Bir yigit to‘planib turgan odamlar yoniga borib, bor ovozda baqira boshladi: “Bizga shunday kunlarni nasib qilgan, rizqimizni mo‘l, yo‘limizni yorug‘, tanimizni sog‘ qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin!”.
Bir zumda yig‘ilib turgan odamlarning barchasi yigitga jo‘r bo‘ldi. Hammayoqni “Shukr! Ming shukr!” degan sadolar tutib ketdi.
Ammo g‘amga botib o‘tirgan uch nafar kishigina bu xitobga jo‘r bo‘lmadi. Buni ko‘rgan yigit esa darhol ularning yoniga oshiqdi va ulardan buning sababini so‘radi.
- Sharoitim og‘ir! Farzandim to‘yib ovqatlana olmaydi! Boshqa bolalardek istaganicha o‘yna olmaydi! Endi menga aytingchi, qanday qilib tilimdan shukr degan so‘z yangrashi mumkin?! dedi g‘amga botib o‘tirgan birinchi kishi.
- Farzandim kasal. Uning g‘amgin yuzlariga tikilsam, yuragim og‘rib ketadi! Qanday qilib shukr deya ayta olaman?! dedi ikkinchi bir g‘amga botgan.
- Mening esa farzandim vafot etdi! Uning jonsiz qo‘llaridan ushlar ekanman, o‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman! Endi men nima uchun shukr deyishim kerak?! deb yig‘lab yubordi uchinchisi.
Ularning dardini tinglagan yigit bunday dedi:
- Birodar, oldingizdagi odamga qarang, farzandi kasal ekan! Garchi o‘ynab kulmasada, dilbandingizning sog‘lom ekaniga shukr qiling! - dedi birinchisiga.
- Farzandingiz kasal ekan, hamdardman! Ammo oldingizdagi kishiga qarang! Bechora farzandidan judo bo‘libdi! Garchi kasal bo‘lsada, farzandingizning tirik ekaniga shukr qiling! - dedi farzandi kasal yotgan ikkinchi kishiga.
- Menchi?! Men nimaga shukr qilay axir?! - dedi farzandidan ayrilgan uchinchi kishi.
Yigit uning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi-da, ko‘z yoshlarini artib, dedi:
- Farzandingiz o‘tgan bo‘lsada, boshqa yaqinlaringiz tirik ekaniga shukronalar keltiring! Butun yaqinlarim, barcha qarindoshlarim dahshatli sel oqibatida halok bo‘ldilar!...
Sherzod HAYDARBЕKOV
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati