Hosid har kuni kimnidir chaqib turmasa, hasad qilmasa turolmaydi. Bu shunday dardki, o‘zi birovga qishda qor bermaydi, o‘zgalar berganini esa ko‘rolmaydi. Goho o‘ziga-o‘zi hasad qilur, bu dardga uni kibru havo solur. Hasad zahrini solishga kimsa topilmasa, o‘zini-o‘zi chaqur. Naqadar ayanchli!
Dunyoda yurak xastaligidan og‘riganlarning aksari hasad sabab ushbu dardga yo‘liqadi, yorug‘ olam nuriga hasad-la boqib, jon taslim qiladi.
Allohning qudrati bilan chayonning bolalari o‘z onalarini yeb kattarar ekan. Hasad ham, hasadchini yeb bitirar ekan.
Ey aziz farzand! O‘zingni hasaddan saqla, hasad shunday dardki, u go‘yo achchiq alaf kabidir, u alaf asalga qo‘shilsa, uning ta’mi va rangini buzadi. Hasad qalbning va imonning kushandasidir. Bu dunyoda havas bilan yashagin, hasad bilan emas. Shunda orzuingdagi baxtga erishasan.
Ilonu chayondek chaqma har kimni,
Bolasi chayonni yeydi qilib yem.
Qalbingda to‘plasang lim-lim hasadni,
Bir kun kelib, o‘zing yig‘laysan yum-yum.
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Badavlat insonlarning biri aytadi: "Meni alohida hissiyotlar boshqarmaydi. Chunki men dunyodagi eng badavlat insonman. Oddiy hayotda, kichik bir uyda ayolim bilan yashayman. Spirtli ichimliklar ichmayman, chekmayman. Suratlari gazetalarni to‘ldirib yuborgan, sohillardagi qasrlarda yashaydigan, hayotlari shovqin suronli bo‘lgan va nikohlari go‘zal qizlar bilan bo‘ladigan milliarderlar hayotiga oshiq bo‘lmayman. Ularning bu nikohlari odatda evaziga millionlab dollar beriladigan ajralish bilan tugaydi.
O‘z ishimni sevaman, u bilan baxtliman. Ko‘pincha ish joyimda yeyish uchun taomimni olib ketaman. Qo‘limga million dollar tushib qolishini tasavvur qilsam xayollarimni shodlik qurshab olmaydi, ammo ona shahrimning rivojlanishiga go‘zal ko‘chalar qurish bilan hissa qo‘shayotganimni o‘ylasam shodlanib ketaman. U bugun men qurayotgan yo‘llar bilan dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biri bo‘layotganidan xursand bo‘laman. Qisqa qilib aytganda mening baxtim ishimni mukammal ado etishimdadir".
Shu’la: Afsus-nadomat kemani dengiz chuqurliklaridan chiqara olmaydi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan