Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2026   |   6 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:46
Bismillah
21 Iyun, 2026, 6 Muharram, 1448

Nasab

31.07.2018   9909   3 min.
Nasab

Kichik davra yig‘inlarda otaxonlar “Kimlardansan?” deb so‘rashardi. “Falonchilardanman”, desangiz, “Bobolaring zo‘r odam edi. Xudo xohlasa, sen ulardan kam bo‘lmaysan, ko‘p kitob o‘qi, harakat qil!” derdilar. Boshqalardan ham bir-bir so‘rab, “Shunaqami? Sening avloding falonchilardan, seniki falonchilardan. Sening avloding ham ulug‘lardan, Xudo xohlasa, sizlar ulardan ham buyuk bo‘lasizlar, ajdodlaringizga munosib bo‘ling!” deb yoshlarga dalda berishardi. Biron kishiga sening ajdodlaring yomon, pastkash demasdilar. Maqsadlari yoshlarni ezgulikka boshlash, ularning ko‘nglini qoldirib, sindirishni istamaganlar. Ajdodlarimizning olijanob sifatlarini eshitib, ularga o‘xshashga intilar edik. Ularning siymolari ko‘z o‘ngimizdan ketmasdi.

1970 yillar edi, bir kuni yoshi to‘qsonlarga yaqinlashgan bir otaxon uyimizga mehmon bo‘lib keldi. Suhbat asnosida bobolarimdan birining hayotini hikoya qilib berdi.

– Ajdodlaringdan Egamberdi degan bir zot o‘tgan. Nihoyatda pok qalbli, taqvodor, Allohdan chin dildan qo‘rqadigan inson edi. Masjidga boshida salla, egnida yaktak, oq ko‘ylak, oq shalvar, mahsi-kavush kiyib kelardi. U odam jun savdosi bilan shug‘ullanardi. O‘n-o‘n besh eshakka jun ortib Samarqanddagi bozorlarning birida sotardi. O‘sha payt Oqdaryo va Qoradaryo (Zarafshon) pishqirib oqardi. Ikki daryoni kechib o‘tish ming mashaqqat edi. Shu mashaqqat va og‘irliklarni yengib, tijorat qilardi. Shaharga borishda eshaklarning hammasiga jun ortar, bittasiga o‘zi minardi. Junni sotib, qaytishda hammasini oldiga solib piyoda haydab kelardi. “Boy buva, nimaga eshaklaringizni biriga minib olmasdan, hammasini piyoda haydab kelasiz?” degan savolga: “Savdodan qaytishimda bironta eshakka yuk ortmayman. Hammasi yuksiz qaytadi. Bularning ichida bittasiga minib yuk bo‘lsam, qolganlari yuksiz bo‘lsa, qiyomat kuni mingan eshagim, Alloh taologa: “Bu bandang menga zulm qildi. Meni minib, boshqa eshaklarni minmadi, adolat qilmadi!” deb da’vo qilsa, nima qilaman, deb javob bergan ekan.

Shu sabab: “Asl aynimas, oltin zanglamas”, degan maqol bejizga aytilmagan. Zero, yaxshi odamlarning farzandi baribir yaxshi bo‘ladi. Orada ma’lum vaqt yomon bo‘lsa, darrov malomat qilmang, chunki pok naslli farzandlar kuni kelib eng yaxshi odam bo‘lishiga shubha yo‘q. Yomonlarning farzandlaridan ham yaxshilar chiqadi. Chunki ota urug‘ yomon bo‘lib, ona tomon yaxshi bo‘ladi yoki buning aksi bo‘ladi. Albatta, bu farzandlarga o‘tadi. Ammo ikki tomon ham munkir, betavfiq, nasli tayinsiz bo‘lsa, bundaylardan yaxshi odam chiqishi dargumon. Asli yomonni qancha tarbiyalamang, ilm bermang, baribir, borib-borib nasliga tortadi.

Aziz qardosh! Asl-naslimiz ulug‘ alloma va avliyolardir. Bahodir, pahlavon, dunyoga dovrug‘ solgan zotlarning avlodimiz. Ular bilan har qancha faxrlansak arziydi. Biz ham ajdodlarimiz kabi ilmda, mehnat va hunarda, bahodirlikda peshqadam bo‘laylik, toki kelajak avlod biz haqimizda doimo yaxshi gaplar gapirib, haqimizga duo qilishsin.

Kuyinma, yaxshidan yomon chiqdi deb,

Suyinma, yomondan yaxshi chiqdi deb.

Yaxshi inson baribir asliga qaytar,

Yomon ham kun kelib, nasliga tortar.

 

“Qasamini buzgan qiz” kitobidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

19.06.2026   13979   1 min.
Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

Savol: Fazilatli oy va kunlarda nafl ro‘zalar tutib turaman. Ba’zida shunday holat bo‘ladiki, bomdodga turganimda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘ladi, lekin men shu kuni bemalol ro‘za tutishga kuchim yetadi. Shu vaqtda ro‘zaga niyat qilib olsam bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, nafl ro‘zalar uchun saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hatto kun yarmiga yetmaguncha niyat qilib olish mumkin, faqat saharlik vaqti chiqqandan keyin ro‘zani buzuvchi amallardan birortasini ham qilmagan bo‘lishi shart.

Demak, siz ham uyg‘onganda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hech narsa yeb-ichmasdan nafl ro‘zani niyat qilib olsangiz bo‘ladi.

Aslida ro‘za tutishni niyat qilish vaqtlari ikkiga bo‘linadi.

Birinchisi, qazo ro‘za, kafforat va ma’lum bir kunni tayin qilmagan nazr ro‘zalarni tutishda saharlik vaqti chiqmasdan turib niyat qilish shart bo‘ladi. Saharlik vaqti chiqqandan keyin qilgan niyati hisobga o‘tmaydi.

Ikkinchisi, Ramazon ro‘zasi, nafl va muayyan kunda tutish nazr qilingan ro‘zalarni shar’iy nahorning yarmiga yetmagunicha niyat qilib olish mumkin. Shart shuki, niyat qilguncha ro‘zani buzadigan hech qanday ish qilmagan bo‘lishi kerak. Masalan, saharlik vaqti chiqqandan keyin biror nima yeb yoki biror qultum suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, ro‘zaga niyat qila olmaydi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi