Barchamizga ma’lumki, Qadr surasi Qur’onning nozil bo‘lishi, Qadr kechasi haqidadir. Barcha suralarda bo‘lganidek, ushbu surada ham e’joz (aqlni lol qilib, ojiz qoldiruvchi narsa) bordir. Bu e’joz shundan iboratki, ushbu sura Qur’onning juz’lariga, suralarning adadiga ishora qiladi.
Qadr surasidagi harflarning soni 114 ta bo‘lib, Qur’oni Krimdagi suralar soni ham 114 tadir. Qadr surasidagi kalimalarning soni 30 ta bo‘lib, Qur’onning juz’lari 30 tadir.
Quyidagi jadvalda suraning kalimalarini alohida-alohida qilib tartib bilan terib chiqsak, ularning soni 30 ta ekanini ko‘ramiz.
Quyidagi rasmda esa ushbu aytilganlar o‘z aksini topgan bo‘lib, kalimalarning raqami har bir kalima ostiga yozilgan bo‘lib, 30 ta kalima borligi, harflarning raqami har bir harfning ustiga yozilgan bo‘lib, 114 ta harf borligi aks etgan.
Alloh taolo barchamizni Qur’onni ixlos bilan o‘qib, hukmlariga amal qilib, hikmatlarini anglab, qalblarimiz poklanib, dunyo va oxiratda najot topuvchilardan bo‘lishimizni nasib etsin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.