Ma’lumki, har yili an’anaviy tarzda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat ko‘rsatib borayotgan imom-xatiblar o‘rtasida “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkazib kelinar edi. Joriy yildan esa mazkur tanlov “Eng ma’rifatli imom” nomi ostida yangi Nizom asosisida o‘tkazib kelinmoqda.
Tanlovning maqsadi – bugungi taraqqiyot talablariga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, tashabbuskor, ilg‘or fikrli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan yetarlicha foydalana oladigan va keng xalq ommasiga o‘z fikrini yetkazib bera oladigan, iqtidorli, faol imom-xatiblarni aniqlashdir.
Uch bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan tanlovning birinchi shahar-tuman bosqichida g‘oliblikni egallagan ishtirokchilar 10 oktyabr kuni Quvasoy shahridagi “Islom” jome’ masjidida viloyat bosqichida ishtirok etdilar.
Viloyat bosqichini tantanali ravishda ochib bergan viloyat bosh imom-xatibi Salimjon qori Qodirov:
- Bu yilgi tanlov har yilgidan o‘zgacha tarzda o‘tkazilmoqda. Bu esa yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga, xususan, ilm ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibor namunasidir. Shuningdek, barcha imom-xatiblar, imom-noiblari, hatto muazzin va qorovullar ham o‘z ustida muntazam ish olib borishi kerak degani. Zero bugungi tadbirda g‘oliblar qatori masjidlarda jonkuyarlik bilan xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar ham taqdirlanadi, - deya barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudiri Islomiddin Zuhriddinov ham tanlov kuzatib borar ekan:
- Haqiqatan mazkur tanlovga Farg‘ona viloyatida katta tayyorgarlik ko‘rilganini ta’kidladi. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, har bir imom-xatib o‘z bilim va salohiyati, din rivoji va xalq farovonligi yo‘lida olib borajak xizmatlari ila ana shunday e’tibor va e’tirofga munosib bo‘lmoqqa intilishi kerak”, - deya qayd etdi.
Qur’on tilovati bilan boshlangan tanlovda ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi hamda tanlov so‘ngida natijalar e’lon qilindi:
“Eng ma’rifatli imom – 2018” tanlovining Farg‘ona viloyat bosqichi g‘oliblari:
I-o‘rin: Abduvohid Ahmadaliyev (Marg‘ilon shahridagi “Xudoyorhoji” masjidi imom-noibi)
II-o‘rin: Abdujabbor Madrahimov (Toshloq tumanidagi “Abu Hanifa” masjidi imom-noib)
II-o‘rin: Davronbek Usmonov (Farg‘ona tumani “Huvaydo” masjidi imom-xatibi)
III-o‘rin: Jaloliddin Mamatqulov (Uchko‘prik tuman “Shoh muqaddam” masjidi imom-xatibi)
III-o‘rin: Sherzod Ahmedov (Dang‘ara tumani “Muhammadsayyidxo‘ja” masjidi imom-xatibi)
Tanlov yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan barcha g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Masjid xodimlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘z ishlariga yanada ko‘p mehr bilan yondoshib, ular bajarayotgan ish samaradorligini oshirish maqsadida tanlovga hamohang ravishda turli nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar topshirildi:
"Eng targ‘ibotchi imom"
- Abdumajid domla Isaqov (Qo‘qon shahar bosh imom xatibi)
“Eng ko‘p obuna uyushtirgan imom”
- Ahmedov Sohibjon (Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi)
“Eng ko‘p maqola nashr etgan imom”
- Jalilov Rahmatillo (Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi)
“Eng obod masjid”
- Quvasoy shahar Ahmadali bobo masjidi (masjid imom-xatibi Abdujamilov Asliddin)
"Eng targ‘ibotchi imom"
- Abdumajid domla Isaqov (Qo‘qon shahar bosh imom xatibi)
“Eng ta’sirli ijodiy ish”
- Rahmatullo Fayzullayev (Marg‘ilon shahar “Robiyahoji ona” masjidi imom-xatibi, “Marg‘ilon allomalari” rukni ostida chop etilayotgan adabiyotlari uchun)
“Eng xushovoz muazzin”
- Mirahmedov Adaxamjon (Oltiariq tuman “Shoh Tolib” masjidi muazzini)
“Eng ishbilarmon mutavalli”
- Mamasaidxonov Salohiddin (Rishton tumani Ho‘ja ilg‘or masjidi mutavallisi)
“Eng mirishkor bog‘bon”
- Ahmadaliyev Mansurjon (Beshariq tumani Umar ibn Abdulaziz masjidi bog‘boni)
“Eng namunali tahoratxona”
- Farg‘ona shahar “Toyyiba” masjidi tahoratxonasi (masjid imom-xatibi Baxramov Azizxon)
“Eng zamonaviy qorovulxona”
– Marg‘ilon shahar «Shirmonpazlik» masjidi qorovulxonasi (masjid imom-xatibi Toshxo‘jayev Fazlulloh)
“Eng boy kutubxona”
- Qo‘qon shahar “Shayxul-islom” masjidi kutubxonasi (masjid imom-xatibi Fazliddin Salimov)
Shuningdek, O‘zbekiston, Uchko‘prik, Dang‘ara, Furqat, Buvayda, Toshloq, Quva, Farg‘ona, Yozyovon tumanlari imom-xatiblari viloyat vakillikning tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
Farg‘ona viloyat vakillik matbuot xizmati │ fargonaziyo.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi