Bir kishi baliq konserva zavodida ishlardi. Bir kuni u ish tugaganidan keyin muzlatgich ichiga kirib atrofni ko‘zdan kechirayotganda to‘satdan muzlatgich eshigi yopilib qoldi. Endi unga kim yordam beradi? U bor kuchi bilan eshikni tepar, ovozini boricha baqirar edi. Lekin… Bari befoyda. Shu alfozda besh soat muzlatgich ichida qoldi. Dunyo bilan xayrlashishi aniq bo‘lib qoldi. To‘satdan bir kishi eshikni ochib ichkariga kirdi. Qarasa, bir kishi o‘lim bilan olishib yotardi. Unga tezda yordam ko‘rsatildi. Kishi dunyoga qaytadan keldi. Yordam qo‘lini cho‘zgan kishi shu zavodning qorovuli edi. Undan so‘radilar: “Muzlatgich ichida odam borligini qayerdan bildingiz?”
– Men bu yerda o‘ttiz besh yildan beri ishlayman. Xizmatchilar orasida bir kishi men bilan ertalab tabassum ila salomlashar, qaytayotib yana shu alfozda xayrlashar edi. Shu kuni ish tugaganidan so‘ng o‘sha kishini ko‘rmadim. Ko‘nglimda nima bo‘ldi ekan degan savol paydo bo‘ldi. Uni izlay boshladim. Nihoyat uni muzlatgich ichidan topdim.
Suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
«Birodaring yuziga tabassum qilishing SADAQADIR»
Mana sizga hadisga amal qilishni mukofoti. Mana sizga tabassumning ta’siri.
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: “Muxtasarul viqoya” kitobida asr va xufton namozlaridan oldin to‘rt rakat namoz o‘qish mustahabdir”, deyilgan ekan. Bu gapning dalili bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Hanafiy mazhabida yoritilgan masalalar, xususan, ibodatga oid masalalarning dalillari bor. Buni ayrim manbalar zikr qilgan bo‘lsa, “Muxtasarul viqoya” kabi ixcham shaklda yozilgan kitoblar keltirmagan.
Muxtasarul viqoya kitobini sharhlagan olimlardan biri Mulla Ali Qori rahimahulloh ibora ostida quyidagi hadisni zikr qilganlar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xuftondan oldin to‘rt rakat (nafl) namoz o‘qisa, go‘yoki o‘sha kechasini tahajjud bilan o‘tkazgandek bo‘ladi. Kim ularni xuftondan keyin o‘qisa, go‘yoki qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazgandek (savobga ega) bo‘ladi”, dedilar”.
Said ibn Mansur rahimahulloh mazkur hadisni “Sunan”ida rivoyat qilgan. Imom Nasoiy rahimahulloh uni Ka’b roziyallohu anhu so‘zlaridan, imom Bayhaqiy esa Oisha roziyallohu anho so‘zlaridan rivoyat qilgan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi