Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2026   |   6 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
20 Iyul, 2026, 6 Safar, 1448

Tibbiyot ilmining ahamiyati

21.09.2018   18570   4 min.
Tibbiyot ilmining ahamiyati

Markaziy Osiyoda tibbiyot fani ko‘hna va boy tarixga ega. Hozirgi O‘zbekiston hududida qadimdan keng ko‘lamda olib borilgan ilmiy va amaliy ishlar ko‘pgina xastaliklarni to‘g‘ri ajrata olish va ularni asosan xalq tabobati yordamida davolash imkonini bergan. Qadimda, ayniqsa, IX-XII asrlarda tibbiyot Sharqda, xususan, Markaziy Osiyoda ravnaq topdi. O‘sha davrda yunon tilidan sanskrit va qadimiy sharq tillariga o‘girilgan ko‘pgina tibbiy asarlar paydo bo‘ldi. Jumladan, Aristotel, Dioskorid va Galenning dorishunoslikka oid asarlari suryoniy va arab tiliga tarjima qilindi.

Islom hayotning boshqa sohalari qatori tib sohasini ham tartibga soldi, to‘g‘ri yo‘nalishga yo‘lladi. Quyida o‘rganadigan hadisi shariflar ana o‘sha ulug‘ ishning ba’zi namunalari hisoblanadi. Qur’oni karim va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarida inson sog‘lig‘iga katta e’tibor berilgan. Agar bu ikki masdarda sog‘likni saqlash bo‘yicha kelgan ma’lumotlarni o‘rganadigan bo‘lsak, ulkan xazina topgan bo‘lamiz. Islomda sihat-salomatlik, tani sog‘lik Alloh taolo bandalariga bergan eng ulkan ne’matlardan biri hisoblanadi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘p odamlar ularda aldanib qolurlar. Ular sog‘lik va  farog‘at”, deganlar. Ko‘rinib turibdiki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ochiq-oydin qilib sog‘likning bandaga berilgan ne’mat ekanini aytmoqdalar.

Imom Buxoriy, Imom  Termiziy va Imom ibn Mojalar Abdulloh ibn Mexon al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam quyidagini aytganlar: “Kimning jasadi ofiyatda bo‘lsa, o‘z guruhida tinch-omon bo‘lsa va huzurida yegani rizqi bo‘lsa go‘yoki dunyoni qo‘lga kiritibdi”.

Inson uchun dunyoni qo‘lga kiritish yo‘lida zarur bo‘ladigan shartlardan eng avvalgisi salomatlik deb e’lon qilinishining o‘zi islomda tibbiyotga qanchalik e’tibor berilishini ko‘rsatib turibdi. Imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan  rivoyat qilgan hadisi sharifda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Qiyomat kuni bandadan eng avval so‘raladigan ne’mat unga, sening jismingni sihatlik qilgan emasmidik, seni sovuq suv ila serob qilgan emasmidik deyilishidir» deganlar. Alloh taolo o‘z bandasiga bergan ne’matlar ichida eng ahamiyatlilaridan bo‘lgani uchun ham sog‘lik ne’mati haqida oxiratda birinchi bo‘lib so‘raladi. Shunday ekan, banda bu narsalarning qadriga yetmog‘i kerak. Ne’matni bergan zotga shukr qilmoq kerak. Ne’matning shukri esa uni beruvchi zotga maqtov so‘zlari aytish va ne’matni ne’mat buruvchini rozi qiladigan yo‘lda sarflash bilan bo‘ladi.

Sog‘lik-salomatlik ne’mati muhim bo‘lgani uchun ham payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam biz ummatlariga o‘sha ulug‘ ne’matni doimo Alloh taoloning o‘zidan so‘rab turishini amr etganlar. Imom Ahmad Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytilgan: “Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Hyech bir kimsaga yaqiyndan keyin ofiyatchalik yaxshi narsa berilmagan”.

Yaqiynn mustahkam imondir. Demak, Alloh taolo bandalariga bergan ne’matlar ichida  eng birinchi o‘rinda mustahkam imon tursa, undan keyingi ikkinchi o‘rinda sog‘lik turar ekan. Islom sog‘likni Alloh taolo bandaga bergan ulug‘ ne’mat ekanini, uning uchun banda shukr qilishi lozimligini ta’kidlash bilangina kifoyalanib qolmaydi. Islom sog‘likni saqlashning yo‘llarini ham bayon qilib beradi. Masalan, ular: tozalikka rioya qilish, sog‘likka zarar yetkazuvchi va atrofni iflos qiluvchi narsalardan qaytarish, badan tarbiya, sog‘likka zararli narsalarni harom qilish va boshqalardir.

 

Manbalar asosida Xo‘jaobod tuman

“Yetti chinor” jome masjidi imom noibi

Muhammad Quddus Abdulmannon tayyorladi.

Tabobat
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Turkiyaning nufuzli nashrida yoritildi

19.07.2026   5608   1 min.
O‘zbekiston turizm imkoniyatlari Turkiyaning nufuzli nashrida yoritildi

Turkiyadagi “The Voice of Travel” jurnalida O‘zbekistondagi turizm va sayyohlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Turkiya Sayyohlik agentliklari uyushmasi (TÜRSAB) nashrida yoritilgan maqolada yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy shaharlari, milliy urf-odat va an’analari hamda betakror gastronomik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berilgan.

Ushbu jurnal Turkiya turizm industriyasi ishtirokchilari, mehmonxonalar va aviakompaniyalar uchun eng muhim axborot manbalaridan biri hisoblanadi.

Nashr bugungi kunda O‘zbekistonda zamonaviy turistik infratuzilma jadal rivojlanayotganiga alohida urg‘u bergan. Xususan, xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayib borayotgani, mehmonxona va servis xizmatlari sifatining tubdan oshirilayotgani xorijlik, ayniqsa, turk sayyohlari uchun juda katta qulayliklar yaratmoqda.

Mamlakatimizda madaniy va ekoturizm bilan bir qatorda ziyorat turizmi yo‘nalishi alohida o‘rin tutishi qayd etilgan.

Ushbu maqolaning Turkiyaning yetakchi ixtisoslashgan nashrida e’lon qilinishi O‘zbekistonning xalqaro turistik imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa vatanimizning boy turizm salohiyatini yirik turistik agentliklar o‘rtasida keng targ‘ib qilinishiga zamin yaratib, o‘zaro sayyohlar oqimini sezilarli darajada kengaytiradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari