Vatanimiz mustaqilligi shodiyonalariga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotgan shu kunlarda xalqimiz bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, bugungi farovon kunlar, ulkan yutuq va marralar zamirida xalqimiz manfaatlari yo‘lida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va xalqimizning fidokorona mehnati mujassam ekani namoyon bo‘ladi.
Mustaqillik O‘zbekiston xalqining hayotida ko‘p ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ruhiy va ma’naviy erkinliklar inson uchun qadrli va aziz ne’matlar hisoblanadi. Aynan mana shu ma’naviy erkinlik o‘tmishdagi ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy merosni bilish, butun olamga ustoz bo‘la olgan bobolarimiz shaxsini o‘rganish, ular bilan faxrlana olish mustaqillik sharofati bilan yuzaga keldi.
Mustaqillik! Ushbu birgina so‘z zamirida qanchadan-qancha ajdodlarimizning asrlar davomidagi orzu va armonlari, kurashlari, ertangi kunga umidlari mujassam. Darhaqiqat, Mustaqillik el-yurtimiz uchun o‘z takdirining egasi bo‘lib, kadr-qimmatini anglab, munosib hayotkechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir odamning iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zaminidir. Mustaqillik biz uchun milliy davlatchiligimizni, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni tiklash, urf-odat va an’analarimizni, muqaddas islom dinimizni, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘lash, sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish bo‘yicha ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan beqiyos imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Istiqlol yillarida jahon ilm-fani, madaniyati rivojiga, insoniyat ma’naviyati takomiliga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, shu bilan birga, ularning ibratli hayoti va ijodi, benazir kashfiyotlarining jahonshumul ahamiyati haqidagi bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan harakat bugun o‘z samarasini bermoqda.
Hozirgi kunda islom dini va uning tarixini o‘rganishda juda noyob bo‘lgan muhim tarixiy manbalar va asarlar, jumladan, Qur’oni karim, Imom Buxoriy, Imom Termiziyning hadis to‘plamlari, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro hikmatlari, Marg‘inoniy, Nasafiy kabi allomalarning insonni yetuklikka chorlovchi diniy, ma’rifiy, madaniy, falsafiy, axloqiy va huquqiy asarlari o‘zbek tilida chop etilmoqda.
Har bir millat, xalq uchun ozod, erkin, mustaqil bo‘lib yashash, eng katta baxt. Mustaqillik kuni biz uchun eng ulug‘, eng aziz bayramdir. Har bir jamiyatning kelajagi uning ajralmas qismi va hayotiy zarurati bo‘lgan ta’lim tizimining qay darajada rivojlangani bilan belgilanadi. Bugungi kunda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatimizning uzluksiz ta’lim tizimini isloh qilish va takomillashtirish, yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hamda ta’lim samaradorligini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani barchamizga sir emas. Birgina ta’limni rivojlantirish uchun davlat budjeti xarajatlarining 35 foizdan ortig‘i shu sohaga yo‘naltirilayotgani kelajagimiz bo‘lgan yoshlarga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasidir.
Kelajak taraqqiyoti bugungi yosh avlodning aqliy tafakkuri, bilim tajribasi va kasbiy tayyorgarligiga bog‘liq. Yoshlarni hayotda o‘z o‘rinlarini topishi, o‘z salohiyatlarini erkin namoyon eta olishlari va ularni ish bilan ta’minlash davlatimizning diqqat e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Bugun kim bilan gaplashmang, suhbat mavzusi o‘z-o‘zidan bunyodkorlik ishlariga borib taqaladi. Bu tabiiy, albatta. Chunki so‘nggi yillarda yurtimizda qad rostlayotgan biri-biridan go‘zal va muhtasham binolar, keng hamda ravon yo‘llar, mustahkam ko‘priklarni ko‘rib, ko‘zimiz quvnaydi. Milliy va zamonaviy me’morchilikning eng yuksak talablari asosida qurilayotgan bunday inshootlardan biz qanchalik faxrlanayotgan bo‘lsak, xorijlik mexmonlarning ularga hayratu havas bilan boqayotgani, o‘zbek me’morlari mahoratiga tan berayotgani, ta’bir joiz bo‘lsa, bizdan ibrat olishga harakat qilayotgani ham rost.
Har birimiz yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalar, iqtisodiy bo‘hronlar, qirg‘inbarot janglar, olomon madaniyatining salbiy ta’sirlariga teran nigoh bilan nazar tashlab, ularni yurtimizdagi tinch-osoyishta muhit, ulkan bunyodkorlik ishlari bilan muqoyasa qilishimiz hamda shu zamin, shu tuproq, shu erkin va obod Vatanda yashayotganimizdan baxtiyorlik tuyg‘ularini his etamiz. Orzu va intilishlari qadr topgan, kelajagini yaratish uchun barcha shart-sharoitlar hozirlangan jamiyatda umrguzaronlik qilayotganimizga shukrona aytamiz.
Alloh taolo Baqara surasining 152-oyatida: “Shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”, deb marhamat qilgan. Shunga ko‘ra bizlar o‘zimizda mavjud bo‘lib turgan ne’matlarga shukrona keltirishni yoddan chiqmasligimiz lozim bo‘ladi. Zero, hikmatli so‘zda: “Shukr qilish borini bog‘laydi, yo‘g‘ini chorlaydi”, deyilgan.
Rahmatillo USMONOV,
O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Paxtachi tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor uchrashuvlarni samarali va mazmunli tashkil etish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. U kishi har bir masjid imom-xatibi hamda mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Ahmadxon domla, Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayev hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar doirasida:
Har bir xonadonda samimiy muloqot o‘rnatilib, ezgu duolar qilindi. Ota-onalarning minnatdorliklari barcha ishtirokchilar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.
Viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini ado etib, jamoatga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:
Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidida “Salomatlik va osoyishtalik – eng katta boylik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy quvvatga to‘la ma’ruza qildi.
Yig‘ilish yakunida Paxtachi tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolari tahlil qilindi. Masjid hujjat yuritishi, obodonchilik ishlari va jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.
Rahbarlar tomonidan aholi bilan yaqin hamkorlik qilish, diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va xayr-saxovat ishlarini yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz olib borayotgan xayrli ishlariga zafarlar tilab, birgalikda xayrli duo qildilar.
Bu sayyor yig‘ilish Paxtachi ahli uchun nafaqat amaliy yordam, balki ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati