgandim. Odatiy g‘iybatlar “aylandi” dasturxonda.
— Qo‘yaver, singlim,- dedi jiyanidan ko‘zini olib qochib.- Biri oyog‘i, boshi og‘rishidan shikoyat qilgandi, ro‘za tutishini, ham iymon, ham sog‘lik halovatini his qilishini aytib baloga qoldim. Namoz o‘qimay, ro‘za tutmasa ham qalbi tozaligini naq bir soat takrorlab charchamadi.
— Bekor gapiribsiz-da, asabingiz buzilibdi...
— Yo‘q, singlim, aksincha, undaylarga sabr va chiroyli muomala bilan, avvalo aytganlarimizga o‘zimiz amal qilib, hol tili bilan tushuntirishda davom etishimiz kerak. Chunki, biz faqat nasihat qilguvchimiz, Hidoyatga boshlaguvchi esa Alloh subhonahu va taoloning O‘zi...
Umida Adizova
Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida “Haj-2026” mavsumi ziyoratchilari bilan keng ko‘lamli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev hamda tegishli idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda ziyoratchilarga ibodatning ma’naviy fazilatlari va safar davomida amal qilinishi lozim bo‘lgan tartib-qoidalar batafsil tushuntirildi.
Uchrashuvda xavfsizlik, tibbiy xizmat va tashkiliy masalalarga alohida urg‘u berildi.
Mutasaddilar ziyoratchilarni intizomga rioya qilish va guruh rahbarlari tavsiyalariga amal qilishga chaqirdilar.
Tadbir yakunida bo‘lajak hojilarga oq yo‘l va ibodatlari qabul bo‘lishi tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati