Muhojir degani, tark qiluvchi, bir joydan boshqa joyga ko‘chib o‘tuvchi degan ma’nolarni anglatadi.
Siyrat kitoblarida zikr qilingan muhojirlar esa, asli makkalik kishilar bo‘lib, dinu iymon uchun ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug‘larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilgan zotlar tushuniladi. Ularning ko‘plari hijrat sababli miskin, faqirga aylangan edilar. Ular faqat Alloh beradigan fazlini deb va Uning roziligini topamiz deb, bu mashaqqatlarga bo‘yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan Allohning ishiga va Payg‘ambarga qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni iymonlarida sodiq kishilar, deb maqtab, Hashr surasidagi quyidagi oyatni nozil qilgan:
«(U o‘ljalar yana) o‘z diyorlaridan va mol-mulklaridan haydab chiqarilgan kambag‘al muhojirlarnikidir, zero, ular Allohdan fazl va rizolik istaydilar hamda Alloh va Uning payg‘ambariga yordam beradilar. Aynan o‘shalar (imonlarida) sodiqdirlar» (Hashr 8-oyat).
Yana boshqa oyatda Alloh muhojirlarga oxiratda tayyorlab qo‘ygan mukofot haqida xabar berib aytadi:
«(Makkadan) hijrat qilgan, yurtlaridan badarg‘a qilingan, Mening yo‘limda aziyat chekkan, jang qilgan va qatl etilganlarning gunohlarini kafforat qilurman va Allohning mukofoti sifatida ularni ostilaridan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat (bog‘lari)ga kiriturman. Allohning huzurida (mo‘minlar uchun) yaxshi savoblar (bordir)» (Oli Imron 195-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muhojirlarni fazlini bayon qilib: «Agar hijrat bo‘lmaganida, ansoriylardan biri bo‘lardim», deganlar. Ya’ni hijratning fazli ansoriy bo‘lishdan ustun. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisning o‘zida ansorlik ham naqadar ulkan maqom ekanini bildirib: «Ansorlardan biri bo‘lardim», demoqdalar.
Imom Munoviy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisda muhojirlarning fazli yanada ravshan bo‘ladi:
عن أبي سعيد الخدري قال : قال رسول الله - صلى الله عليه وسلم - : " إن للمهاجرين منابر من ذهب يجلسون عليها يوم القيامة قد أمنوا من الفزع " .رواه المناوي
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kunida muhojirlar uchun oltindan yasalgan minbarlar bo‘ladi. Ular unga o‘tiradilar. Muhojirlar (qiyomat) qo‘rqinchidan omonda bo‘ladilar», dedilar».
Doktor Abdulloh Taroblusiy muhojirlarning fazllarini jamlab quyidagilarni sanab chiqqanlar:
· Ilk musulmonlar jamoasi muhojirlardan ekani;
· Payg‘ambarlikni birinchi tasdiqlagan sahobalar ham muhojirlardan ekani;
· Payg‘ambarga birinchi sahoba bo‘lgan insonlar ham muhojirlardan ekani;
· Payg‘ambarni himoya qilgan ilk jamoa ham muhojirlardan ekani;
· Islom da’vatini boshqalarga yetkazgan ilk sahobalar ham muhojirlardan ekani;
· Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qigan ilk jamoa;
· Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hijratda hamroh bo‘lgan sahoba ham muhojirlardan ekani;
· Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham muhojir ekanlari;
· Alloh taolo muhojirlarni Qur’onda maqtab zikr qilgani;
· Allohning O‘zi ularning barchasidan rozi bo‘lgani haqida xabar bergani;
· Eng oliy maqomlardan biri hisoblangan sobiqunlar ham muhojirlardan ekani;
· Tirikligida jannatiyligi bashorat berilgan o‘nta sahoba ham muhojirlardan ekani;
· To‘rt buyuk xalifalar ham muhojirlardan ekani;
· Allohning O‘zi muhojirlarning iymonda sodiq ekanlarini ta’kidlagani;
· Qiyomat kunida ularga alohida ehtirom ko‘rsatilishi;
· Endi bu maqomga qancha urinmasin hech kim sazovor bo‘lolmasligi.
Nurmuhammedova Vasila
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xonadonlarida, u zotning mehribonchiliklarida voyaga yetdilar. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoshliklaridan behad sevar edilar, shuning uchun ham hali yosh bola bo‘lsalar-da, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchilardan bo‘lib iymon keltirdilar. U zot juda yosh edilar, lekin ishq insonni shijoatli qiladi. U zot ana shu sevgi sharobidan ichib, jasur va bahodir yigitga aylandilar. Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qaratilgan har qanday yovuzlikka qarshi sherdek tashlanar edilar. Ana shu ishq u zotni Hazrat Ali qilgan edi.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Muhammaddan keltirgan rivoyatda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tobutga qo‘yilganlarida Ali: «U zotning janozalariga hech kim imom bo‘lmaydi. U zot tirikliklarida ham, mayyitliklarida ham imomimizdir», dedilar. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kirib, saf-saf bo‘lib, imomsiz janoza o‘qidilar. Ali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ro‘paralarida turib: «Assalomu alayka, ayyuhannabiyyu va rohmatullohi va barokatuhu! Allohim! Guvohlik beramizki, u zot o‘zlariga nozil bo‘lgan narsani bizga yetkazdilar, ummatga nasihat qildilar. Alloh dinini aziz qilgunicha, so‘zini oliy qilgunicha Alloh yo‘lida jang qildilar. Allohim! Bizni u zotga nozil qilgan diningga ergashganlardan qilgin. U zotdan keyin bizni sabotli qilgin. U zot bilan bizni jam qilgin», dedilar.
Hazrat Ali roziyallohu anhudan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbatingiz qanday?» deb so‘rashganda, «Allohga qasamki, u zot bizga molu jonimizdan, bola-chaqamizdan, ota-onamizdan ham, tashna odamning muzdek suvga muhabbatidan ham sevimliroqlar», deb javob berganlar.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ishqi Rasul" kitobidan Nodirjon Odinayev tarjimasi