Imom Buxoriy, imom Muslim va imom Ahmadlar bu voqeani Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu voqeani sahobalarga so‘zlab berganlar. Uning qisqacha mazmuni quyidagilardan iborat:
«Banu Isroilda Jurayj degan bir avliyo, obid, taqvodor zot bo‘lgan ekan. U o‘ziga paxsa devordan bir ibodatxona qurib olgan ekan. Tafsir kitoblarida o‘zi avval tojir bo‘lgan, deyilgan. Ammo bir kuni tijoratdan voz kechib, o‘zini batamom toat-ibodatga bag‘ishlabdi. Jurayj onasiga ko‘p xizmat qilgan, onasining roziligini olgan odam edi. Ibodatda ham mustahkam, o‘ta parhezkor edi. Bir kuni ona kelib, tashqaridan o‘g‘lini chaqirdi. O‘g‘il ibodatxonaning ichida nafl namoz o‘qiyotgan edi. Onasining ovozini eshitib, «Yo Robbim, qay biri muhim? Onammi, namozimmi?» deb o‘yladi. Ammo namozini muhimroq sanab, onasiga javob bermay, namozini o‘qiyverdi. Ona har safar chaqirganda uch marta chaqirar, so‘ng qaytib ketaverardi. Ona uch kun davomida uch marta keldi. Uch marta kelganida ham Jurayj namoz o‘qiyotgan vaqtga to‘g‘ri kelib qoldi. Jurayj har safar «Ey Robbim, onammi, namozimmi?» der va namozida davom etaverardi. Jurayj onasini nihoyatda yaxshi ko‘radigan, nihoyatda hurmat-ehtirom qiladigan, xizmatini qilib, onasining roziligini olgan odam edi. Lekin namozda turib, hatto onaga ham javob berib bo‘lmaydi deb tushunardi. Holbuki, nafl namoz bo‘lsa, uni tezlatib o‘qib, tezlatib salom berib, faqat ona emas, boshqa odamga ham javob bersa bo‘ladi. Onaga javob berish esa bundan ham avloroq edi. Xullas, Jurayj onaga javob bermadi. Uchinchi kun uchinchi marta ham chaqirib bo‘lganidan keyin ona ranjib, «Buzuq ayolning tuhmatiga qolmaguningcha Alloh seni o‘ldirmasin» deb yomon duo qilib yubordi va Allohning izni bilan bu duo ijobat bo‘ldi. El-yurtda Jurayjning obro‘si baland edi. Tabiiyki, Jurayjning bu obro‘sini ko‘ra olmaydiganlar ham bor edi. Ana shu ko‘ra olmaydiganlar davrasida «Qanday qilsak, Jurayjni sharmanda qilamiz?» degan maslahatlar tez-tez bo‘lib turar edi. Bir fohisha ayol bor edi. Chiroyli, kelishgan bu ayol «Men uni yo‘ldan uraman», deb, garov o‘ynadi. U Jurayjning oldiga borib, uni o‘ziga qarataman deb rosa urinib ko‘rdi, lekin Jurayj unga qarab ham qo‘ymadi. Shunda fohisha unga boshqa yo‘l bilan zarar yetkazish maqsadida tog‘larga chiqib ketdi, bir cho‘ponni topti-da, u bilan qo‘shilib, undan homilador bo‘ldi. U davrning qoidasida ham zinodan bola orttirgan odamlar o‘limga mahkum qilinar ekan. Odamlar «Bu bolaning otasi kim?» deyishgan edi, fohisha: «Jurayj», dedi. Odamlar g‘azab otiga minib, hech narsani surishtirmasdan, Jurayjning ibodatxonasini vayron qilishdi. O‘zini esa urib-so‘kib, haqoratlashib, «Biz seni halol, ibodatli odam deb yursak, sen haromxo‘r ekansan» deb, uni o‘ldirishga shaylanishdi. Shunda Jurayj ikki rak’at namoz o‘qidi. Barchamizga ma’lumki, Payg‘ambarimi sollallohu alayhi vasallam ham bir mushkul vaziyatga tushganlarida namoz o‘qir edilar. Bu narsa barcha musulmonlarga, butun ummatga sunnatdir. Alloh asrasin, boshimizga biror mushkul ish tushsa, namoz o‘qishimiz kerak, yordam so‘rab, Allohga yuzlanishimiz kerak. Jurayj namozini o‘qib bo‘lgach, «Menga bolani ko‘rsatinglar», dedi. Bola beshikda yotar edi. Jurayj bordi-da, bolaning qorniga barmog‘i bilan niqtab, «Ey bola, sening otang kim?» dedi. Shu payt mo‘jiza yuz berib, beshikdagi bola tilga kirdi-da, aniq qilib, «Otam Falonchi cho‘pon», deb javob berdi. Odamlar hayratdan sarosimaga tushib qolishdi. Qanday katta xato qilib qo‘yishganini tushunishdi. Hammalari kelib, Jurayjga «Ibodatxonangni oltindan qurib beraylikmi?» deyishdi. «Yo‘q, avvalgidek, paxsa devordan qurib beringlar», dedi Jurayj. Ibodatxonasini paxsa devordan qaytadan qurib berishdi».
Payg‘ambar alayhissalom sahobalarga mana shu voqeani hikoya qilib berganlar. Bu voqeada onaning fazli naqadar yuksakligi bilinadi. Bu hikoyadan birinchi o‘rinda olinadigan foyda shuki, ota-onaning fazli, ayniqsa onaning darajasi nihoyatda yuksakdir. Shuning uchun mashoyixlarimiz shunday deydilar: «Onang seni bir ishga buyurayotgan bo‘lsa, bilginki, Robbing seni ibodatga chorlayotgan bo‘ladi». Onalarimiz bizga ish buyurayotgan bo‘lsa, Robbimiz bizni ibodatga chorlayotgan bo‘lar ekan. Jurayjning voqeasidan yana ko‘plab foydalar olishimiz mumkin. Jumladan, bilishimiz kerakki, Alloh taolo O‘zining valiy bandalarini ham ba’zan ana shunday ishlar bilan sinab, yana himoyalab ham qo‘yar ekan. Alloh subhanahu va taolo beshikdagi bolani tilga kiritib, Jurayjni himoya qilib qo‘ydi.
Ulamolarimiz tarixda go‘dakligida so‘zlagan to‘rtta chaqaloq bor, shulardan biri Jurayjga gapirgan chaqaloqdir, deyishgan. Tarix kitoblarida o‘sha bolaning ismi ham, aytilgan otasi kim bo‘lganligi ham aytilgan. Ammo bugungi mavzu uchun shu yergacha aytilgani kifoya, birodarlar.
Ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy hafizahulloh
O‘MI matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati