Olimlarning fikricha, insonning miyasida milliardlab aql hujayralari bo‘lib, inson o‘qigan sari shu zarrachalar ochilib borarkan. Inson ilmdan uzoqlashib, o‘qimay qo‘ysa, hujayralar o‘lib, aql qorong‘ilashib, johillik botqog‘iga botib borar ekan. Kitobni ko‘p mutolaa qilish qalb oynasini yaltiratib, sayqallaydi. Chunki kitob eng sodiq do‘st, ishonchli sirdosh. Kitob va ilm bois rizq-ro‘zimiz mo‘l bo‘ladi. Pirovardida, yurt va davlat ham kuchli bo‘ladi. Odamlar ichida sadoqat va o‘zaro oqibat rishtalari mustahkam bo‘ladi.
Kitob bilan ongimizni o‘tkirlab, keskir qilib turmasak, aqlimiz borgan sari o‘tmaslashib, zanglab boradi. Zanglagan aql esa hech narsaga yaramaydi.
Bir otaxonni tanirdim, Alloh rahmat qilsin, 85 yoshida vafot etdi, oldimga tinmay kitob so‘rab kelaverardi. Keksaligiga qaramasdan, olti oyda o‘n beshtadan ortiq kitobni boshdan oxirigacha o‘qidi. Kunlarning birida otaxon:
– Yana ham yaxshi kitobingiz bormi? – dedi. U kishiga mos kitob topgunimcha bir oz xijolat chekdim. Ammo yana bir kitob topib, qo‘llariga tutqazdim. To‘g‘risi, otaxonga bergan kitoblarni ko‘pimiz to‘liq o‘qimaganmiz. Bir yil ichida ilmlari, ongi va tushunchalari shu qadar oshdiki, men bilan ilmiy munozaralar qilishga shu qadar shoshdiki, asti so‘ramang. Ilm aqlni tezgir aylashi va ilm izlash qabrgacha bo‘lishining hikmatini ko‘rib, Parvardigor, qudratingga ming tasanno dedim. Otaxon vafotiga qadar kitob o‘qidi.
Aziz kitobxon! Shuni bilingki, kitob insonni ulug‘likka yetaklaydi. Kitob o‘qisangiz, asar qahramoni bilan dildan suhbatlashasiz. Tushlaringizda birga yurib, uning yaxshi fazilatlarini o‘zingizda mujassam aylaysiz. Xato va kamchiliklaringizni tuzatasiz, yashashdan maqsad nimaligini anglaysiz. Bu esa ulkan baxtdir. Shu sabab kitobga oshno bo‘ling, qadrdon!
Aqlni ilmu hikmat aylagay tezgir,
Qilichu xanjardan bo‘ladi keskir.
Fikring daryosini gar bossa loyqa,
Qalbing qorayib, jisming ham eskir.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarining tuman va shahar bosqichlariga start berildi.
Musobaqalar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va yangi kelajakni birga quramiz!» bosh g‘oyasi ostida tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Sport tadbirlari dasturidan futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka kabi sport turlari o‘rin olgan.
Ilk saralash bahslari 23 iyul kuni tuman (shahar) bosqichlari bilan boshlandi. Unda viloyatdagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar va vakillik xodimlari faol ishtirok etmoqda.
Hududiy bosqichlarda zafar quchgan ishtirokchilar va jamoalar Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan viloyat final bosqichida g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati