Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Oyatlardagi “hidoyat” ma’nolarini bilasizmi?

24.06.2018   11640   33 min.
Oyatlardagi “hidoyat” ma’nolarini bilasizmi?

Hidoyat bandalar uchun so‘raladigan narsalarning eng sharaflisidir. Alloh taolo O‘zining nozil qilgan eng ulug‘ kitobida, bu eng ulug‘ kitobining eng ulug‘ surasida, eng ulug‘ ibodatda hidoyatni so‘rash ta’limini o‘rgatdi. Bu Alloh taoloning: إهدِنَا الصِّرَاطَ المُستَقِيم Bizni to‘g‘ri yo‘lga  yo‘llagin[1] oyatidir.

 Hidoyat Qur’onda ba’zi o‘rinda Alloh taologa nisbat qilingan:

 فَهَدَى اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا لِمَا اخْتَلَفُوا فِيهِ مِنَ الْحَقِّ بِإِذْنِهِ

 Alloh imon keltirganlarni ular ixtilof qilgan narsalar (ichi)dan O‘z izni (ilmi) bilan hidoyat  sari yo‘lladi[2] oyati kabi.

  Ba’zi o‘rinda esa Qur’onga nisbat qilingan:

 إِنَّ هَذَا الْقُرْآَنَ يَهْدِي لِلَّتِي هِيَ أَقْوَمُ

 Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etur[3] oyati kabi.

 Ba’zi o‘rinda esa Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga nisbat beriladi:

 وَإِنَّكَ لَتَهْدِي إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ

 Albatta, sen to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilursan[4] oyati karimasiga o‘xshash.

 Hidoyat Qur’onda bir necha xil ko‘rinishda vorid bo‘lgan. Hidoyatning birinchi turi umumiy tirik va jonsiz mavjudotlar uchun bo‘lgan hidoyat. Alloh taolo Muso alayhissalomni so‘zida Fir’avnga xitob qilib:

 قَالَ رَبُّنَا الَّذِي أَعْطَى كُلَّ شَيْءٍ خَلْقَهُ ثُمَّ هَدَى

 “(Muso) aytdi: «Rabbimiz har bir narsaga o‘z yaratuvchiligini ato etib (ko‘rsatib), so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagan zotdir[5], - deydi. Ya’ni Alloh taolo barcha narsalarning o‘zlari sobit turadigan xilqatlarini bergan, har bir a’zoga o‘zining shaklini va hay’atini bergan, har bir mavjudotni o‘ziga xos xilqatini berib, so‘ng o‘z xilqatlariga loyiq bo‘lgan amallarga boshlab qo‘ygan Zotdir. Hidoyatning bu turi, o‘z irodasi bilan manfaatni jalb qilib, zararni daf qiladigan harakatlanuvchi jonli narsalarning hidoyatini ham, musaxxar jonsiz narsalarning hidoyatini ham o‘z ichiga oladi. Barcha jonli narsalarning hidoyati bor, garchi ularning navlari va turlari boshqacha bo‘lsa ham.

 Ushbu oyatni Faxrur-Roziy o‘zining "Mafatihul g‘ayb" nomli tafsir kitobida quyidagi gapni keltiradi: “Agar siz asalarining olti burchakli uyining yasashidagi ajoyibotlariga va har turlik hasharotlarning o‘zlariga kerak bo‘lgan narsalarga yo‘l topishidagi ajoyibotlarga nazar solsangiz shunda bularning barchasini barcha narsalarni bilguvchi, barcha ishlarni tadbirni qilguvchi Zotning ilhomisiz hech qachon imkoni yo‘qligini tushungan bo‘lardingiz”.

 Alloh taolo barcha maxluqotlarga ularni kuch quvvatlarini saqlab turuvchi taom, sharob, kiyim, juftlarni ne’mat qilib berib, ulardan qanday foydalanishlik yo‘llariga ham yo‘llab qo‘ydi. Tog‘lardan temirni, dengizlardan durlarni chiqaradilar. Turli dorilar va turli shifobaxsh damlamalarni tayyorlaydilar. Turli narsalarni jamlab har xil taomlar hozirlaydilar. Demak, bu chiqarilgan turli narsalarni Alloh taolo yaratdi, so‘ng esa ularga bu narsalardan qanday foydalanishlik uchun aql berdi. Bu faqatgina insonga xos emas, balki barcha tirik jonzotlarga tegishlidir. Shunday qilib, Alloh taolo insonga o‘z juftini, eshakka urg‘ochi eshakni, tuyaga urg‘ochi tuyani berib, ularning o‘zaro nasllari davom etishi uchun ularni qanday ko‘payish yo‘llariga yo‘llab, so‘ngra  tug‘ilgan bolalarini onalarining ko‘kraklariga va yelinlariga yo‘llab qo‘ydi. Bular hayvonlarning o‘zlariga xos emas, balki ularning a’zolariga ham tegishlidir. Alloh taolo qo‘lni o‘ziga xos suratda yaratib, unga ushlashlik quvvatini berdi. Oyoqni o‘ziga xos suratda yaratib unga yurishlik quvvatini berdi. Ko‘z, quloq va boshqa barcha a’zolar ham shu kabidir. So‘ng bu a’zolarni bir-biriga maxsus bir ko‘rinishda biriktirib, bu biriktirishdan bir insonni vujudga keltirdi.

 Alloh taoloning hidoyatga boshlashining darajalarini O‘zigina biladi. Olamlarning Robbi – Alloh buyukdir. Kimda kim dunyodagi bor hidoyatlarni tafakkur qilib ko‘rsa Allohdan boshqa ibodatga sazovor zot yo‘qligini, U zot g‘aybni ham oshkorani ham biluvchi ekanligini tushunib yetadi. Mana shunda Muso alayhissalomning Fir’avnga keltirgan hujjatini anglaydi. Fir’avn: “Sizlarning ilohingiz kim?”, - deb so‘raganda. Muso: “Rabbimiz har bir narsaga o‘z yaratuvchiligini ato etib (ko‘rsatib), so‘ngra (uni) to‘g‘ri yo‘lga yo‘llagan zotdir[6], - deb javob bergandilar. Haqiqatda Muso alayhissalom ikkitagina jumla keltirdilar xolos. Agar buning ma’nolarini ochiq bayon qilinadigan bo‘lsa hisobsiz mujalladlar bo‘ladi.

 Hidoyatning ikkinchi turi yaxshilik va yomonlik yo‘li, najot topish va halokatga uchrash yo‘llarini bayon qilib beradigan, ularga chorlaydigan va ularni tushuntiradigan hidoyat. Bu hidoyat turini Alloh taolo barcha bandalariga bergan bo‘lib, ulardan buni qabul qilib muvaffaqiyatga erishganlari ham bor va ulardan buni qabul qilishdan bosh tortib ziyonga uchraganlari ham bor.  Alloh taoloning quyidagi oyati karimasidan murod ham ushbu hidoyatdir:

 وَأَمَّا ثَمُودُ فَهَدَيْنَاهُمْ فَاسْتَحَبُّوا الْعَمَى عَلَى الْهُدَى فَأَخَذَتْهُمْ صَاعِقَةُ الْعَذَابِ الْهُونِ بِمَا كَانُوا يَكْسِبُونَ

 Samud (qabilasi) esa, bas, ularni (to‘g‘ri yo‘lga) hidoyat qilgan edik, ular hidoyatni qo‘yib, ko‘rlikni (zalolatni) ixtiyor qildilar. Bas, o‘z qilmishlari sababli ularni xor etuvchi azob chaqmog‘i urdi[7]. Ya’ni biz ularga bayon qilib berdik, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘lladik va ularni dalolat qilib qo‘ydik, ular esa hidoyat topmadilar.

 Quyidagi oyati karima elchilar xalqni hidoyatga chorlash uchun uni qabul qilishlari uchun yuborilganliklari haqidagi oyati karimadir:

 فَمِنْهُمْ مَنْ هَدَى اللَّهُ وَمِنْهُمْ مَنْ حَقَّتْ عَلَيْهِ الضَّلَالَةُ

 “Ular orasida Alloh hidoyat qilganlari ham, shuningdek, yo‘ldan ozishi qat’iy bo‘lganlar ham bo‘lgan[8].

 Yana boshqa oyati karimada:

 وَإِنَّكَ لَتَهْدِي إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ

 Albatta, sen to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilursan[9] oyati karimasiga o‘xshash.

 Hidoyatning uchinchi turi ilhomlantirish va muvaffaq qilish hidoyatidir. Bu hidoyatning ma’nosi hidoyat topmoqdir. Alloh taoloning quyidagi oyati karimisidan shu iroda qilingandir:

 إِنَّكَ لَا تَهْدِي مَنْ أَحْبَبْتَ وَلَكِنَّ اللَّهَ يَهْدِي مَنْ يَشَاءُ وَهُوَ أَعْلَمُ بِالْمُهْتَدِينَ

 (Ey, Muhammad!) Siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz, lekin Alloh o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topuvchilarni yaxshi biluvchidir[10].  Oyati karimada Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan ushbu hidoyat turi nafiy qilindi. Yuqoridagi oyatda esa hidoyatni u zotga nisbatan sobit qilgandi. Allohning kalomini yaxshi tushunib yetgan kishi bu oyati karimalar o‘rtasida hech qanday bir biriga teskarilik yo‘qligini anglab yetadi. Bu hidoyat turi xos hidoyat bo‘lib, uni Alloh taolo O‘zi xohlaganlariga fazl qilib beradi. Alloh kimni hidoyatga boshlashni O‘zi yaxshi biladi. Ammo yuqoridagi hidoyatdan murod esa O‘zi barcha xaloiqga bayon qilib bergan va elchilarni mana shu hidoyatga chaqirishga buyurgan hidoyatidir. Agar ular buni qabul qilsalar Alloh ularni hidoyatlarini ziyoda qiladi. Qur’oni karimda:

 وَالَّذِينَ اهْتَدَوْا زَادَهُمْ هُدًى وَآَتَاهُمْ تَقْوَاهُمْ

 Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur[11], deb marhamat qiladi, ya’ni ular birinchi hidoyatni qabul qilganlarida Alloh taolo ularga hidoyatlarini ziyoda qilishlik bilan fazl qildi, toinki ikkinchi darajaga yetsinlar deb.

 Hidoyatning to‘rtinchi turi shuki, bu hidoyat turi ikkinchi hidoyatning eng yuqori darajasi bo‘lib, uning foida va natijasidir. Uning ma’nosi yetkazmoq, olib bormoq ma’nosida. Jannatga tomon hidoyat mana shudir.AllohtaoloningYunussurasi 9 oyatida:

 إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ يَهْدِيهِمْ رَبُّهُمْ بِإِيمَانِهِمْ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهِمُ الْأَنْهَارُ فِي جَنَّاتِ النَّعِيمِ

 Imon keltirgan va ezgu ishlarni qilganlarni esa, imonlari sababli Parvardigorlari hidoyat qilur, ne’mati mo‘l jannat (bog‘)larda ostilaridan anhorlar oqib turgay[12], deb marhamat qilgan hidoyatdan murod ham shudir. Jannat ahli ham istagan va unga erishib:

 وَقَالُوا الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي هَدَانَا لِهَذَا وَمَا كُنَّا لِنَهْتَدِيَ لَوْلَا أَنْ هَدَانَا اللَّهُ

 

(Shunda) ayturlarki: «Ushbu (hidoyat)ga bizni boshlagan Allohga hamd (aytamiz). Agar bizni (O‘zi) boshlamaganida, to‘g‘ri yo‘lni topa olmagan bo‘lur edik[13], deb aytgan hidoyatlari ham shu navdandir. Do‘zax ahlining haqqi borasida kelgan hidoyat ham shu ma’noda, ya’ni unga yetib borish ma’nosidadir. Alloh taolo Soffatsurasi 23 oyatida:

 فَاهْدُوهُمْ إِلَى صِرَاطِ الْجَحِيمِ

 “Bas, ularnido‘zaxyo‘ligaboshlangiz!”[14]deydi.

 Demak har kuni farz namozlarida o‘n yetti marotaba o‘qishga buyurilgan Fotiha surasidagi duo “Bizni to‘g‘ri yo‘lga  yo‘llagin[15] oyatidan maqsad bu ikkinchi va uchinchi hidoyat ya’ni “bildirishini”, “ravshan qilishini”, “ilhom qilishini” va “muvaffaq etishini” so‘rash deganidir. Inson o‘zining birodari uchun duo qilib so‘raydigan hidoyat ham shudir.

 Alloh taolo butun borliqqa yoyib qo‘ygan hayratlanarli hikmati va ajoyib qurdatini anglash hidoyati ham ilhomiy hidoyat hisoblanadi. Undan tashqari Alloh taoloning borliqdagi narsalarni o‘zlariga xos navlarga ilhomlatirishi ham Uning hidoyatidan hisoblanadi. Allohim hidoyatimizni ziyoda qilgin va bizni adashuv yo‘llaridan chetlashtirgin. Gunohlarimiz ko‘payib ketishidan, hatto gunohlarimiz bu qalblarimizga g‘aflatdan chodir bo‘lib qolishidan panoh bergin.

 

“JAM’ ASH-SHATIT FI SHARH ABYAT AT-TASBIT”

  Asari asosida tayyorlandi.

 



[1]Fotiha surasi 5-oyat

[2]Baqara surasi 213-oyat

[3]Isro surasi 9-oyat

[4]Zuxruf 52-oyat

[5]Toha surasi 50-oyat

[6]Toha surasi 50-oyat

[7]Fussilat surasi 17-oyat

[8]Nahl surasi 36-oyat

[9]Zuxruf 52-oyat

[10]Qosos surasi 56-oyat

[11]Muhammad surasi 17-oyat

[12]Yunus surasi 9-oyat

[13]A’rof 43-oyat

[14]Soffat surasi 23-oyat

[15]Fotiha surasi 5-oyat

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

“Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi

11.07.2025   16749   2 min.
“Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi

2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.


Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.


Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi. 

AlQuranuz

“Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi “Usmon mus'hafi” matnini tadqiq qilish muhokama etildi