Hadisi sharif Islom dinining Qur’oni karimdan keyingi asosi hisoblanadi. Hadis ilmini mukammal o‘rganish Islom diniga bid’at-xurofotlar kirishidan himoya qiladi. Bu ilm bo‘lmasa, hadislarning sahih va to‘qimalari aralashib ketadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va boshqalarning so‘zlari farqlanmay qoladi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim menga qasddan yolg‘on to‘qisa, o‘z joyini do‘zaxdan tayyorlasin»,- deganlar (Imom Buxoriy). Bu esa muqaddas Islom dini sofligiga salbiy ta’sir qiladi. Shuning uchun hadis ilmini to‘liq va mukammal o‘rganish lozim bo‘ladi.
Yurtimizda barcha sohalar kabi diniy-ma’rifiy sohada ham ulkan islohotlar bo‘lmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Azal-azaldan Islom dini ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan diyorimizda musulmonlar uchun yana bir quvonchli xabar parvoz qila boshladi. Bu Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan asos solingan Hadis ilmi maktabining ochilishidir. Imom Buxoriy va Imom Termiziylarni yetishtirgan bu o‘lkadan yana ko‘plab dunyoga ustoz bo‘ladigan ulamolar yetishib chiqishiga aslo shubha yo‘q. Ushbu maktabning “Hadis ilmi sultoni”atalmish Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi mangu qo‘nim topgan diyorda bunyod etilishi ham bu dargohda ilm oluvchilarga o‘zgacha bir kuch va g‘ayrat baxsh etsa ajab emas. Ma’rifatga oshifta xalqimiz, hadis ilmiga chanqoq bo‘lib turgan paytda, bu bilim dargohi tashna qalblarni qondirgan zilol suvdek halovat baxsh etdi desak ayni haqiqat bo‘ladi. Har qanday farzand ham ota-bobosi bajargan ishni qilishga, ularning izidan borishga moyil bo‘ladi. Yoshlarimizdan kelajakda butun dunyoga mashhur olimlar yetishib chiqishiga hech shubha yo‘q. Chunki bizning avlodlar tomirlarida butun jahonga O‘zbek ilmini taratgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarning qoni jo‘shib oqmoqda. Aynan shu xususiyatlarni o‘z vaqtida payqab, ilm eshiklarini keng ochayotgan yurtboshimizning bunday xayrli ishlariga tasannolar bo‘lsin! Ha, bu diyorning farzandlari azaldan dunyoga ustozlik qilib kelgan, shunday ekan bu odat davom etishdan to‘xtamaydi.
Bu ulug‘ yurtdan ko‘plab Buxoriylar, Termiziylar chiqadi. Negaki, bu millatning oqil va dono yo‘lboshchisi xalqiga nurafshon yo‘lni ko‘rsatib, ilm bulog‘iga chorlab turibdi, o‘sha ilmning sharqiroq anhorlaridan yana biri bu - Samarqandda ochilgan hadis ilmi maktabidir. Hadis ilmi bo‘yicha dunyoning eng yirik ulamolaridan biri Shayx Muhammad Avvoma bunday deydi: «O‘zbekistondan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi allomalarning Islom ilmlariga qo‘shgan buyuk hissasini butun dunyo e’tirof etadi. Bu diyor dunyo mamlakatlariini yoritgan olamga nur taratgan zamin hisoblanadi. Jadal rivojlanib borayotgan O‘zbekistonda adolatli rahbar boshchiligida insonlar farovonligi, ularning to‘kin hayoti yo‘lida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozir O‘zbekiston katta taraqqiyot yo‘lida. Ishonamanki, ushbu mamlakatning kelajagi buyuk bo‘ladi, inshaalloh».
Barcha-barcha Islom shaydolari, hadis ilmi oshiftalariga bu yangi va nurafshon dargoh muborak bo‘lsin!
Ziyouddin MIRSODIQOV,
«Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi