Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan, sizning (saodatga yetishingizga) tashna, mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi” (Tavba surasi, 128-oyat).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni asosiy sifatlaridan bir nechtasini zikr qilib, u zotni yanada yaxshiroq tanishimiz uchun xitob qilyapti.
1) Batahqiq, sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan.... ya’ni, o‘z ichingizdan chiqqan, ko‘z oldingizda ulg‘aygan, xuddi sizlar kabi inson farzandidan bo‘lgan, sizlar kabi yeb-ichadigan, uxlab dam oladigan, bozorlarda yuradigan, xursandchilik va mashaqqat ta’mini biladigan, barcha insoniy hislatlarga ega bo‘lgan kishini Payg‘ambar qilib yubordik.
Darhaqiqat, Alloh taolo insonlarni ogohlantirish va haqqa chaqirish uchun yer yuziga qancha Payg‘ambar yuborgan bo‘lsa, ularning barchasini shu insonlarning jinsidan tanlab olgan. Bu ham behikmat emas, albatta. Chunki Payg‘ambarlar insonlarni haqqa da’vat qiladigan kishilardir. Haq esa har bir davrda kishilarga og‘ir va mashaqqatga o‘xshab ko‘rinadi. Agar Payg‘ambar farishtalar yoki inson jinsidan boshqa bo‘lgan maxluqotlardan bo‘lganda, da’vatga ijobat etishdan bosh tortganlar o‘zlariga yana bahonalar topishib: “Albatta, bu Payg‘ambar biz kabi odam emas. Uning toqati yetgan narsaga bizning toqatimiz yetmaydi”, degan gaplarga o‘xshash bahonalar topardilar.
Shuning uchun Alloh taolo bunday bahonalarga uzr qoldirmaslik uchun barcha Payg‘ambarlarni, xususan Muhammad alayhissalomni ham inson farzandidan tanlab oldi. Biroq, hidoyatdan bosh tortgan kishilar o‘zlariga tasalli berish uchun boshqa bir bahonani topdilar. “Ular: “Bu ne Payg‘ambarki, taom yeb, bozorda yuradir?! Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan ogohlantiruvchi bo‘lar edi” (Furqon surasi, 7-oyat) dedilar.
Alloh taolo ularning bu so‘zlarini behudaligini bildirib Muhammad alayhissalomga bunday xitob qildi: “Biz sendan oldin yuborgan Payg‘ambarlarimiz ham, albatta, taom yer va bozorlarda yurar edilar. Ba’zilaringizni ba’zilaringizga sinov qildik. Sabr qilasizlarmikin?! Bizga uchrashdan umidsiz bo‘lganlar, bizga farishtalar tushirilsa yoki, Robbimizni ko‘rsak edi, derlar. Batahqiq, ular o‘zlaridan ketdilar va katta tug‘yon-la tug‘yon qildilar” (Furqon surasi, 20-21 – oyatlar).
Aslida, hidoyatga kelishni istaganlar uchun Payg‘ambarning qaysi jins vakilidan bo‘lishi yoki kim bo‘lishi muhim emas edi. Biroq, havoyi nafsiga qattiq bog‘lanib qolgan bu kimsalar bahona izlardilar xolos. Biz bilmagan narsalarni biluvchi Robbimiz barcha Payg‘ambarlar qatorida Muhammad alayhissalomni ham xuddi biz kabi inson farzandidan tanladi. Bu haqda Qur’oni karimning boshqa oyatida bunday deyiladi: "Sen: "Men ham sizlarga o‘xshagan basharman...." deb ayt”, deyiladi (Kahf surasi, 110-oyat)
2) ...sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og‘ir bo‘lgan,... ya’ni, sizlarning dunyo va oxirat hayotidagi mashshaqqatingiz, qiyinchilikingiz uning ham qalbiga hafalik kiritadigan Rasul keldi.
Bu sifat ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning naqadar g‘amxo‘r zot bo‘lganlarini bildiradi. U zot insonlarni dunyoda ham, qabrda ham, oxiratda ham mashaqqat chekmasligini chin dildan istar edilar. U zotning har bir amallari, gap-so‘zlari, hattoki, ibodatlari ham yengillik asosida edi. Yengillik u zotning sunnatlaridan edi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Uch kishidan iborat guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari uylariga u zotning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda ular: “Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning avvalgi va oxirgi gunohlari mag‘firat qilingan”, dedilar. Ulardan biri: “Men tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman”, dedi. Boshqasi esa: “Men doimo ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman”, dedi. Yana boshqa biri: “Men ayollardan chetlanaman, abadul-abad uylanmayman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldiga kelib: “Shundoq, shundoq, degan sizlarmi?! Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchi va eng taqvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ham ochiq bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, dyedilar (Muttafaqun alayh).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga yoki odamlarga mashaqqat bo‘lmaganida, har bir namozda misvok ishlatishni buyurar edim”, dedilar. (Muttafaqun alayh)
Taroveh namozi haqidagi voqeani eslaylik. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechalarning birida masjidda namoz o‘qidilar. Odamlar ham u zotga qo‘shilib namoz o‘qishdi. Kelgusi kuni ham namoz o‘qigandilar, odamlar ko‘payib ketdi. So‘ngra odamlar uchinchi yoki to‘rtinchi kuni ham to‘plandilar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning huzuriga chiqmadilar. Tong otganida u zot: “Sizlar bajargan narsani ko‘rdim. (taroveh) namozi farz bo‘lib qolishidan xavotirga tushganim meni sizlarning oldingizga chiqishdan man qilib qo‘ydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlariga nazar solsak, bunday voqealarning ko‘pini ko‘rishimiz mumkin. U zot ummatlariga mashaqqat bo‘lib qolishidan cho‘chib o‘zlari uchun yaxshi ko‘rgan amallarini tark qilganlar. Insonlarni ibodatda mashaqqatga tushishligiga rozi bo‘lmagan zot hargiz dunyo va oxirat hayotida mashaqqat chekishlariga rozi bo‘lmaydilar.
3) ...sizning (saodatga yetishingizga) tashna, ya’ni, sizlarni oxiratdagi alamli azoblardan qutulib, abadiy saodat bo‘lgan jannatga, undagi behisob ne’matlarga, Alloh taoloning roziligiga, diydoriga yetishingiz uchun, nihoyatda haris bo‘lgan Nabiy keldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta maqsadlari insonlarni abadiy saodatga yetishlari, dunyo va oxirat xorligidan omonda bo‘lishi edi.
Kunlarning birida u zot bunday dedilar: “Men bilan sizlarning holatingizni bir misol bilan tushuntiray. Bir kishi kechqurun o‘t yoqdi. Alanga balandlab tevarakni yoritgach, atrofdagi parvonalar va har xil hashorotlar o‘zlarini alangaga ura boshladi. Haligi kishi ularni qutqarish uchun alangadan uzoqlashtirishga urinadi, lekin ular alangaga kirish uchun tirishishadi va kishidan ustun kelishadi... Men-u sizlarning misolingiz mana shudir. Men sizlarning kamarlaringizga yopishib alangadan uzoqlashtirish uchun: " Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!... Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!... deyman, sizlar bo‘lsalaring, mendan ustun kelib, qo‘limdan chiqib ketyapsizlar va alangaga sho‘ng‘iyapsizlar" (Saodat asri qissalari, 4-kitob. Ahmad Lutfiy)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yigirma uch yil davomida insonlarni Allohning Kalomi ila ogohlantirib, “Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!”... deya chorlagan bo‘lsalar, u zot vafotlaridan so‘ng ham to qiyomatga qadar o‘z sunnatlari va hadislari ila jannat sari, abadiy saodat sari chorlayveradilar.
4) ...mo‘minlarga marhamatli, mehribon bo‘lgan Payg‘ambar keldi. Bu oyatni esa ortiqcha sharxlashga hojat yo‘q. U zotning mehribonliklari butun olamlarga edi. Bu olamda yashab turgan inson farzandidan tortib kichik bir xashoratlargacha, hayvonlarga-yu nabototlarga mehribon edilar. U zot nafaqat tiriklarga, balki o‘liklarga ham marhamat qilardilar. U zot hattoki kofirni o‘ligini tahqirlashga ham ruxsat bermasdilar. U zot hayvonlarni yuziga urishdan, ularni ermak uchun boqishdan, ularga ozor berishdan qaytarar edilar. Xossatan musulmonlarga nisbatan nihoyatda mehribon va marhamatli edilar. U zot musulmonni ranjitishni, uni yomon ko‘rishni, g‘iybat qilishni, moliga va joniga, obro‘siga ham tajovuz qilishdan qaytarardilar. U zotning mehribonliklari shu qadar ediki, hattoki, vafot etib ketgan odamni ortidan yomon gap gapirishga ruxsat bermagandilar.
U zot haqida gapirish maroqli. U zotni eslash insonga huzur beradi. U zotni ta’riflash uchun esa na qog‘ozimiz va na siyohimiz yetadi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ta’riflarini, tavsiflarini Robbimizning O‘zi keltirgan. Bizni esa u zotni yaxshi ko‘rishga buyurgan. U zotni yaxshi ko‘rishning alomati esa faqatgina u kishiga ergashishlik, u zot yaxshi ko‘rgan narsalarni yaxshi ko‘rib, u zot yomon ko‘rgan narsalardan chetlanishlik bilan bo‘ladi. Bundan boshqasi esa yolg‘on muhabbat, oddiy da’vo bo‘ladi, xolos. Ulamolar aytganlaridek: “Habibing yoqtirmagan narsani yaxshi ko‘rishing muhabbating rost emasligini bildiradi”.
Alloh taolo barchamizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘lish baxtini nasib qilsin. Garchi u zotni bu dunyoda ko‘rish nasib qilmagan bo‘lsa-da, abadiy hayotda birga bo‘lishdek ne’mat bilan siylasin. Omin.
Yorbek ISLOMOV
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi.
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati