Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Aprel, 2026   |   25 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:28
Asr
17:05
Shom
19:06
Xufton
20:22
Bismillah
14 Aprel, 2026, 25 Shavvol, 1447

Taomni tik turib yemaylik!

29.10.2018   6716   5 min.
Taomni tik turib yemaylik!

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan taomlanish odobiga doir ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Ana shunday odoblardan biri taomni tik turib emas, o‘tirib yeyishdir.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam tik turib suv ichishdan qaytardilar. Shunda: “Taom yeyish-chi?”, deyildi. “U yana ham og‘irroq”, dedilar Imom Termiziy va Imom Muslim rivoyati. Muslimning lafzida: «U yana ham yomonroq yoki chirkinroq», deyilgan.

Demak, tik turib taom yoki ichimlik tanovul qilish joiz emas. Chunki, tik turganda odam to‘liq rohat holida bo‘lmaydi. Shuning uchun yegani va ichgani ham yaxshiroq foyda bermaydi. Buning ustiga tik turib yeb-ichganda ovqatlar to‘kilishi, isrof bo‘lishi ham bor. Agar mutaxassislar bu holatni yaxshilab o‘rgansalar, albatta, boshqa zararlari ham chiqishi turgan gap. Umuman, Islom madaniyatida o‘zini bilgan odam tik turib na taom yeydi, na ichimlik tanovul qiladi.

Ha, azizlar, Dinimiz ko‘rsatgan odob shu. Tik turgan holda taom yeyilmaydi va ichimlik ichilmaydi (faqat zamzam tik turgan holda, qiblaga yuzlanib ichiladi). Zamonaviy tibbiyot ham tik turgan holda shoshilib ovqatlanish taomning yaxshi hazm bo‘lmasligi va semirib ketish sabablaridan ekanini aniqladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib zamzamdan ichdilar». Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan va Termiziyning lafzida: «Zamzamdan undagi chelakdan, tik turgan holda ichdilar», deyilgan. Shuning uchun ham hozirgacha, zamzam ichish odoblari haqida so‘z ketganda ushbu hadisi sharifga amal qilish tavsiya qilinadi.

Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyatida: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar», deyilgan. Muslim rivoyatida esa: «Sizdan birortangiz ham tik turib ichmasin. Kim unutgan bo‘lsa, qusib yuborsin», deyilgan.

Amr ibn Shuaybdan, u otasidan, u bobosidan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamni tik turib ham, o‘tirib ham ichayotganlarini ko‘rdim». Termiziy rivoyat qilgan.

Ulamolar ichimlikni tik turib yoki o‘tirib ichish haqida kelgan rivoyatlarning hammasini jamlab, taqqoslab, boshqa sabablarini ham topib o‘rganib chiqqanlaridan keyin o‘tirib ichish mustahabdir, tik turib ichish esa, ba’zi vaqtlarda joizdir, deganlar.

Doktor Abdurrazzoq Kayloniy shunday deydi: “O‘tirib taom yeyish va ichimlik ichish sog‘liqqa foydaliroq, to‘g‘riroq, yengilroqdir. Bunda tanovul qilingan narsa va ichimlik oshqozon devorlariga ohistalik va muloyimlik bilan yetib boradi. Ammo tik turib ichish suyuqlikning oshqozon tubiga qo‘pol tarzda bosim bilan tushishishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayonning takrorlanishi esa me’daning zaiflashib, pastga osilib qolishiga, shuningdek, hazm ishini og‘irlashtiradigan boshqa ko‘ngilsizliklarga olib keladi”.

«Ummu Fazl roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bir qadah sut yubordi. U zot Arafotda tik turgan edilar. Bas, uni olib ichdilar». Buxoriy rivoyat qilgan. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘tirish imkonsiz bo‘lgan o‘rinlarda, masalan, haj mavsumida odamlar ko‘p bo‘lib, izdihom katta bo‘lganda suvni tik turib ichganlar. Ammo bu hol davomiy emas, gohida bo‘lardi. Shuningdek, yurib keta turib ham taom yeyish sog‘likka zarar. Qolaversa, bu ish odobsizlik hisoblanadi.  

Doktor Ibrohim Roviyning aytishicha, inson tik turganda a’zolari tarang holatda bo‘ladi. Taomlarning hazmi oson bo‘lishi uchun esa jism xotirjam, a’zolar bo‘sh holatda turishi kerak. Inson bunday xotirjamlikka o‘tirgan paytda erishadi. Ana shunda hazm qilish organlari taomni qabul qilishga qulay holga keladi.

Doktor Roviy yana shuni qo‘shimcha qiladiki, tik turganda taom yeb, suv ichish oshqozon ichki devorlari bo‘ylab tarqalgan asablarning kuchli refleksiga olib keladi. Agar ushbu asab reflekslari tez va to‘satdan sodir bo‘lsa, neyrotoksikozning xatarli uchquni boshlanishiga, bu uchqun yurakka salbiy ta’sir qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu jarayonlarni boshidan o‘tkazayotgan odam o‘sha onda hushidan ketishi yoki vafot etishi mumkin.

Shuningdek, tik turib taomlanishga va ichimlik ichishga odatlanish oshqozon ichki devorlarining salomatligiga futur yetkazib, yaralar paydo bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin.   

Ha, qadrdonlar, har bir ishda bo‘lganidek, ovqatlanish borasida ham Dinimiz ta’limotlariga amal qilib, taomni o‘tirib, shoshmasdan yesak, ichimlikni ham o‘tirib ichsak, dunyo va oxirat yaxshiliklariga erishamiz. Dunyoda salomat bo‘lib, oxiratda ulkan ajru mukofotlarga sazovor bo‘lamiz.

 

 

“Hadis va Hayot” kitobi va internet ma’lumotlari

asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz....

13.04.2026   4828   3 min.
Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz....

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuda namoz arkonlarini o‘rniga qo‘yib, chiroyli o‘qigan qullarini ozod etish odati bor edi. Xojalarining bunday fe’lini bilgan qullari xo‘jako‘rsinga chiroyli namoz o‘qirdilar. Hazrati Abdulloh roziyallohu anhu esalar  ularni  ozod  etardilar. Bu  haqda  kimdir u zot roziyallohu anhuga buni eslatganida: “Modomiki, kimdir Allohning diniga aloqador narsada meni aldamoqchi ekan, marhamat, men aldanishga tayyorman!” – deb javob beribdilar.

2. Axnaf ibn Qays[1] quddisa sirruhudan:

– Xushxulqlikni kimdan o‘rgandingiz? – deya so‘rashganda u zot quddisa sirruhu:

– Qays ibn Osim an-Naqriy quddisa sirruhudan, – deb javob berdilar.

Shunda undan:

– Qaysning qay bir xulqidan ibratlandingiz, – deya so‘rashganida hazrati Axnaf aytdilar:

– Bir gal Qaysning joriyasi unga kabob qovuradigan cho‘g‘li idishda kabob keltirayotib qo‘lidan tushirib yubordi. Ittifoqo, bu uning chaqalog‘ining ustiga tushib, go‘dak  nobud  bo‘ldi. Bundan boyagi  cho‘ri ayol dahshatga tushib, aqldan ozayozdi. Bu holni ko‘rgan Qays unga shunday dedilar:

– Qo‘rqma, senga hech qanday ziyon yetmaydi, men seni Alloh yo‘lida, Alloh uchun ozod etdim!

3. Bolalar Uvays Qaraniy quddisa sirruhuni ko‘rishganida tosh otishardi. Shunda u zot quddisa sirruhu aytardilar:

– Agar menga tosh otmasdan turolmasangiz, mayli, oting, faqat maydarog‘idan, toki oyoqlarimni qattiq jarohatlamasin. Yo‘qsa, turib ibodat qilishga yaramay qolaman.

4. Bir gal qandaydir kishi Axnaf ibn Qays quddisa sirruhuga dashnom bergani holda ketidan ergashib kelardi. U zot o‘z mahallalariga yaqin yetib kelganlarida to‘xtab shunday dedilar:

– Ey yigit, menga tag‘in aytadigan gaping bo‘lsa, hammasini shu yerda aytaqol, yo‘qsa, bu mahallaning ba’zi telbasifat kishilari so‘kinishingni eshitib senga zarar yetkazib qo‘yishlari  mumkinligidan  xavotirdaman.

5. Naql qilishadiki, bir kuni amirul mo‘miniyn Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu xizmatkorni chaqirgan edilar, javob bermadi. Qayta-qayta chaqirgan edilar, yana javob bermadi... Nochor, o‘zlari turib borib so‘radilar:

– Chaqirganimni eshitmadingmi?..

Xizmatkor eshitganiga iqror bo‘ldi. Shunda Mo‘minlar amiri karramallohu vajhahu:

– Chaqirganimni eshitgan bo‘lsang, nimaga axir javob bermaysan, – deb so‘radilar. Shunda xizmatkor:

– Jazolamasligingizni bilib, shunchaki eringanimdan bormagandim...– deya javob berdi.

Shunda hazrati Ali karramallohu vajhahu unga:

– Seni Alloh uchun ozod etdim! – dedilar.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.


[1] Axnaf ibn Qays (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin) benihoya kamtar va ko‘plab yaxshi xulq sohibi bo‘lganlar. Arablar u kishini maqtalgan xulq va odoblari tufayli misol qilib keltiradilar - Muharrir.

Maqolalar