Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Qadimiy ilm maskanida ta’lim boshlandi

05.09.2018   7710   2 min.
Qadimiy ilm maskanida ta’lim boshlandi

Nafaqat yurtimiz balki xorijiy mamlakat aholisining diniy ehtiyojini qondirgan, ilm ma’rifat ulashgan ziyo maskani bo‘lmish Mir Arab madrasasi o‘zining ta’limu-tadris jarayonini boshladi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari qatori shonli tarixga ega bilim o‘chog‘i 5-sentyabr kuni erta tongda bilimlar kunini qarshi oldi. Unda bilim yurtining barcha ishchi-xodimlari, o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Bilim yurti ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha mudir muovini A. Najmiddinov ochib berar ekan, avvalo barchani yangi 2018-2019 o‘quv yilining kirib kelishi munosabati bilan tabrikladi. An’anaga muvofiq tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng bilim yurti 4 kurs talabasi A.Axmadjonov Kuroni Karimdan tilovat kildi va duoyi-xayr qilindi. Bilim yurti mudiri J.Elov yangi o‘quv yilida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, ta’lim samaradorligini yanada oshirish uchun ko‘zlangan maqsadlar hamda talabalarni ta’lim-tarbiya olishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil gapirdi. Istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘quv jarayonlaridagi ijobiy o‘zgarishlar hamda yoshlarni milliy g‘urur, vatanparvarlik, milliy birdamlik, halollik, mehnatsevarlik asosida kamol toptirish uchun tavsiyalari tinglandi.

So‘ng tadbirga tashrif buyurgan ta’lim fidoyilari Bahouddin Naqshband jome’ masjidi imom xatibi A. Razzoqov, BDU filologiya fanlari nomzodi, dots.nt, faxriy mudarris N. Shukrulloyev hamda bilim yurti katta mudarrisi Q. Siddiqovlar talabalarga o‘zlarining ko‘p yillik tajribalaridan kelib chiqib nasihat qildilar. bu bilim dargohida ta’lim-tarbiya jarayonlari, o‘tgan ulamolarimizning o‘gitlari hamda dinimizdagi ilm va olimning fazilati haqidagi ko‘rsatmalarini oyat va hadislardan misollar bilan tushuntirib berdilar. Birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida talabalar “Mustaqillik darsi”ga kirdilar.

Bilim yurtida tahsil olish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, uzoq viloyatlardan kelgan talabalarga shinam yotoqxonalar bilan ta’minlandi. Talabalarga har kuni ikki mahal issiq ovqat yangi bino qilingan, barcha qulayliklarga ega oshxonada berila boshladi.

Tolibi ilmlarga toat-ibodatlarini mukammal qilishlari uchun homiylar orqali keng va zamonaviy tahoratxona ishga tushirilgan. O‘quv kunining avvali mana shunday qulay taassurotlar bilan boshlandi.

Ma’naviyat va ma’rifat ishlari

bo‘yicha mudir muovini:                                                            A. Najmiddinov 

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   50013   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari