Bir kuni boy badavlat o‘g‘il onasidan xabar olgani yoshlikda o‘sib ulg‘aygan xonadoniga keldi. Onasi peshin namozini o‘qiyotgan edi. O‘g‘il eshikda ancha kutib qoldi. Ona uzoq duo qilib namozini yakunlab o‘g‘li yoniga chiqdi, kutib toqati toq bo‘lgan o‘g‘il jahlda onasiga dedi:
– Ona siz har kuni besh vaqt namoz o‘qib, uzundan uzoq duo qilib, bir narsalarni so‘raysiz? Lekin hech narsangiz yo‘q, nochor hayot kechirasiz. Mana mening boshim sajdaga tegmagan, namoz o‘qimayman, lekin hammasi yetarli, biror narsaga muhtojligim yo‘q – dedi
Shunda ona o‘g‘liga: Bolajonim, men sajdaga bosh qo‘yib, sening unib o‘sishingni, boy badavlat yashashingni, har ishda omadli bo‘lishingni so‘rayman. Menga bundan boshqa hech narsa kerak emas. Mana mehribon Alloh so‘raganimni beryapti, yana bitta eng katta tilagim bor, shu tilagim ham ro‘yobga chiqsa, mendan baxtli ona yuq dunyoda -dedi ko‘zlariga yosh olib.
– Nima tilak ekan u, onajon – dedi o‘g‘il.
Ona: sening besh vaqt namoz o‘qishingni, namozga shoshilishingni ko‘zlarim bilan ko‘rsam armonim yo‘q edi, bolajonim. Onasining so‘zlarini eshitgan o‘g‘il beixtiyor ko‘ziga yosh olib:
– Mehribonim, men gumroh o‘g‘lingizni kechiring, dedi.
EY O‘G‘IL!!!
Siz o‘ylamang, «men beibodat bo‘lsam ham, Alloh menga beryapti» deb. Sizni xaqqingizga kecha-yu kunduz duo qilayotgan ota-onangiz sababchidirlar. Duogo‘y ota-onangizni e’zozlang, hurmat qiling, qadriga tiriklik chog‘ida yeting.
manba: Nasoimul hikmat
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan ochiq va samimiy muloqotlari fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Diniy idoraga kelgan bir guruh fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat, arz va takliflarini tingladilar.
Muloqot davomida imomlar faoliyatini yanada takomillashtirishga oid takliflar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ustozdan xayrli duo olish niyatida kelganlar, o‘zlari yozgan kitoblarini taqdim etganlar ham bo‘ldi. Moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga esa belgilangan tartibda tegishli ko‘mak ko‘rsatildi.
Samimiy qabul va ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lgan fuqarolar minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi.
Darhaqiqat, inson dardiga sherik bo‘lish, uning tashvishini yengillatish — savobi ulug‘ amaldir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qilganlar:
«Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Eslatib o‘tamiz, bunday qabullar O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilliklari hamda barcha jome masjidlarida har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati