Rossiya davlati Din tarixi muzeyida raqamli san'at texnikasi bo'yicha chechen ustasining zamonaviy arab-musulmon xattotligi ko'rgazmasi ochildi.
IQNA saytining “Alyavm-7” matbuotiga tayanib xabar berishicha, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Din tarixi muzeyi chechenistonlik rassom Ismoil Danilxanovning “Qur'on so'zlari va ma'nolari: xattotlik tadqiqotlari” nomli ko'rgazmasini tashkil qildi.
Tashrif buyuruvchilar ko'rgazmada raqamli san'at texnikasida yaratilgan 63 ta kalligrafik eskizlarni ko'rishlari mumkin.
Checheniston Respublikasi Fuqarolik palatasi raisi, xattot Ismoil Danilxanov Rossiyaning TASS axborot agentligiga bergan interv'yusida bunday dedi: “Bugun taqdim etilayotgan deyarli barcha asarlar birinchi marta shu formatda ko'riladi. Men klassik texnikada juda uzoq vaqt ishladim, lekin ular 500-700 yil oldin yozganidek, standart to'plam bo'lgani uchun ko'rgazma qilmadim”.
Chechenistonlik xattot esa bunday dedi: “Bugungi kunda yoshlar bundan ajablanmaydi. Ular xattotlik yoki Qur'on jarayoniga aralashmaydi, chunki ular unda rang-barang, yorqin ma'no topa olmaydilar. Raqamli san'at kabi shakl o'ziga xos turga aylandi. Ular uchun Chechenistonda arab xattotligi qayta tiklanganidan darak beradi”.
Danilxanov u uchun eng muhimi Qur'onning go'zalligi haqidagi bilimlarni tarqatish, shuningdek, chechen xalqining tarixiy xotirasi va arab tili bilan ko'proq bog'liq bo'lgan adabiy merosini saqlab qolish ekanini e'tirof etdi.
Rossiyaning “TASS” axborot agentligining xabar berishicha, xattot, rassom, shuningdek, zamonaviy musulmon xattotligi bo'yicha mahorat darsini o'tkazadi, unda ishtirokchilar linogravyurani yaratishning butun jarayonini ko'rishlari hamda musulmon xattotligining texnikasi va tarixi bilan tanishishi mumkin bo'ladi.
Eslatib o'tamiz, Sankt-Peterburgdagi Din tarixi muzeyi Rossiya hukumati va ushbu mamlakat Madaniyat vazirligi tasarrufidagi madaniyat muassasasi bo'lib, uning muzey fondlarida turli mamlakatlar madaniyati, xalqlari va tarixidan saqlanib qolgan qadimiy obidalar sanalgan 200 mingga yaqin eksponat mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.