Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2026   |   27 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:38
Shom
17:24
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2026, 27 Rajab, 1447

Istiqlol muborak!

31.08.2018   3670   4 min.
Istiqlol muborak!

Vatanimiz mustaqilligi shodiyonalariga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda xalqimiz bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, bugungi farovon kunlar, ulkan yutuq va marralar zamirida xalqimiz manfaatlari yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va xalqimizning fidokorona mehnati mujassam ekani namoyon bo‘ladi. 

Mustaqillik O‘zbekiston xalqining hayotida ko‘p ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ruhiy va ma’naviy erkinliklar inson uchun qadrli va aziz ne’matlar hisoblanadi. Aynan mana shu ma’naviy erkinlik o‘tmishdagi ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy merosni bilish, butun olamga ustoz bo‘la olgan bobolarimiz shaxsini o‘rganish, ular bilan faxrlana olish mustaqillik sharofati bilan yuzaga keldi.

Mustaqillik! Ushbu birgina so‘z zamirida qanchadan-qancha ajdodlarimizning asrlar davomidagi orzu va armonlari, kurashlari, ertangi kunga umidlari mujassam. Darhaqiqat, Mustaqillik el-yurtimiz uchun o‘z takdirining egasi bo‘lib, kadr-qimmatini anglab, munosib hayotkechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir odamning iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zaminidir. Mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an’analarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlar eshigini ochib berdi.

Istiqlol yillarida jahon ilm-fani, madaniyati rivojiga, insoniyat ma’naviyati takomiliga ulkan hissa qo‘shgan  buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, shu bilan birga, ularning ibratli hayoti va ijodi, benazir kashfiyotlarining jahonshumul  ahamiyati haqidagi bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan  harakat bugun o‘z samarasini bermoqda.

Hozirgi kunda islom dini va uning tarixini o‘rganishda juda noyob bo‘lgan muhim tarixiy manbalar va asarlar, jumladan, Qur’oni karim, Imom Buxoriy, Imom Termiziyning hadis to‘plamlari, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro hikmatlari, Marg‘inoniy, Nasafiy kabi allomalarning insonni yetuklikka chorlovchi diniy, ma’rifiy, madaniy, falsafiy, axloqiy va huquqiy asarlari o‘zbek tilida chop etilmoqda.

Har bir millat, xalq uchun ozod, erkin, mustaqil bo‘lib yashash, eng katta baxt. Mustaqillik kuni biz uchun eng ulug‘, eng aziz bayramdir. Har bir jamiyatning kelajagi uning ajralmas qismi va hayotiy zarurati bo‘lgan ta’lim tizimining qay darajada rivojlangani bilan belgilanadi. Bugungi kunda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatimizning uzluksiz ta’lim tizimini isloh qilish va takomillashtirish, yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hamda ta’lim samaradorligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani barchamizga sir emas. Birgina ta’limni rivojlantirish uchun davlat budjeti xarajatlarining 35 foizdan ortig‘i shu sohaga yo‘naltirilayotgani kelajagimiz bo‘lgan yoshlarga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasidir. 

Kelajak taraqqiyoti bugungi yosh avlodning aqliy  tafakkuri, bilim tajribasi va kasbiy tayyorgarligiga bog‘liq. Yoshlarni hayotda o‘z o‘rinlarini topishi, o‘z salohiyatlarini erkin namoyon eta olishlari va ularni ish bilan ta’minlash davlatimizning diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda.  

Bugun kim bilan gaplashmang, suhbat mavzusi o‘z-o‘zidan bunyodkorlik ishlariga borib taqaladi. Bu tabiiy, albatta. Chunki so‘nggi yillarda yurtimizda qad rostlayotgan biri-biridan go‘zal va muhtasham binolar, keng hamda ravon yo‘llar, mustahkam ko‘priklarni ko‘rib, ko‘zimiz quvnaydi. Milliy va zamonaviy me’morchilikning eng yuksak talablari asosida qurilayotgan bunday inshootlardan biz qanchalik faxrlanayotgan bo‘lsak, xorijlik mexmonlarning ularga hayratu havas bilan boqayotgani, o‘zbek me’morlari mahoratiga tan berayotgani, ta’bir joiz bo‘lsa, bizdan ibrat olishga harakat qilayotgani ham rost.

Har birimiz yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalar, iqtisodiy bo‘hronlar, qirg‘inbarot janglar, olomon madaniyatining salbiy ta’sirlariga teran nigoh bilan nazar tashlab, ularni yurtimizdagi tinch-osoyishta muhit, ulkan bunyodkorlik ishlari bilan muqoyasa qilishimiz hamda shu zamin, shu tuproq, shu erkin va obod Vatanda yashayotganimizdan baxtiyorlik tuyg‘ularini his etamiz. Orzu va intilishlari qadr topgan, kelajagini yaratish uchun barcha shart-sharoitlar hozirlangan jamiyatda umrguzaronlik qilayotganimizga shukrona aytamiz.

Alloh taolo Baqara surasining 152-oyatida: “Shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”,  deb marhamat qilgan. Shunga ko‘ra bizlar o‘zimizda mavjud bo‘lib turgan ne’matlarga shukrona keltirishni yoddan chiqmasligimiz lozim bo‘ladi. Zero, hikmatli so‘zda: “Shukr qilish borini bog‘laydi, yo‘g‘ini chorlaydi”, deyilgan.

 

Rahmatillo USMONOV,

O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor

16.01.2026   1177   2 min.
Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor

#xabar #muftiy #juma

 Bugun, 16 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi "Abu Saxiy" jome masjidida ado etdilar.

 Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Isro va me’roj voqeasi hikmatlari” mavzusida ma’ruza qilib berdilar.

Islom tarixidan ma’lumki, payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bir kechada Makkadagi Masjidul Haromdan Quddusdagi Masjidul Aqsoga sayr qildirib, u yerdan osmonlarga ko‘tardi. Bu haqda Isro surasining 1-oyatida bunday xabar berilgan: “O‘z bandasi (Muhammad)ni bir kechada Masjidul Haromdan atrofini barakotli qilganimiz Masjidul Aqsoga olib borgan Zot (Alloh) barcha nuqsonlardan pokdir. Biz unga oyatlarimizdan (mo‘jizalarimizni) ko‘rsatish uchun (shu ishni qildik). Albatta, U eshituvchi va ko‘ruvchidir”.

 Ma’ruzada aytilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam osmonlarga jismlari bilan ko‘tarilganlar. Har osmonda payg‘ambarlar va ko‘plab farishtalar bilan ko‘rishganlar. U zotga jannat va jahannam ahlining holi qanday bo‘lishi ko‘rsatilgan. Sidratul-muntaho – yaratilgan mavjudotlar ilmi va harakati tugaydigan joyga yetib, Allohning g‘ayb olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rganlar. O‘shanda ba’zi oyatlar nozil bo‘lgan, besh vaqt namoz farz qilingan.

 Muftiy hazratlari ushbu buyuk mo‘jizadan olishimiz zarur bo‘lgan ayrim hikmatlarga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Allohning qudrati mutlaqo cheksizligi, Payg‘ambar alayhissalomning maqomlari naqadar ulug‘ligi, namoz – eng oliy maqomda amr qilingan ulug‘ ibodat ekani, imon – g‘oyibga ishonish ekani kabilarni oyat va hadislar bilan sharhlab berdilar.

 Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu buyuk mo‘jizadan munosib ibrat olib, imon-e’tiqodda sobitqadam, hayot sinovlarida sabrli, O‘zidan umidini uzmaydigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor Isro va Me’roj mo‘jizasidan olishimiz kerak bo‘lgan ko‘p hikmatlar bor
O'zbekiston yangiliklari