Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2025   |   20 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:03
Quyosh
05:31
Peshin
12:33
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:49
Bismillah
14 Avgust, 2025, 20 Safar, 1447

Muhammad bilan Ahmadning farqini bilasizmi?

26.10.2018   4245   3 min.
Muhammad bilan Ahmadning farqini bilasizmi?

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning eng aziz, eng ulug‘, oliy xulq sohibi bo‘lgan bandasidirlar. U zoti bobarakotning ismlari ko‘p bo‘lib, shularning orasida Muhammad va Ahmad ismlari mashhurdir. Xo‘sh, bu ismlarning o‘rtasida qanday farq bor?

Muhammad – “boshqaning tarafidan unga maqtov aytilgan shaxs” degani.

Ahmad –  “boshqaga maqtov aytgan shaxs” degani.

Muhammad “mukarram”, “ikrom qilingan shaxs” degan ma’noni ham bildiradi.

Muhammad (محمد) ismining ham, Ahmad (احمد) ismining ham o‘zagi “hamd” (حَمْد) dir. Mahmud ismining o‘zagi ham “hamd”dir. “Hamd”ning ma’nosi esa “maqtov”dir.

Muhammad ismining “to‘xtovsiz, ketma-ket, ko‘p maqtaladigan” degan ma’nosi ham bor.

Lekin Mahmud ismi “bir marta maqtalgan” degan ma’noni ifoda etadi.

Ahmad ismi “boshqani to‘xtovsiz, ketma-ket, ko‘p maqtaydigan, ko‘p hamd aytadigan” degan ma’noni bildiradi. Ahmad ismida “ko‘p maqtovchi” degan ma’no borligi uchun u Homid, ya’ni “maqtovchi” degan ism bilan bog‘liqlik joyi bordir. Ikkisida ham “maqtovchi” degan ma’no bor.

Shu o‘rinda yana bir nozik nukta mavjud.

Ahmad degan ism Homid degan ismning mubolag‘ali ma’nodagi ko‘rinishidir. Muhammad degan ism esa Mahmud ismining mubolag‘ali ma’nodagi ko‘rinishidir.

Shunday qilib Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘zlarida ikki ishni, ikki sifatni jam qilganlar.

Birinchisi, u zot alayhissalom Alloh taolo tarafidan ko‘p maqtalganlar (Muhammad ismlariga ishora).

Ikkinchisi esa u zotning o‘zlari Alloh taologa ko‘p hamd aytganlar (Ahmad ismlariga ishora).

Alloh taolo u zot alayhissalomni bandalari orasidan payg‘ambarlikka tanlab olgani e’tiboridan u zot Muhammad va Mahmuddirlar.

Ha, azizlar, Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga ikrom qilib, u kishini O‘ziga rasul etib tanlab olgan va ko‘p maqtagan.

U zot alayhissalom Alloh taologa ibodat qilish, hamd aytish e’tiboridan Homid va Ahmaddirlar.

Ha, qadrdonlar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa ko‘p ibodat qilar, ko‘p hamd aytar va ummatlarini ham shunga targ‘ib etardilar.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tamizki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ismlari Qur’oni Karimda 5 marta kelgan. Muhammad ismlari 4 marta, Ahmad ismlari 1 marta kelgan.

Oli Imron surasining 144-oyatida, Ahzob surasining 40-oyatida, Muhammad surasining 2-oyatida va Fath surasining 29-oyatida Muhammad ismlari kelgan. Saf surasining 6-oyatida esa Ahmad ismlari kelgan.

Alloh taolo u zotga ko‘plab salovotu salomlar yuborsin! 

 

Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning mav’izalaridan Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qur’on ummatiga Tubo bo‘lsin!

11.08.2025   5923   2 min.
Qur’on ummatiga Tubo bo‘lsin!

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi:

«Hech shubha yo‘qki, Alloh taolo Toha va Yasiynni osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgan. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida, ushbu narsa nozil bo‘ladigan ummatga Tubo bo‘lsin! Ushbuni ko‘tarib yuradigan qalblarga Tubo bo‘lsin! Ushbu ila gapiradigan tillarga Tubo bo‘lsin!» degan».

Bag‘oviy rivoyat qilgan.

 

Sharh: Ushbu rivoyatda ham Qur’oni Karimning fazli qanchalar ulug‘ligini ko‘rsatuvchi ma’nolar kelmoqda. Albatta, bunda ham Qur’oni Karimni o‘rganishga, qiroat qilishga va amal qilishga targ‘ib bor.

Ushbu hadisi sharifda Qur’oni Karim nozil bo‘ladigan ummatga, Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga va Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» bo‘lishi xabar qilinmoqda. 

«Tubo» jannatning nomlaridan biri yoki jannatdagi daraxtning ismi yoxud saodat va yaxshilik ma’nolarini anglatadi. Bularning hammasi ahli Qur’onga va’da qilinmoqda.

 

Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

1. Qur’oni Karimning fazilati ulug‘ ekani.

2. Alloh taolo Qur’oni Karimning Toha va Yasiyn suralarini osmonlaru yerni xalq qilishidan ming yil avval qiroat qilgani. 

3. Farishtalar Qur’onni eshitganlarida u nozil bo‘ladigan ummatga havas qilganlari. 

4. Qur’oni Karim nozil bo‘lgan ummat – Muhammad ummatiga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.

5. Qur’oni Karimni ko‘tarib yuradigan qalblarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi. 

6. Qur’oni Karim ila gapiradigan tillarga «Tubo» jannati hamda saodat va yaxshilik bo‘lishi.

 

Hadis va hayot, 

“Qur’on fazilatlari” kitobidan.

Ibratli hikoyalar