Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyun, 2026   |   18 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:27
Asr
17:35
Shom
19:57
Xufton
21:32
Bismillah
05 Iyun, 2026, 18 Zulhijja, 1447

Pingvin qushmi yoki baliqmi?

04.12.2018   10082   6 min.
Pingvin qushmi yoki baliqmi?

Pingvinlar – qushlarning bir turi bo‘lib, suzuvchi, sho‘ng‘uvchi xususiyatga ega, lekin ucholmaydi. Buning sababi qanotining kichikligi, tanasining og‘irligidir.

Pingvinlarning 16 turi, ularni birlashtiruvchi 6 ta urug‘i mavjud.

Gavdasining uzunligi 30-120 sm, vazni 1-40 kilogrammni tashkil etadi. Qorni va ko‘kragi oq, orqasi to‘q ko‘k yoki qora bo‘ladi.  

Pingvinlarning ko‘krak muskullari yaxshi rivojlangan.

Qanotlari tangachasimon patlar bilan qoplangan kurakoyoqqa aylangan. Suzganda va sho‘ng‘iganda ulardan eshkak sifatida foydalanadi.

Muz va qor ustida sekin qadamlab yuradi.

Pati mayin.

Pingvinlar Galapagos orollaridan to Janubiy Qutbgacha bo‘lgan hududlarda, asosan, Antarktidada yashaydi.

Pingvinning suyaklari boshqa qushlarning suyagiga nisbatan ancha zichdir. Bu esa uning suv ostiga sho‘ng‘ib, u yerda uzoq vaqt tura olishiga imkon beradi.

 

 

Odatda pingvinlar ovqat izlab ancha uzoq masofalarga suzib borsa ham, yana aylanib oldingi iniga qaytib keladi.

Pingvinlar boshoyoqli mollyuskalar, qisqichbaqasimonlar va mayda baliqlar bilan oziqlanadi.  

Pingvinlar ichida eng kattasi imperator pingvini bo‘lib, uning balandligi 1 metrdan oshadi.

 

 

Pingvinlar dengizda soatiga 8-9 kilometr tezlikda suzadi.

Tarixda o‘tgan eng katta pingvinning balandiligi 1 yarim metr, og‘irligi 91 kg bo‘lgan.  

Pingvinlarda tishlar yo‘q. Ammo buning o‘rniga ularning tili va tomog‘i tikanli tuzilishga ega bo‘lib, u taomni tutib qoladi, og‘zidan tashqariga sirpanib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Pingvinlar o‘rtacha 15-20 yil umr ko‘radi.

Har bir pingvinni o‘ziga xos ovozi bo‘lib, ular bir-birlarini ovozlari orqali tanib oladilar.

Pingvinlar dengizning sho‘r suvini icha oladi. Ularda maxsus bez mavjud bo‘lib, uning vazifasi suyuqlikni filtrlash, ortiqcha tuzlarni tashqariga uloqtirishdan iborat.

 

 

Barcha pingvinlar umrining 75-80 foizini dengizda o‘tkazadi. Lekin juftlashish mavsumida quruqlikka chiqadi. Tuxumlarini ham yerga qo‘yadi. Tuxumlarni erkak va urg‘ochi pingvinlar navbati bilan bosib o‘tirishadi. Ular o‘zlari bosib turgan tuxumni isitish uchun qornidagi teri burma bilan o‘rab, 65 kun davomida o‘tirishadi.

Imperator pingvinlari faqat bitta tuxum qo‘yadi. Qolganlari esa ikkitadan tuxum qo‘yishadi.

Pingvinlar dengizdan quruqlikka sakrashni mohirlik bilan uddalashadi. Imperator pingvinlari suvdan quruqlikka sakrayotganda 180 santimetr balandlikkacha sakrashi mumkin.

 

 

Ba’zi pingvinlar 100 metr chuqurlikkacha, imperator pingvinlari esa 500 metrgacha sho‘ng‘ishi mumkin.

Pingvinlar ko‘payish mavsumida faqat bitta urg‘ochi pingvin bilan juftlashadi. Imperator pingvinlar esa umr bo‘yi bitta jufti bilan yashaydi.

Pingvinlarning ayrim turlarida juftlashish oldidan bir voqea sodir bo‘ladi. Erkak pingvin urg‘ochi pingvinning ko‘nglini olish uchun unga hadya sifatida katta toshni oldiga surib qo‘yadi.

Bir necha asr oldin dengizchilar tomonidan pingvinlar go‘shti va yog‘i uchun ovlangan. Hozirgi kunda ularning ko‘p turlari Xalqaro qizil kitobga kiritilgan.

Ma’lumki, pingvinlar minus 40 daraja sovuqda yashaydi. Lekin nega muzlab qolmaydi? Hatto tanasidagi kichik bir hududda ham muzlash, qotib qolish jarayoni yuz bermaydi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida shu masalada tadqiqot o‘tkazildi. Olimlarning xulosalariga ko‘ra, pingvinning terisida mayda teshikchalari bo‘lib, har bir teshikchada yog‘ to‘planadi. Ushbu yog‘ uning butun tanasini o‘rab oladi. Pingvin bu yog‘ orqali tanasini tozalaydi. Mana shu yog‘ natijasida pingvinning tanasi suv bilan namlanmaydi. Tanaga suv yuqmagani uchun muzlamaydi.

 

 

Havo juda sovib ketsa, pingvinlar jamoasi bir joyga to‘planib, yosh pingvinchalarni o‘rtaga olib, bir-birlari bilan siqilib turishadi. Natijada jamoaning o‘rtasida iliq havo yuzaga keladi. Ular shu alfozda havoning sovuqligi biroz pasayib, izg‘irin bosilguncha turishadi. Jamoaning chetida turgan pingvinlar sovuq havoda qiynalmasliklari uchun asta yurib ichkariga – iliq havo aylanib turgan markazga kirishga urinadilar. Shu tarzda hamma pingvinlar navbati bilan iliq havodan bahramand bo‘lib, sovuq havo oqimini talafotsiz o‘tkazadilar.

Kaliforniya universitetining professorlari pingvin tanasining muzlamasligi borasida maxsus tekshirish o‘tkazdilar.

Pingvin ajoyib tuzilishga ega jonzotdir. Uning tanasidagi yog‘ tananing suv bilan namlanishining oldini olib, tana ichiga sovuq havo kirishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada u dengizda suzib, quruqlikka chiqsa ham tanasida suvning muzlashi sodir bo‘lmaydi.

Endi savol tug‘iladi: “Ushbu ajoyib tuzilish o‘z-o‘zidan bo‘lib qolganmi yoki Buyuk Xoliq tomonidan aniq hisob-kitob bilan yaratilganmi?”

Bu savolga ushbu oyat bilan javob beramiz:

 صُنْعَ اللَّهِ الَّذِي أَتْقَنَ كُلَّ شَيْءٍ إِنَّهُ خَبِيرٌ بِمَا تَفْعَلُونَ

“Bu har bir narsani puxta qiladigan Allohning san’atidir. Albatta, u nima qilayotganingizdan xabardordir” (Naml surasi, 88-oyat).

Subhanalloh! 

 

Internet ma’lumotlari va Abduddoim Kahel maqolasi asosida

Nozimjon Iminjonov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Telefon”ga aylanib qolsam edi...

03.06.2026   5957   3 min.
“Telefon”ga aylanib qolsam edi...

Ibratli hikoyalar

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

 

Hikoyamiz maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan ayol haqida. Uning turmush o‘rtog‘i fabrikada ishlaydigan juda band inson edi. Uning kunduzi ham, kechasi ham deyarli bo‘sh vaqti bo‘lmasdi.

Kunlarning birida o‘qituvchi o‘quvchilariga o‘z orzulari haqida insho yozish vazifasini berdi. Bolalar insho yozishga kirishdilar. Dars tugagach, ustoz barcha insholarni yig‘ib olib, baholash uchun uyiga olib ketdi.

O‘qituvchi insholarni birin-ketin o‘qib chiqar ekan, to‘satdan bir inshoga ko‘zi tushib, qattiq yig‘lab yubordi. Shu payt eri xonaga shoshilib kirib:

— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi.

Ayol:

— Mana shu inshoni o‘qiganim uchun yig‘layapman, — dedi.

— Nega? Insho nima haqida ekan? Qani, bir ko‘raychi.

— Sizga o‘qib beraymi?

— Mayli, o‘qing.

— Bir bolaning orzusi telefon bo‘lish ekan.

— Nima?!

— Ha, u shunday deb yozibdi: «Telefon bo‘lishni xohlayman».

Ayol inshoni o‘qishda davom etdi:

«Allohim, meni telefonga aylantirib qo‘y. Shunda butun oilam — ota-onam, aka-ukalarim va opa-singillarim menga e’tibor berishadi.

Allohim, meni telefonga aylantir. Chunki otam ishdan uyga kelganda menga qaramaydilar, ammo telefondan boshlarini ko‘tarmaydilar. Soatlab videolar tomosha qiladilar.

Allohim, meni telefonga aylantir. Shunda onam uyga kelganlarida menga baqirmaydilar. Axir telefon bilan kulib, mamnun bo‘lib vaqt o‘tkazadilar-ku!

Allohim, meni telefonga aylantir. Toki telefonning o‘rnini men egallay.

Allohim, men ko‘p narsa so‘ramayman. Faqat oilam atrofimda to‘planishi uchun telefon bo‘lishni xohlayman, xolos».

Ota ayolining yig‘layotganini ko‘rib:

— Qanday bechora bola ekan! Uning ota-onasi juda ham beparvo ko‘rinadi, — dedi.

Bu gapni eshitgan ayol yanada qattiqroq yig‘lay boshladi.

Eri hayron bo‘lib:

— Nega yana yig‘layapsiz? — deb so‘radi.

Ayol ko‘z yoshlari ichida javob berdi:

— O‘g‘limiz mening sinfimda o‘qishini va men uning o‘qituvchisi ekanimni unutdingizmi? Bu inshoni sizning o‘g‘lingiz yozgan...

Hurmatli ota-onalar!

Iltimos, farzandlaringizga vaqt ajrating. Hech qachon ularni his-tuyg‘ulardan mahrum deb o‘ylamang. Bolalar juda ta’sirchan bo‘ladilar. Ular hatto eng kichik narsalarga ham e’tibor beradilar.

Farzandingizning yuzidagi umid va quvonch tabassumini ko‘rishni xohlaysizmi? Bu siz ularga qancha pul berganingizda yoki qanday o‘yinchoq, velosiped olib berganingizda emas. Balki ularga ko‘rsatadigan mehringiz, e’tiboringiz va ajratadigan vaqtingizdadir.


Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir”, deganlar.

Davron NURMUHAMMAD