Ziro’ deb hayvonlarning qo‘liga aytiladi. Faqat insondagina qo‘lning tirsagidan o‘rta barmoqning uchigacha bo‘lgan miqdorga aytiladi. Shar’iy hukmlarning masofa va uzunlikka oid mavzularida ziro’ asosiy o‘lchov biriligi sifatida ko‘rsatiladi. Ko‘plab manbalar, xususan, fiqhiy manbalar uning inson qo‘lidan tirsakdan boshlanib barmoq uchigacha bo‘lgan miqdor ekanligi, u olti musht, musht esa to‘rt barmoq, barmoq esa birining oldi ikkinchisining orqasiga qilib yopishtirib qo‘yilgan o‘rtacha oltita arpa, arpa esa xachirning dumidan olingan oltita soch miqdoridadir.
Mahmudbek Falakiy (vf.1302 h.) ziro’ uzunligini
belgilash uchun bir necha tajribalarga qo‘l urgan. Jumladan, u o‘rtacha qomatdagi 30 ta insonning qo‘lini o‘lchab chiqqan va o‘rtacha ziro’ning uzunligi 48 sm degan xulosaga kelgan.
Shuningdek, Ibrohim ibn Mustafo (vf.1328 h.) ham bu borada qiyosiy tajriba o‘tkazgan. U 144 ta arpaning yon tarafini o‘lchagan va bu ishni 55 marta takrorlagan. Yana u bunday tajribani xachir dumidan olingan sochda ham 81 marta takrorlagan va hisob-kitoblar natijasiga ko‘ra bir shar’iy ziro’ 48.5 sm degan xulosaga kelgan.
Shar’iy ziro’ning miqdori borasida eng daqiq o‘lchov Misrning Azhar jomi’asida joylashgan Tabarsiy madrasasining hovuzidan ma’lum bo‘lgan. Chunki uni hanafiylar qurgan. Ma’lumki, hanafiy mazhabiga ko‘ra oqin bo‘lmagan suv 100 ziro’ kvadrat bo‘lgandagina tahoratga yaroqli bo‘ladi. Mahmudbek Falakiyning naql qilishicha, “Azhar”ga qarashli Tabarsiy madrasasidagi hovuzning masofasi roppa-rosa 100 ziro’ kvadrat bo‘lish shartiga ko‘ra qurilgan. Mahmudbek Falakiy ushbu hovuzni o‘lchab uning kengligi 3.95 m, uzunligi esa 6.16 m.ga barobar ekanligini aniqlagan. Bu uning 24.332 m. kvadrat 67 ekanligini bildiradi. Bu miqdorni 100 ga taqsim qilinsa, 0.24332 m kvadrat chiqadi. Bu shar’iy bir ziro’ kvadratning miqdoridir. Bu sonni ildiz ostiga bo‘lish amaliyotiga ko‘ra taqsimlasak, 0.4932747712989 m, ya’ni 49. 32747712989 sm chiqadi.
Ba’zi manbalarda esa bir ziro’ 46 sm deya ko‘rsatilgan. Shulardan kelib chiqib, biz “kirbos ziro’si” degan iboraga “Tadqiqotlarga ko‘ra mazhabimizda bir ziro’ 46-49.32 sm ni tashkil qiladi” deya izoh berdik. Shulardan kelib chiqib biz ziro’ning o‘rtacha miqdorini 48 sm deb oldik. Chunki yuqoridagi iboralardan bir ziro’ning olti musht ekanini, bir musht esa to‘rt barmoqdan iborat ekanligi ma’lum bo‘lgan edi. Tajribalarga ko‘ra bir barmoqning eni taqriban 2 sm ni tashkil qiladi. Olti mushtda esa 24 barmoq bor. 24 ni ikkiga ko‘paytirilsa 48 sm kelib chiqadi.
O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi magistranti,
“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi
Jo‘raboyev Habibulloh
Prezidentimizning "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi.
Bugungi kunning eng quvonchli xabari shuki, diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning jonkuyar mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!
Ularning haq yo‘ldagi sa’y-harakatlari, ma’rifat tarqatishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak orden bilan munosib taqdirlandi. Bu nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki butun diniy-ma’rifiy jamoamiz uchun katta sharaf va cheksiz quvonchdir!!
"Imom Buxoriy" ordeni:
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur;
Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev;
Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining butun jamoasi, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan aziz ulamolarimiz va fidoiy xodimlarimizni chin qalbdan, samimiy muborakbod etadi!
Sizlarga Alloh taolodan mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy hayotingizga fayzu baraka, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz. Kelgusi xayrli faoliyatlaringizda yanada ulkan zafarlar, ezgu maqsadlaringizga erishishda doimiy muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Hamisha elu yurtning duosida bo‘lib, dinimizga, Vatanimizga xizmat qilish sharafi bardavom bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati