Shu yilning oxirigacha Koreya Respublikasining Gvangchju, Rossiya Federatsiyasidagi Moskva hamda Sankt-Peterburg shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligining vakolatxonalari ochiladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri agentlik boshlig‘i Ravshan Ibragimov so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.
«Keyingi yillarda esa ushbu tarmoqlar soni 8 tagacha yetkaziladi», deb qo‘shimcha qilgan agentlik boshlig‘i.
13 iyul kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida agentlik tomonidan taklif etilayotgan imkoniyatlar haqida ham so‘z bordi.
Xususan, kam ta’minlangan fuqarolarga tashkil qilingan maxsus jamg‘arma hisobidan imtiyozli stipendiyalar ajratilishi yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Shuningdek,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PQ-3584-sonli qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlik filiallari huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga chiqayotgan fuqarolarga temir yo‘l va aviachiptalarni 20 foizlik chegirma asosida sotishga ixtisoslashtirilgan maxsus kassalar (har bir viloyatda bittadan, butun respublika bo‘ylab jami 14 ta) tashkil etildi.
Anjumanda ma’lum qilinishicha, shu kungacha qariyb 12,5 mingta fuqaroga Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini olib borishlariga yordam berildi.
«2018 yilning 6 oyi mobaynida Janubiy Koreyaga 1243, Rossiya Federatsiyasiga 513, Turkiyaga 241, Polshaga dastlabki 5 nafar fuqarolar ishga yuborildi», deyiladi rasmiy bayonotda.
manba: Kun.uz
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati