frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Jannatga yaqinlashtiruvchi amal

06.09.2018   22646   2 min.
Jannatga yaqinlashtiruvchi amal

Islomdagi eng go‘zal buyruqlardan biri silai rahm, ya’ni, yaqinlar bilan qarindoshlik rishtalarini bog‘lash, do‘stlarga mehr-oqibat ko‘rsatishdir. Silai rahm avvalo Alloh taoloni bandalariga buyurgan amrlaridan biridir. Alloh taolo aytadi: “Va oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi qo‘yiladigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz bilan ajralib ketishdan saqlaningiz” (Niso surasi, 1-oyat).

Silai rahmda Allohning roziligi, mo‘minlar va farishtalarning xursandchiligi, shaytonga g‘am yetkazish, umrning ziyodaligi va rizqning barakasi kabi go‘zal xislatlar mujassam.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kimni rizqi  keng  va umri barakali bo‘lishligi  xursand qilsa, silai rahmni bog‘lasin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kim umrini uzun, rizqini keng bo‘lishini va yomon o‘limdan qutulishni hohlasa, qarindoshlari bilan aloqasini tiklasin”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Bu shunchalik ulug‘ ibodatki, uni bajargan kishi qanchalik ko‘p ajr va foydalar topsa, uni tark qilgan, unga beparvolik qilgan odam shunchalik qattiq gunohkor va ziyonkor bo‘ladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Silai rahm savobidek tez keladigan yaxshilik yo‘q. Dunyoda tezda azob berib, oxiratda ham azob keltiradigan gunoh silai rahmni uzishlikdir” (Imom Termiziy, Imom Ahmad, Imom Ibn Moja rivoyati).

Qolaversa, silai rahmning do‘zaxdan uzoqlashishiga va jannatga yaqinlashishiga sabab bo‘ladigan amallar bilan bir qatorda zikr qilinishi naqadar ulug‘ ibodatligiga dalolat qiladi.

Abu Ayyub Ansoriy (roziyallohu anhu) aytadi: “Bir a’robiy Payg‘ambar (alayhissalom)ning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) jannatga yaqinlashtiradigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amaldan xabar bering!”, dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Allohga ibodat qilishga, Unga shirk keltirmaslikka va namoz o‘qishga, zakot berishga va silai rahm qilishga buyurdilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Demak, silai rahm qilish dinimizning biz mo‘minlardan talab qilgan qat’iy talabi. Shunday ekan, bu go‘zal amalga beparvo bo‘lmaylik.

 

Yorbek  ISLOMOV

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Buxoroda imomlar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi

30.07.2026   12623   1 min.
Buxoroda imomlar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi

Istiqlolimizning 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatidagi imom-xatib va noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha viloyat turniri bo‘lib o‘tdi.


Sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bahslarda din peshvolari o‘zlarining jismoniy tetikligi va mahoratlarini namoyish etdilar. Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:


1-o‘rin: Abdullo domla Avezov (Qorako‘l tumani, «Bozorxo‘ja» masjidi);


2-o‘rin: Abduvohid domla Akramoyev (Buxoro shahri, «Volidayi Abdulazizxon» masjidi);


3-o‘rin: Saddam domla Boboqulov (Peshku tumani, «Xo‘ja Peshku» masjidi).


G‘olib va sovrindorlarga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Otabek domla Avezov tomonidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.


Islom dinida tan salomatligi va jismoniy kuch-quvvatga alohida e’tibor beriladi. Bu kabi sport tadbirlari soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom muhit va yuqori kayfiyatni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Buxoro viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Buxoroda imomlar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda imomlar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi Buxoroda imomlar o‘rtasida sport musobaqasi o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari