Bir otaxon urush yillarida boshidan o‘tkazgan voqealarni hikoya qilib berdi:
“O‘n ikki ming kishi olmonlar lagerida tutqun edik. Bizga umuman ovqat berishmasdi. Avval o‘t-o‘lanlarni yedik, qancha odam shishib o‘ldi. Keyin tomirlarni kavlashga tushdik, chunki yer ship-shiydam cho‘lga aylangandi. Har kuni yuzlab odam jon berar, mening ham ajalim ko‘zim oldidan o‘tardi. U yerlardan qutulib chiqishga zarracha ishonch yo‘q edi. Shunda ibodatga qattiq berildim. Oldin ham namoz o‘qirdim, lekin o‘limga ro‘para turib ado etganlarim boshqacha bo‘ldi. Qulluq-niyoz faqat Allohga edi. Undan boshqasini unutgan, Undan boshqasidan umidimni uzgandim.
Shunday kunlarning birida chekkaroqda xufton namozini o‘qiyotsam, yonimga bir narsa tap etib tushdi. Namozni tugatib qaradim, simning u yog‘idagi soqchi o‘sha narsaga imo qildi-da, nari ketdi. Olib ochsam, qo‘rda pishirilgan kartoshka ekan! Yuragim hapqirishini ko‘ring. Darhol qo‘ynimga tiqdim. So‘ng uxlagan bo‘lib, sekin shima boshladim. Chaynashga qo‘rqaman, chunki og‘zimda bir narsa borligini bilishsa, meni talab ketishlari aniq edi.
Ertasiga haligi askar yana kartoshka tashladi. Ikki kundan keyin yana… Kunora kelib turgan rizqim menga quvvat bag‘ishlardi. Askar bilan shu tariqa “og‘a-ini” bo‘lib oldik.
Qisqasi, rizqim tugamagan ekan, yetib turdi. Uni qayerdan, qanday yetkazishni rizq beruvchi Zot yaxshi biladi. Ammo, bolalarim, bu rizq faqat namozim sababli edi. Axir namoz o‘qimasam, o‘sha askar meni shuncha mahbus orasidan qanday tanib olardi?!
Shunday qilib, o‘lim lageridan omon chiqdim. So‘ng bizni konlarda ishlatishdi. Qancha odam u yerda o‘lib ketdi. Men esa Allohning marhamati bilan yana omon qoldim. Sovetlar g‘alaba qozonganidan keyin mahbuslarning ko‘pchiligi, sotqin, deya otishga, qamoqqa hukm qilindi, ammo mening peshonamga omonlik yozilgan ekan, sog‘-salomat yurtimga qaytdim. Shuning uchun hamisha Allohga suyaninglar, namoz bilan Allohdan madad so‘ranglar…”
Bu hikoyadan keyin davradagilar buyuk bir ishga – namozga shaylandilar. Zero, vaqti ham kirib qolgan edi.
Manbalar asosida Baxmal tumani «Abay» jome masjidi
imom-xatibi Baratov Alisher tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.
Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.
Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.
Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.