Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

03.08.2018 y. O‘z joniga qasd qilish – og‘ir jinoyat

02.08.2018   10721   8 min.
03.08.2018 y. O‘z joniga qasd qilish – og‘ir jinoyat

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda dolzarb muammolar qatorida o‘z joniga qasd qilish muammosi hanuzgacha kishini tashvishga solib kelmoqda. Inson hayoti davomida duch keladigan har qanday sinov, qiyinchilik, muvaffaqiyatsizlik, musibatlarga sabr qilib, Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashasa, Yaratganning rahmatini topgan bo‘ladi. Turli shaytoniy vasvasa, tushkunlik va  umidsizlikka berilmay, Inson degan ulug‘ nomga muvofiq ish tutishi kerak bo‘ladi. Zero, Alloh taolo Odam farzandlarini mukarram qilib yaratgan bo‘lib, Qur’oni karimda bu haqda bunday deyiladi:

 وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ

وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا  (سورة الإسراء/70).

ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi, 70-oyat).

Shunga qaramay, keyingi vaqtlarda jamiyatimizda ayrim kishilar bilib-bilmay, ayniqsa, xotin-qizlar o‘zlarining jonlariga qasd qilib, Alloh taolo ato etgan hayot nurini bevaqt o‘chirishga, ikki dunyoda abadiy la’natga va do‘zax azobiga duchor bo‘lishdek og‘ir gunoh qilishga o‘tmoqdalar. Dinimiz ta’limotida insonning o‘z joniga qasd qilishi juda ham qattiq qoralanadi.

Alloh taolo aytadi:

"… لَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا "  )سورة النساء /29(

ya’ni: “...o‘zlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir” (Niso surasi, 29-oyat).

Qolaversa, ko‘plab sahih hadislarda o‘z joniga qasd qilish og‘ir gunoh ekani va uni amalga oshirgan osiy banda jahannam o‘ti bilan abadiy azoblanishi ta’kidlanadi. 

عَنْ أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "مَنْ تَرَدّي مِنْ جَبَلٍ فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَهُوَ فِى نَارِ جَهَنَّمَ يَتَرَدّي فِيهَا خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَ مَنْ تَحَسّى سَمًّا فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَسَمُّهُ فِى يَدِهِ يَتَحَسَّاهُ فِى نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَ مَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيدَةٍ فَحَدِيدَتُهُ فِى يَدِهِ يَتَوَجَّأُ بِهَا فِى نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا"

(ﺭَﻭَﺍﻩُ الامَامُ ﺍﻟﺒُﺨَﺎﺭِﻱ ﻭَالامَامُ ﻣُﺴْﻠِﻢٌ(

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim tog‘ tepasidan tashlab, o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, o‘lgandan so‘ng jahannamda ham shu xil azobga giriftor bo‘ladi. Agar zahar ichib o‘zini-o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham abadiy shu azobga mubtalo bo‘ladi. Kim o‘zini temir parchasi bilan o‘ldirsa, o‘sha kimsa temir parchasi qorniga suqilgan holda jahannam o‘tida abadiy qoladi” (imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Yana boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan:

 

 عَنْ أَبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "الَّذِي يَخْنُقُ نَفْسَهُ يَخْنُقُها فيِ النَّارِ وَالَّذِي يَطْعَنُ نَفْسَهُ يَطْعَنُها فيِ النَّارِ" (ﺭَﻭﺍﻩ الامَامُ ﺍﻟﺒُﺨَﺎﺭِﻱ)

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi va kim o‘zini olov bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobga qoladi”, – deganlar (imom Buxoriy rivoyati).

Muhtaram jamoat! Inson borki uning boshiga turli xil musibat va muammolar tushishi tabiiy hol. Bu musibatlarni yengib o‘tish haqiqiy musulmon insonning ishidir. biror sinov kelsa, osmonu falakni boshiga ko‘tarib ayyuhannos solib, dod-faryod qilish, o‘z joniga qasd qilishni barcha tashvishlardan qutilishning yagona yo‘li deb bilish – imonning zaifligidandir. Vaholanki, bu uslub yechim emas, balki  eng buyuk azob-uqubatning boshlanishidir.

عَنْ جُنْدَبُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ عَنْ النَّبِي صلى الله عليه وسلم قَالَ: "كَانَ مِمَّنْ كَانَ قَبْلَكُمْ رَجُلٌ بِهِ جُرْحٌ فَجَزَعَ، فَأَخَذَ سِكِّيْنًا فَحَزَّ بِهَا يَدَهُ، فَمَا رَقَأَ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ، قَالَ اللهُ تَعَالَى: "بادَرَني ابْنُ آدَمَ بنَفْسِهِ فَقَتَلَها، فَقَدْ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الجَنَّةَ" (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ).

ya’ni: Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhuning rivoyat qilishicha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Sizlardan oldin o‘tgan qavm orasida bir yaralangan kimsa bor edi. U og‘riqqa chiday olmasdan, qo‘liga pichoq olib, yaralangan qo‘lini kesdi. Natijada u qon yo‘qotish tufayli vafot etdi. Shunda Alloh taolo: “Bandam o‘zini-o‘zi o‘ldirib, mening unga bergan umrimga shukr qilmay, shoshildi. Shuning uchun unga jannatni abadiy harom qildim”, – dedi ” (imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisi qudsiy mazmuniga ko‘ra, o‘zini-o‘zi o‘ldirgan banda jannatdan abadiy mahrum qilinar ekan.

Shu munosabat bilan afsus ila zikr qilib o‘tish lozimki, shu kunlarda yurtimizning turli hududlarida har-xil yo‘llar ila o‘z joniga qasd qilish voqealari ayniqsa ayollar va yoshlar o‘rtasida ro‘y berib turibdi. Bu mudhish holatlar Islom shariatida qoralangani barobarida Alloh taoloning qazoyi qadariga ham tug‘yon qilish sanaladi. Qolaversa kishi o‘z xeshu-aqrabolarini va ota-onalarini ham og‘ir kulfatga solib qo‘yishga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida bolalar yetim qolmoqda, oilalar parokanda bo‘lmoqda.

Jahondagi  nufuzli islom  muassasalari, chunonchi Misr Arab Respublikasi Fatvo Boshqarmasi va Saudiya Arabistoni  ulamolari o‘zini-o‘zi o‘ldiruvchilar haqida maxsus fatvolar e’lon qilganlar. Shuningdek, fiqh kitoblarimizda o‘z joniga qasd qilib o‘zini-o‘zi o‘ldirgan shaxslarga ayrim ulamo va fuqaholar janoza namozi o‘qimaslik to‘g‘risida fatvo ham berganlar.

Joriy yilning 27 iyul kuni muhtaram Prezidentimiz ishtirokida jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektorda ta’kidlanishicha, o‘tgan 6 oyda 2066 ta o‘z joniga qasd qilish holati sodir bo‘lgan. Shundan yarmi vafot etgan. Oxirgi ikki hafta ichida 79 ta shunday hodisa ro‘y berdi. Andijon viloyati Jalaquduq tumanida bir ona o‘zini ikki farzandi bilan kanalga tashlab yuborgan. O‘zi omon qolgan, lekin ikki farzandi halok bo‘lgan. Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida bir ayol o‘z uyini yoqib yuborgan, oqibatda bolalari halok bo‘lgan. Bir ayol poyezdning tagiga chaqalog‘i bilan o‘zini tashlagan.

Yuqoridagi mudhish voqealar har qanday mo‘min-musulmonning qalbini larzaga solmay iloji yo‘q. Sabrsizlik esa, ana shunday oqibatlarga olib kelishligini voqe’lik ko‘rsatmoqda.

Alloh taologa shukrki, biz, musulmonlar, yashash uchun hamma sharoitlar to‘liq muhayyo qilingan, to‘kin, tinch va farovon jamiyatda yashamoqdamiz. Birov-birovning haq-huquqini kamsita olmaydi. Bunday adolatli jamiyatda yashash ayni saodatdir. Binobarin, bizning Vatanimizda o‘zini-o‘zi o‘ldirishga hech qanday sabab yo‘q. Har qanday ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni sabru qanoat va husni tadbir bilan hal qilsa bo‘ladi. Ammo besabrlik ila noshukrlik qilinsa, oqibati xayrli bo‘lmaydi!  

Alloh taolo bizga omonat qilib bergan hayot ne’matini va umrimiz yillarini chiroyli solih amallar qilishga, savobli ishlar bilan o‘tkazishga, kundalik hayotiy qiyinchilik va muammolarimizni aql-zakovat bilan  hal etishga  harakat qilish va Alloh taoloning rahmatidan doimo umidvorlik bilan yashashga intilish – haqiqiy iymonli insonning barkamol fazilati  hisoblanadi.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama kuchli, baquvvat, barkamol qilib voyaga yetkazishga barchamiz mas’ulmiz!

Alloh taolo har bir bandasiga ato etgan ne’matlariga shukr qilishni va  sinov uchun yetgan musibatlarga sabr qilishni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

10.08.2026   14807   2 min.
“Uthaym” gazetasi: Madaniy merosni asrash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim yo‘nalishiga aylangan

Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.

Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.

Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari