Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning avvalgiyu oxirgi gunohlari kechirilgan bo‘lishiga qaramay, u zot sollallohu alayhi vasallam goh Alloh taolodan qo‘rqib, gohida esa ummatlari uchun rahmat va shavqatdan yig‘lardilar. Ba’zi hollar Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning muborak ko‘z yoshlari oqishiga sabab bo‘lardi.
Yo Alloh! Ummatim, ummatim
Abdulloh ibn Mas'hud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Qur’ondan qiroat qil!”, dedilar. “Sizga nozil bo‘la turib, men o‘qiymi?”, dedim. U zot “Ha”, dedilar. “Niso surasidan tilovat qila boshladim va “Har bir ummatdan (o‘z payg‘ambarini) guvoh sifatida keltirganimizda va Sizni (ey, Muhammad!) ularga guvoh qilib keltirganimizda, (ularning holi) ne kechur?!” oyatiga yetganimda u zotga qarasam, yig‘layotgan ekanlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Ey Robbim, albatta u(sanam)lar odamlardan ko‘pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir» va «Agar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring. Agar ularni mag‘firat qiladigan bo‘lsang, bas, albatta, Sening O‘zing g‘olib va Hikmatli Zotdirsan» oyatlarini tilovat qildilar va ikki qo‘llarini ko‘tarib: “Yo Alloh! Ummatim, ummatim!”, deb yig‘ladilar!”
Shunda Alloh azza va jalla aytdi: “Ey Jabroil! Muhammadga bor, holbuki Robbing biluvchiroqdir, undan, seni nima yig‘latdi, deb so‘ra”, deb amr qildi. Bas, Jabroil alayhissalom u zotning oldiga kelib, Alloh taologa u zotning aytgan gaplari xabarini berdi. Holbuki, U bilivchiroqdir. Alloh taolo esa: “Ey Jabroil! Muhammadga bor va unga, albatta seni ummating borasida rozi qilamiz”, deb ayt, dedi”.
Birodarlarimni sog‘indim
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. Buni ko‘rgan sahobalar: “Yo Rasululloh! Sizni nima yig‘latdi?”, deb so‘rashdi. U zot esa: “Birodarlarimni sog‘indim!”, deb javob berdilar. Sahobalar: “Bizlar birodarlaringiz emasmizmi, yo Rasululloh?”, deyishdi. Shunda u zot alayhissalom: “Yo‘q. Sizlar as'hoblarimsiz. Birodarlarim mendan keyin keladilar, meni ko‘rmasdan turib menga imon keltiradilar!”, dedilar.
Albatta ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi
Anas ibn Molik roziyallohu aytadilar: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Abu Sayfning oldiga bordik u Ibrohim alayhissalomning enagasi edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ibrohimni qo‘llariga oldilar va uni o‘pib, hidladilar. So‘ng biz uning oldiga kirdik. Ibrohim jon berayotgan edi. Rasululloh yig‘lay boshladilar. Shunda Abdurrahmon ibn Avf: “Yo Rasululloh, yig‘layapsizmi?!”, deb so‘radi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu rahmatdir ey ibn Avf”, dedilar va yana: “Albatta ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi lekin biz faqatgina Robbimiz rozi bo‘ladigan gaplarni aytamiz! Biz sening firoqingdan mahzunmiz, ey Ibrohim!”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Badaviy bilan suxbat
Yo Allohning rasuli, men ham hisobkitob qilinamanmi?! deb so‘radi sahroyi kishi.
– Ha, agar xohlasa, hisobkitob qiladi.
– O‘zining izzati va ulug‘ligiga qasam, agar mendan hisob so‘rasa, men ham so‘rayman, – dedi u.
– Rabbingdan nimani so‘raysan? – dedilar Payg‘ambarimiz (alayhissalom).
– Agar Rabbim mening gunohimdan so‘rasa, men Uning mag‘firatini so‘rayman. Agar osiyligimdan so‘rasa, men Uning afvini so‘rayman. Agar mening baxilligimdan so‘rasa, men Uning saxovatini so‘rayman! – dedi sahroyi kishi.
Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yig‘lay boshladilar, hatto soqollari ho‘l bo‘lib ketdi.
Shunda Jabroil (alayhissalom) xabar keltirdi:
– Ey Muhammad (alayhissalom)! Alloh Sizga salom aytdi. Yig‘ini to‘xtating! Arshga muakkil farishtalar tasbeh aytib chalg‘ib ketishmoqda. Sahroyi kishiga ayting: U sizning jannatdagi rafiqingiz bo‘lgay!
Jaholat gunohlari kechirilgandir
Vaziyn roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Bir odam Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi va so‘zlay boshladi: "Yo Rasululloh! Biz jaholat ahli edik. Butlarga sig‘inar edik. Qizlarimizni tiriklay ko‘mar edik. Mening bir qizim bor edi. Gapga tushunib, chaqirsa, javob beradigan bo‘lib qolgan edi.
Bir kuni yonimga chaqirib, orqamdan ergashtirdim. Oilam va ahlimdan uzoq bo‘lmagan bir quduq yoniga boshlab bordim. Keyin sevimli qizimning qo‘lidan tortib, quduq ichiga otib yubordim. Uning so‘nggi so‘zlari "Otajon, otajonim!" deb qolishi bo‘ldi".
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘lay boshladilar. Uzoq yig‘ladilar. Atroflarida o‘tirganlardan biri haligi odamga: "Sen Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni g‘amgin qilding!" dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Unga tegmanglar! U o‘zi uchun muhim bir narsa haqida so‘ramoqchi", - dedilar. Keyin boyagi odamga qarab: - "Voqeani qaytadan aytib ber!" dedilar. U odam yana bir bor so‘zlab berdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana yig‘lay boshladilar. hatto ko‘z yoshlari soqollarini ho‘l qilib yubordi. Keyin bunday dedilar: "Alloh taolo johiliyat zamonida qilingan barcha gunohlarni kechirdi. Sen amalingni boshqatdan boshla!" (Imom Dorimiy).
Sizni qutqara olmayman
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Yaqin qarindoshlaringizni (Alloh azobidan) ogohlantiring!” (Shuaro surasi, 214- oyat) nozil bo‘lganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar. So‘ngra qizlari Fotima roziyallohu anhoga qarab: "Ey Muhammadning qizi Fotima! Nafsingni jahannam olovidan qutqar! Alloh huzuridagi hech bir azobdan sizlarni qutqara olmayman. Faqat sizlarga yaqinligim bor, tez orada bu yaqinlikdan so‘ralaman!" dedilar.
Hozirlik ko‘ring
Barro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qazilayotgan qabr yonidan o‘tdilar. U zot alayhissalom yig‘ladilar. Hatto ko‘z yoshlari tomchilab tuproqni ho‘l qilmoqda edi. So‘ngra bizga qarab: "Ey birodarlarim! Shunday bir kun uchun hozirlik ko‘ring!" dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da: “Qurbonlik (arabcha so‘z)-qurbonlik; qurbon berish, fido qilish. Xudo yo‘lida qurbonlikka so‘yilgan yoki so‘yiladigan jonliq” deb izohlanadi.
“Qurbonlik” so‘zining istilohiy ma’nosi esa Alloh taologa qurbat, yaqinlik hosil qilish uchun so‘yiladigan jonliqdir.
Barchamizga ma’lumki, Islom dinida qurbonlik qilish vojib amaldir.
Alloh taolo “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” deydi. ( Kavsar surasi, 2-oyat).
Ushbu suraning tafsirida: “Kavsarni tafsirchilarimiz “ko‘p yaxshilik” deb aytishlari. bu esa payg‘ambarlik, Qur’on, hikmat, ummatning ko‘pligi, shafoat va Payg‘ambarimizga berilgan boshqa son-sanoqsiz yaxshiliklardan iboratdir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir” ( Imom Abu Dovud rivoyati).
Albatta, qurbonlik qilishda Alloh taologa xolis e’tiqod bilan Uning amrini bajarib, roziligini qo‘lga kiritishni maqsad qilamiz. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli U zotni ulug‘lashlaringiz uchun ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” ( Haj surasi, 37-oyat).
Mana sanoqli kunlardan so‘ng Qurbon oyi ham kirib keladi. Bu oyda har birimiz Alloh uchun qurbonlik qilishni niyat qilib turibmiz. Alloh taolo niyat qilib turgan qurbonliklarimizni O‘z dargohida qabul aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi