Yoshgina ayol tuxum sotayotgan kampirdan tuxumning narxini so‘radi.
Kampir: “Donasi 500 so‘mdan”, deb javob berdi.
"2500 so‘mga oltita tuxum berasizmi”, salkam qarzini so‘raganday balandroq ovozda dedi ayol va qo‘shimcha qildi: “Bo‘lmasa, ketaman-da, boshqa joydan ham olaveraman”.
Keksa kampir bir muddat dam tuxumlarga, dam ayolga qaradi-da: "Mayli, olaqoling, ertalabdan beri bittayam sotolganim yo‘q, harna sotilgani”, deb tuxumlarni xaltaga solib berdi.
Ayol go‘yo katta g‘alaba qilgandek, tuxumlarni va sumkalarini ko‘tarib mashinasi turgan joyga qarab yurdi. Yangigina avtomobilga o‘tirib, dugonasi bilan uchrashishi belgilangan restoranga keldi. Dugonalar ko‘ngillari tusagan taomlardan yeb, xohlagan ichimliklarni ichib, maza qilishdi. Turib ketishayotganda, hisob keltirishdi. Haligi ayol hisobda ko‘rsatilgandan ortiqcha pul berib, “qaytimi kerakmas”, degandek qo‘li bilan ofitsiantga imo qilib qo‘ydi .
Bu voqea restoran xo‘jayiniga arzimagan foyda keltirgan bo‘lsa-da, tuxum sotayotgan kampirga katta zarar edi.
Nega biz kuchimizni ojizlardan narsa sotib olayotganda ko‘rsatamiz? Nima uchun bizning saxiyligimizga muhtoj bo‘lmagan odamlarga xayr qilgimiz kelib qoladi? Nega to‘y-hasham, ma’rakalarda o‘ziga to‘q odamlarga boshqa joy, boshqacha dasturxon ko‘rsatiladi-yu oddiy xalqning o‘rni boshqa bo‘ladi?
Ilgari qayerdadir o‘qigandim:
"Mening otam muhtoj odamlarning sotayotgan narsasini kerak bo‘lmasa ham so‘raganidan ortiq narxda sotib olardi. Men undan buning sababini so‘rasam: “Mana shu haqiqiy oliyjanoblik”, deb javob bergandi.
Yoqub Umar tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bemor shifokorning huzuriga bordi. Qabul bo‘limida o‘tirgan xodima undan navbatsiz kiritish evaziga qo‘shimcha 50 ming so‘m oldi.
Shifokor bemorga muayyan bir kompaniya ishlab chiqargan dorini yozib berdi, chunki uning sotuvdan o‘z ulushi bor edi.
Hamshira bemorga dorini yon atrofdagi dorixonadan sotib olishni tayinladi, chunki bundan unga ham vositachilik haqqi (komissiya) berilardi.
Shifokor bilan til biriktirgan o‘sha farmatsevt (dorixonachi) ishini tugatib, uyiga qaytish uchun taksiga o‘tirdi. Vaqt kech bo‘lib qolgani sababli, haydovchi undan ikki baravar haq talab qildi.
Haydovchining guvohnomasi muddati o‘tgan edi. Yo‘lda YPX (yo‘l patrul xizmati) to‘sig‘iga duch keldi. YPX xodimi unga 500 ming so‘m jarima solmaslik evaziga undan 50 ming so‘m oldi.
Ertasi kuni YPX xodimi kasal bo‘lib qoldi va o‘sha shifokorning huzuriga bordi... va shu tariqa voqea qaytadan takrorlandi.
Mana shunday qilib, harom topilgan pul bebaraka va besamar ishlarga sarf bo‘lishi bilan birga, haromdan hazar qilmaydigan kimsalarning kundalik hayoti ana shunday muammolar girdobi ichida qoladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV