Savollarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob beradi.
Savol: Assalomu alaykum. Yangi tug‘ilgan chaqaloq qulog‘iga azon aytilganida qay tarzda aytiladi? O‘ng va chap qulog‘iga alohida aytib chiqiladimi yoki bir marta aytiladimi?
Javob: Va alaykum assalom! O‘ng qulog‘iga azon, chapiga iqoma aytiladi. Bolani qibla tomonga tutib, avval o‘ng qulog‘iga azon, so‘ng chap qulog‘iga iqoma aytiladi.
Savol: Assalomu alaykum. Xavfli, urushadigan sport bilan shug‘ullanaman《MMA》 bu sport islom dinida mumkinmi? Odamlarga ozor yetkaziladigan boks va yana shunaqa sportlarga fikringiz qanday?
Javob: Va alaykum assalom! Islom odamlarning tanasiga emas, hatto qalbiga ozor beradigan ishlardan ham qattiq qaytaradi. Bizning fikrimiz emas, Islomning ko‘rsatmasi so‘raladi.
Savol: Assalomu alaykum. Domla men bir insonga sizga umuman sms yozmayman deb Allohning nomini tilga olib aytganman. Hozirga kelib afsuslanayapman, gapirgan gapimdan endi u inson bilan qanday muloqot qilsam bo‘ladi? U insonga faqat sms yozmayman deganman telefon qilib gaplashsam bo‘ladimi ?
Javob: Va alaykum assalom! Siz kimsizu, u odam kimligi bizga qorong‘u. Orada mahram-nomahramlik masalasi bor-yo‘qligi ma’lum emas bizga. Nomahram odam bo‘lsa, qasam ichmasangiz ham, sms yozish ham, telefon qilish ham mumkin emas. Ota-ona, aka-ukangiz bo‘lsa, qasamingizga tavba qilib, kafforot to‘lab, qayta sms yozish va telefonda ham aloqani tiklashingiz shart.
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.