Muhammad degan bir do‘stim tog‘da yashaydi. Yaqinda unikiga mehmonga bordim. U bilan texnikumda birga o‘qiganmiz. Qo‘ylari ko‘p. Ularni tong sahardan qir-adirlarga haydaydi. Musaffo tong havosida qo‘ylarini yaylovda aylantirib boqadi.
Kechki ovqatni tanovul qilish payti bo‘rining uvillagan tovushi o‘tovga yaqin yerdan eshitildi. Do‘stim bo‘rining uvillashidan zarracha tashvish chekmay, bemalol o‘tirardi. Tongda unga qo‘shilib, men ham qo‘y boqishga chiqdim. Qo‘ylarni haydab bir oz yurganimizdan so‘ng, adirda bir bo‘rini ko‘rib qoldim. Qo‘zidek o‘ljasini tishlab, yelkasida ko‘tarib borardi.
– Qarang, qarang, bo‘ri! Uni otish kerak, miltig‘ingizni bering, qochib ketmasin, – dedim. Do‘stim bo‘lsa, xotirjamlik bilan:
– Aslo! Bu bo‘ri qo‘shnim bo‘ladi. Bo‘ri yirtqich bo‘lsa-da, qo‘shnichilik haqini yaxshi biladi. Shu bois, biror marta bo‘lsa-da, qo‘ylarimga hujum qilgani yo‘q. Ovni boshqa joydan qilib, bolalarini boqadi. Hatto qo‘ylarimni boshqa yirtqichlardan himoya qiladi, deb bo‘riga qarab, so‘zida davom etarkan:
– Bir vahshiy yirtqich qo‘shnichilik haqiga shunchalik rioya qilsa-yu, men aqlli inson do‘stlikka nega xiyonat qilishim kerak! Axir biz aqlli jonzotmiz, biz qo‘shnichilik haqini goho mana shunday yirtqichlardan o‘rgansak bo‘ladi.
Ha, azizlar! Qo‘shnichilik haqi ulug‘, chunki qo‘shni yaxshi va yomon kunlaringizda doimo yoningizda yelkadosh bo‘ladi. Ba’zi musibat kunimizda uzoqdagi qarindoshimiz yetib kelgunicha qo‘shnimiz yonimizda bo‘ladi. Moddiy va ma’naviy yordam beradi. Shu bois, qo‘shnichilik haqiga rioya qilishimiz lozim. Qiyomatda yaxshi yoki yomonligimizni qo‘shnidan so‘rashar ekan...
Ozodlik neligin bo‘rida ko‘rgin,
Undan hamiyatu mardlikni so‘rgin.
Ajabki, qo‘shnilik hurmatin qilar,
Yovuz nafs amridan o‘zini tiyar.
“Qasamini buzgan qiz” kitobidan olindi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH