Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2026   |   10 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:05
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:22
Bismillah
24 Iyul, 2026, 10 Safar, 1448

Qur’onning sifatlari

13.08.2018   14812   3 min.
Qur’onning sifatlari

Qur’oni karim, insu jins jam bo‘lib uning o‘xshashini keltirishdan ojiz qolgan, butun insoniyatning nusrat mayog‘i bo‘lgan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatiga o‘zidan keyin mahkam tutishga buyurgan Alloh taoloning samoviy kitobidir.

Qur’oni karimni tutib, unga amal qilgan kishining Allohga yaqinligi ortadi, uning tiynatida Qur’oniy sifatlar gavdalanadi. Alloh taolo Qur’oni karimni bir necha joylarida turli sifatlar bilan vasf qilgan. Qur’on u:

  1. 1. Ruhdir. Alloh taolo “Ana shunga o‘xshash, Biz senga O‘z amrimizdan bir ruhni vahiy qildik. Sen kitob nimaligini ham, iymon nimaligini ham idrok qilmas eding”.

Oyati karimada Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingan Qur’onni “Ruh” deb atamoqda. Ruh hayot negizi hisoblanadi. Ulamolarimiz kishining jismoniy tirikligi ozuqa bilan bo‘lsa, ruh va qalb olamining tirikligi ma’naviy oziqlar bilan bo‘ladi, ma’naviy oziqning eng oliysi – oliy Zotning Kalomidir, deya Qur’on ila ruhlarimizni oziqlantirishga chorlaganlar.

  1. Nurdir. Alloh taolo Moida surasining  15-16-oyatlarida: “…Batahqiq, sizlarga Allohdan nur va oydin Kitob keldi” deya marhamat qilgan. Qur’onni mus'hafga qarab tilovat qilish ko‘zni o‘tkirlashtiradi, tilovati bilan mashg‘ul bo‘lgan kishining zehni o‘tkirlashadi. Buning sababi Qur’onning nuri o‘tganidir.
  2. Eng to‘g‘ri yo‘lga boshlovchidir. Alloh taolo Isro surasida: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur…” deya Qur’onni vasf qilgan. Qur’oni karim qiyomatgacha uning oldidan va ortidan botil kelmaydigan kitobdir. Kim uni tutsa to‘g‘ri yo‘lni tutgan bo‘ladi.
  3. 4. U hidoyat va shifodir. «U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir…” (Fussilat surasi, 44-oyat). Qur’on karim yuqorida aytilganidek, hidoyat – to‘g‘ri yo‘lga boshlovchidir. Shuningdek, qalb va jism xastaliklariga ham shifodir.

Azaliyligu abadiylik O‘zigagina xos bo‘lgan Zot:

Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni qilgan kasblari tufayli tutdik.”, deya marhamat qilgan (A’rof surasi, 96-oyat). Alhamdulillah, Rabbimiz amri ila U yuborgan barcha narsalarga iymon keltiramiz. U buyurganidek, ibodat qilamiz va rahmatidan umidvor, azobidan xavfda bo‘lamiz.

Rabbimiz kalomini qanchalik mahkam tutsak, bizga Allohning barakoti shuncha ziyodalashadi. Ayniqsa, uning tilovatini qilib yoki tinglab, ma’nolarini o‘rgansak, inshoalloh, Qur’onning yuqorida keltirilgan sifatlariga erishamiz va ikki dunyo saodatidan bahramand bo‘lamiz!

Barcha holatlarimizda hojatbarorimiz, tarbiyachimiz bo‘lgan Alloh taolo Qur’oni karim ila xulqlanishimizda ham O‘zi tavfiq ato qilguvchimiz bo‘lsin. Amin!

Muhammadiy Ergashev

manba: nasihat.uz

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

MUNOSABAT: ISLOMIY MOLIYA RIVOJIDA YANGI DAVR

24.07.2026   1764   2 min.
MUNOSABAT: ISLOMIY MOLIYA RIVOJIDA YANGI DAVR

Markaziy bank huzurida yurtimizda islomiy moliya sohasini tizimli rivojlantirish, uning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Islomiy moliya kengashi tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur yangi tuzilma islomiy xizmatlar ko‘rsatuvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazoratidagi boshqa muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial (jamoaviy) organ sifatida ish olib boradi.

E’tiborli jihati, Kengash tarkibi islom huquqi sohasida chuqur bilim va boy tajribaga ega bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari hamda texnik ekspertdan iborat 5 nafar a’zoni qamrab olgan. Bu esa mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini xalqaro talablar va shar’iy qoidalar asosida rivojlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash hamda aholi va tadbirkorlar uchun muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan 2022 yili tashkil etilgan Diniy idora qoshidagi Fatvo markazi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH davlatlari orasida ham maqomi jihatidan yagona markaz sanaladi.

Bugungi kunda markazda Muftiy hazrat boshchiligida 20 nafar yetuk ulamo yettita asosiy ilmiy va amaliy yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, Markaz huzuridagi diniy savol-javoblarga ixtisoslashgan Koll-markaz va media tarmoqlari orqali mo‘min-musulmonlarning murojaatlariga muntazam va tezkor javob qaytarib kelinmoqda.

Qayd etish joizki, markaz nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki xorijda mehnat qilayotgan yoki tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatgan. Xususan, 2025 yildan boshlab chet eldagi yurtdoshlarimizning diniy-ma’rifiy va moliyaviy savollariga ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. 

Kuniga o‘rtacha 1000 dan ortiq murojaatni qabul qilayotgan Fatvo markazi o‘tgan faoliyat davrida bir milliondan ortiq savolga shar’iy va asosli javoblarni taqdim etdi. Shuningdek, 3 jilddan iborat “Fatvolar to‘plami”,  “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi”, “E’tiqodga oid zarur masalalar” kabi dolzarb mavzulardagi 10 dan ziyod kitob nashr etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolarining Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashida ishtirok etishi esa yurtimizda tadbirkorlik va moliya tizimining rivojida yangi davrni boshlab beradi, insho Alloh. 

Alloh taolo yurtimizda islomiy moliya sohasidagi yangi islohotlarni bardavom va xayrli qilsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari