Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2025   |   26 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
22 Iyun, 2025, 26 Zulhijja, 1446

Qur’onni necha yoshdan boshlab yodlagan ma’qul? Bu kitobning shifo bo‘lishi haqida bilasizmi?

14.07.2018   3579   9 min.
Qur’onni necha yoshdan boshlab yodlagan ma’qul? Bu kitobning shifo bo‘lishi haqida bilasizmi?

Ramazon fazilatlaridan biri bu oyda Qur’oni karim nozil qilinganidir. Mo‘minlarning Qur’onga bo‘lgan munosabati ham bu oyda yanada go‘zal ahamiyat kasb etadi. Uni o‘qish, tinglash, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq ortadi. Minglab qorilarimiz Ramazon kechalarida xatmi Qur’on o‘tkazilishi uchun xizmatda kamarbasta bo‘lishadi. Qur’on o‘qilgan joyga esa hisobsiz qut-baraka inadi. Qur’on o‘qigan, uni tushunib, rioya qilgan  kishidan esa hech qachon yomonlik chiqmaydi.

— Qur’on hofizlarini tayyorlash, ularni saralab, rag‘batlantirib, qo‘llab-quvvatlab borish ishiga bugun alohida e’tibor ko‘rsatilayotir, — deydi Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi, poytaxtimizdagi Xoja Ahror Valiy jome masjidi imom-xatibi Sobirjon RUSTAMOV. — Bu yil yurtimiz tarixida birinchi marta respublika qorilar musobaqasining o‘tkazilishi ham hayotimizda ulkan voqea bo‘ldi.  Qur’oni karimni o‘rganish, uni yodlash, qiroat qoidalarini o‘zlashtirish bugun bir qadar yuqori bosqichga ko‘tarildi.

 

— Ko‘pchilik Qur’oni karimni yodlashni qachondan boshlash kerakligiga qiziqadi. Ba’zilar bu yosh bolaga og‘irlik qiladi, deb hisoblashadi. Bu gap qanchalik asosli?

 

— Bolalikda zehn juda o‘tkir bo‘ladi. Farzandini hofizi kalom qilishni istaganlar ana shundan unumli foydalanib qolishni istashadi. O‘zim tajribamda maktab yoshiga yetmasdan yodlaganlarni ham ko‘rdim. Qori bo‘laman degan kishi har kuni takrordan uzilmasligi kerak. Tongda va kechqurun bir sidra takror qilinsa, xotiraga mustahkam o‘rnashib boradi. O‘zim shogirdlar va farzandlarimga xuddi shu usulni qo‘llaganman. Yaqinda respublika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan qorilar musobaqasida qizim g‘olib bo‘lib, umra safariga yo‘llanma oldi. Hozir poytaxtda Xoja Ahror Valiy jome masjidida xatmi Qur’on qilib berayotgan Abdulhafiz A’zamjonov va Xasibulloh Zaxadullayev ham endigina yigirmadan oshgan bo‘lishsa-da, qariyb o‘n yildan beri xatmga o‘tishadi.

Qur’oni karimni yodlagandan keyin uni xotirada mustahkam tutib turish uchun qorining xulq-atvori, avvalo, Qur’onga muvofiq bo‘lishi zarur. U nafaqat gunoh ishlar, balki behuda gap-so‘zlardan ham o‘zini tiygan, ilm va taqvoda mustahkam, boshqalarga har jihatdan o‘rnak bo‘ladigan inson bo‘lishi kerak. Shundagina Qur’on uning xotirasiga mustahkam o‘rnashadi. Yana muntazam takror qilish ham zarur. Qori biron kungina takror qilmasa, bu uning hifziga albatta ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun har qanday dangasalik va erinchoqlik qoriga yot bo‘lishi kerak. Qori ilm o‘rganish, o‘z ustida ishlashdan to‘xtasa, xotirasidagi kalomni boy berib qo‘yadi.   

 

  O‘zingiz ilm olishga katta ishtiyoq bildirib, 44 yoshingizda ham  talaba bo‘lgansiz. Oila tutumi, farzandlar tarbiyasi, ish va tirikchilikdan ortib, shu yoshda ilm uchun vaqt ajratish mumkinligi ko‘pchilik uchun noodatiy holat. Shunday emasmi?

 

— Janob Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bizni beshikdan qabrgacha ilm olishga chaqirganlar. Ilmni hatto Chindan bo‘lsa ham o‘rganib kelishga undaganlar. Qur’oni karimni o‘qish, yodlash, tushunish har birimizning birinchi galdagi eng muhim va davomiy vazifamizga aylanishi kerak. Qur’oni karimni qancha ko‘p o‘qib-o‘rgansak, uning fazli va barakasidan shuncha ko‘p bahramand bo‘lamiz.    

Bugun, mana, alhamdulillah, Ramazoni sharif munosabati bilan mamlakatimizning hamma masjidlarida tarovihlar o‘qil­yapti, ularda xatmi Qur’on qilinyapti. Qur’on tinglashga kelganlar hatto masjidlarimizga sig‘may ketyapti. Bu — xalqimizning Qur’oni karimga muhabbati, ixlosi va ehtiromining bir ko‘rinishi. Axir yoshu keksani bir necha soatlar davomida namozda tik turib Qur’oni karimni tinglashga undagan narsa shu emasmi?.. Bizning masjidimizda yoshi ulug‘ otaxonlar hech qiynalmasdan, malollanmasdan, va aksincha, g‘ayrat-shijoat bilan tilovatni tinglayotganlarini ko‘rib to‘lqinlanib ketasan kishi. Ular bilan gaplashganimizda xatmi Qur’ondan so‘ng o‘zlarida ajib bir yengillik his qilishganini aytishadi. Ular orasida yoshi to‘qsonga chiqqanlari ham bor. Aslida keksalikning o‘zi bir tuzalmas dard. Lekin inson Allloh taolo bergan umrni buyurilganidek tasarruf qilsa, hech narsa qiyin va og‘ir bo‘lmaydi. Yaqinda bir yuz besh yoshli otaxon haqida eshitdim. U inson shu yoshda ham o‘zlarini tetik-bardam his qilib, Ramazonning farz qilingan ro‘zasini tutayotgan ekanlar. Mana shijoat! Agar qalbda biron bir yaxshilikni qilishga niyat va ixlos bo‘lsa, u ish qancha murakkab bo‘lishidan qat’i nazar Alloh bandasiga uni oson qilib, bandani unga muvaffaq qilib qo‘yadi.

 

 Ya’ni, Qur’oni karim xastaliklarga ham davo bo‘ladi, shundaymi?

 

— Yo‘q, davo emas, shifo bo‘ladi. Aslida davo — kasallikning muolajasi uchun biron harakat qilishdir. Davo vositasida kasallik qisman yoki tamoman bartaraf qilinishi mumkin. Shifo esa hech qanday shak-shubhasiz xastalikni butkul tuzatadigan narsa. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karim Isro surasining 82-oyatida shunday marhamat qiladi:

«Biz Qur’onni shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz».

Ahamiyat beryapsizmi? Qur’on davo deyilmayapti. Oyatda aynan shifo so‘zi bor. Qur’oni karim nafaqat inson jismi, hatto jonsiz va qattiq jismlarni ham tozalab-poklovchi eng buyuk shifo manbaidir. Shuning uchun Qur’on o‘qilayotgan joyga ko‘pincha biron idishda suv qo‘yib qo‘yishadi. Boisi — o‘sha tilovat suvga katta ijobiy ta’sir o‘tkazadi va uni ichgan kishida ham shu ta’sir seziladi.

Qur’oni karimdan chinakam shifo topish uchun insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan jihatlar ham bor.

 Ular haqida ham aytib bera olasizmi?

 

— Bu har bir insonning Qur’oni karimga bo‘lgan munosabatida aks etadi. Men Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi qator davlatlarda bo‘lganimda Qur’onga har bir xalqning o‘z yondashuvi borligiga guvoh bo‘lganman. Bular Kitobni o‘qish-tilovat qilish, tushunish — ma’no tarjimalar va tafsir qilish, unga amal qilish hamda Qur’oni karimga bo‘lgan ehtiromda ko‘rinadi. Ulamolarimiz Qur’oni karimga munosabatda bir yuz ellikdan ortiq odob borligini aytishgan. Masalan, Qur’on o‘quvchi, avvalo, badan va kiyim pokligidan tashqari, xushbo‘y bo‘lishga ham alohida e’tibor qaratishi, Mus'hafni hamisha tepada tutishi, qiblaga yuzlanib, teparoq joyda o‘tirib tilovat qilish, o‘qiganini tushunib tafakkur qilishga intilishi hamda unga amal qilishda boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kabilarni sanab o‘tishgan. Shuningdek, xonaning Qur’on turgan tarafiga oyoq uzatish, o‘sha xonada uxlash ham beodoblik sanaladi.

 

 Bu yil tariximizda birinchi marta yurtimizda Qur’oni karim nashr etildi. Sotuvga chiqarilgan kuni uni xarid qilmoqchi bo‘lganlarning uzun navbati hosil bo‘ldi. Ko‘pchilik odamlarimizning bu ilohiy kitobga bo‘lgan muhabbatini olqishlasa, ba’zilar shuncha Qur’on o‘qisak ham hayotimizda uning ta’siri ko‘p emasligini ham mulohaza qilishdi. Bu borada sizning fikringiz qanday?

 

— Ikkala mulohazaning ham o‘z navbatida, o‘rinli jihatlari bor. Yuqorida aytganimizday, ma’nolarini tushunmasdan o‘qish va eshitishning ham katta foydasi bor. Shu bilan birga, Qur’oni karim faqatgina tinglab yo o‘qib qo‘yaverish uchungina emas, insoniyatga to qiyomatgacha dasturilamal sifatida nozil qilingan. Ana shu buyuk haqiqatni anglash va anglatish — vazifamiz. Birgina oyat yoki undagi birgina so‘z haqiqatiga yetish uchun ajdodlarimiz butun boshli katta-katta fan sohalariga poydevor qo‘yib ketishgan. Barcha kitoblarga Qur’onning hoshiyasi sifatida qarashgan. Bu degani hamma ilmlarning asosi Qur’oni karimga borib taqaladi, deganidir. Yozilgan kitoblarning barchasi Qur’oni karimdagi qaysidir haqiqatni izohlash-tushuntirish yo‘lidan boradi. Afsuski, o‘tgan asrda bunday qarashlar bizga unuttirildi. Natijada, ko‘plab ilmlar ildizsiz daraxtdek muallaq, tushunarsiz bo‘lib qoldi. Masalan, matematikaning asosi meros taqsimoti haqidagi to‘rt-beshta oyat ekanini bugun ko‘pchilik bilmaydi.

Imom Zamaxshariy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi olimlarimiz Qur’oni karimni har bir fanning asosi sifatida tushunishgan. Allomalarimiz jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shishganining boisi ham shunda.

Bu yil yurtimizda respublika miqyosida Qur’oni karim musaboqasi o‘tkazildi. Unda turli yosh toifalari bo‘yicha barcha xohlovchilar ishtirok etdi. Oldingi yillari bunday musobaqalar tor doirada, faqatgina diniy ta’lim muassasalari talabalari va diniy xodimlar orasida o‘tkazilardi. Bu yilgisi esa Qur’onni o‘rganishda salmoqli bir qadam bo‘ldi. Endi esa uning ma’nolarini o‘rganib, buyuk ajdodlarimiz ishlarining davomchisiga aylanishimiz kerak.  

 

G‘ulomjon BOBOJONOV

 suhbatlashdi.

manba: http://od-press.uz

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

20.06.2025   14508   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.

Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

Davron NURMUHAMMAD