Bugungi kunda islom banklarida an’anaviy bank operatsiyalarining deyarli barchasi, ya’ni depozit, kredit, akkreditiv, hisob-kitob, to‘lov operatsiyalari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda jahonning 40 dan ziyod mamlakatida islom banklari faoliyat yuritmoqda. «SarIa...» xalqaro banklar reyting agentligining 2000 yil ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda islom banklarining aktivlari 160 mlrd. dollardan oshib ketgan. Klassik g‘arb bank tizimi o‘ziga xos inqirozni boshidan kechirayotgan bir paytda shariat ahkomlari asosida muvaffaqiyat bilan ish yuritayotgan nisbatan yosh banklar tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bankir va olim Kris Barlton o‘zining «Rivojlanayotgan bozorlardagi banklar» asarida islom banklari faoliyatini har tomonlama tahlil qilgan. Uning tahliliga ko‘ra islom banklari kapitali yiliga 10—15 foiz sur’at bilan o‘smoqda. Bu esa moliya sohasida juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Kuzatilayotgan yana bir tendensiya xususida ham to‘xtalib o‘tish joiz. So‘nggi paytlarda ko‘pgina g‘arb banklari dunyoning turli mamlakatlarida o‘zlarining islomiy sho‘balarini ochmoqdalar. «Cheyz Manxetten», «Goldmen Saks», «Ay — En — Dji», «Nomura Sekyuritiz», «Djey Pi Morgan» va boshqalar shular jumlasidandir. Amerikaning mashhur banklaridan «Sitibank» maxsus islom fondlari uchun 1 mlrd. dollar mablag‘ ajratishi ham moliya bozorida islom banklarining roli tobora oshib borayotganligidan dalolatdir.
Bugungi kunda islom banklarida an’anaviy bank operatsiyalarining deyarli barcha operatsiyalarini amalga oshirmoqda. Ular sanoat, agrar sektor, tijorat va xizmat ko‘rsatish sohalariga katta mablag‘lar investitsiya qilmoqda.
Mazkur banklar quyidagi tamoyillar asosida faoliyat yuritadi.
Islom banklarida amalga oshiriladigan bank operatsiyalarining mushoraka turida bank moliyalashtirishdan ko‘zlagan maqsad muayyan foiz olish emas, balki olinishi kerak bo‘lgan foydada ishtirok etishdir.
Mushorakada olingan foyda quyidagicha taqsimlanadi:
— foydaning bir qismi ish haqi, boshqaruv yoki loyihani amalga
oshirishdagi boshqa ishtiroki uchun sherikka ajratiladi;
— foydaning qolgan qismi esa sheriklar, ya’ni bank va tadbirkor o‘rtasida loyihaga tikilgan mablag‘ning nisbatiga ko‘ra proporsional ravishda taqsimlanadi,
Biroq, shuni ta’kidlash joizki, ish natijasi zarar bilan yakunlansa, u ham sheriklar o‘rtasida moliyalashtirishdagi ishtirokiga ko‘ra proporsional ravishda taqsimlanadi.
Tadbirkor loyiha tashabbuskori bo‘lgani bois, menejmentni o‘z qo‘liga oladi. Bank esa shartnomaga qat’iy rioya qilgan holda loyihaning bajarilishini nazorat qilib boradi. Bu bilan u o‘zi va sherigi tomonidan ish uchun tikilgan kapitalni himoya qiladi.
Mushoraka bo‘yicha kapital, albatta, ikki tomondan qo‘yilmog‘i lozim. Lekin, shuni ta’kidlash joizki, tomonlar kapitalining teng bo‘lishi shart emas. U turli nisbatda qo‘yilishi mumkin. Investitsiya qilinayotgan mablag‘ erkin aylanadigan bo‘lishi va eng muhimi, uning manbai ma’lum bo‘lmog‘i lozim. Mushoraka shartnomasi sheriklarning bir-biriga bo‘lgan to‘liq ishonchiga asoslanadi. Shirkat mablag‘ini begona - uchinchi shaxs manfaatiga ishlatish yoki pul mablag‘larini boshqarishni uchinchi shaxsga, topshirish, shuningdek, kompaniya mablag‘larini o‘zining shaxsiy mablag‘lari bilan aralashtirib yuborish, umumiy mablag‘ni qarzga berish yoki kafolat sifatida qo‘yish mumkin emas.
Bank talabgor tadbirkorlar ichidan sherik tanlashda uning nafaqat professional mahorati, balki uning axloqiy jihatlarini ham inobatga oladi.
Islom banklarida amalga oshiriladigan operatsiyalarning mudoraba turi musulmon aholi o‘rtasida keng tarqalgan asosiy xo‘jalik yuritish tamoyilini o‘zida aks ettiradi. Muomaladan xoli yoki bo‘sh sarmoyaga ega bo‘lgan shaxs uni o‘zi xohlagan sohaga yoki bir paytning o‘zida turli sohalarga yo‘naltirishi mumkin. Bunda ikkinchi taraf sarmoyani tasarruf etuvchi, ya’ni loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tashkiliy va boshqaruv ishlariga mutasaddi shaxs sifatida muomalaga kirishadi.
Mudoraba shartnomasiga ko‘ra foyda taraflar o‘rtasida oldindan kelishilgan nisbatda taqsimlanadi.
Shariat nuqtayi nazaridan mudoraba moliyaviy vositalarni ishlab chiqarish omillariga aylantirishning halol va qonuniy yo‘li hisoblanadi. Bunda turli imkoniyatga ega bo‘lgan xo‘jalik subyektlari birikib, ijtimoiy foyda keltiruvchi xayrli amal bilan shug‘ullanadilar.
Mudorabada 3 ta iqtisodiy kategoriya amal qiladi: kapital, mehnat, foyda. Bunda kapital pul yoki natural shaklda bo‘lishi mumkin. Shartnoma tuzilayotgan vaqtda kapitalning hajmi va manbai ma’lum bo‘lishi, shuningdek, u boshqa bank operatsiyalariga jalb etilmasligi lozim.
Loyihani amalga oshirish uchun sarflangan mehnatga haq foyda hisobidan to‘lanadi. Mexnatga haq to‘lab bo‘lingandan so‘ng qolgan mablag‘ sof foyda bo‘lib, u sheriklar o‘rtasida shartnomada kelishilgan nisbatda bo‘linadi.
Xuddi mushoraka singari mudoraba shartnomasida ham loyiha bank tomonidan sinchkovlik bilan bosqichma — bosqich o‘rganiladi. Ushbu shartnoma turida ham talabgorning nafaqat moliyaviy ahvoli, balki uning axloqiy jihatlariga ham asosiy e’tibor qaratiladi.
Bank tomonidan loyihaning bajarilishi ustidan doimiy va qattiq nazorat o‘rnatiladi. Agar loyihani amalga oshiruvchi tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato yoki e’tiborsizlik oqibitida zarar ko‘riladigan bo‘lsa so‘zsiz, ushbu zararni qoplash ish yurituvchi zimmasiga yuklatiladi. Ana shunday vaziyatlarni nazarda tutgan holda islom banklari talabgordan ma’lum qiymatga ega bo‘lgan mulkni garov sifatida qo‘yishni talab qilishi mumkin.
Bank tomonidan zakotlarni jamlash uchun Zakot uyi tashkil etiladi. O‘z navbatida bank Zakot uyiga tushgan mablag‘larni kambag‘allar turmush ahvolini yaxshilashga, ularni ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishga va boshqa jamoat manfaatidagi ishlarga safarbar qiladi. Zakot uylari zakot to‘lovchilardan tashqari barcha turdagi xayriya va ehsonlarni qabul qilib, ularni aholining muhtoj qatlamlariga yetkazish uchun xizmat qiladi.
Islom banklari jismoniy va yuridik shaxslarga ma’lum muddatga foizsiz qarz berishi mumkin. Ushbu qarz asosan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun (masalan, zavod, fabrika, yo‘l va ko‘priklar qurish) uchun ajratiladi. Ayrim hollarda, ma’lum obyektiv sabablarga ko‘ra qarzdor shaxs yoki tashkilot olingan mablag‘ni qaytara olmasa, bank uni zakot fondi hisobidan qoplab berishi mukin.
Shunday qilib islom banklari o‘z mijozlariga yuqoridagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun uch xil foizsiz hisob (schot)ni taklif qiladi:
Bunda davlatmand musulmonlar o‘z ehtiyojlaridan holi bo‘lgan bo‘sh mablag‘larini bankning kredit hisobiga qisqa yoki uzoq muddatli depozit sifatida qo‘yadilar. Bank ushbu mablag‘larni kelishilgan muddatda to‘lig‘icha qaytarishni kafolatlaydi.
«Islomiy bank va moliyalar kitobi» asosida
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi
“Bozor boshi” jome masjidi mutavallisi
Muzaffarxon SHOJALILOV
tayyorladi
Islom dinining eng oliy maqsadi insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlashdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:
“Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Mazkur oyat musulmonlarning o‘zaro birodar va do‘st ekanligiga urg‘u beradi. Biroq tarix davomida ayrim toifalar islom ta’limotini noto‘g‘ri talqin qilib, musulmonlarning o‘ziga qarshi turli fitnalar chiqarishga harakat qildilar. Shulardan eng xatarlisi takfirchilik, ya’ni musulmonni kufrda ayblash masalasidir.
Takfirchilik bir musulmonni boshqa bir musulmonga nisbatan “dindan chiqqan”, “kofir” deb hukm chiqarishidir. Qarshisidagi odamni kofir deyishning oqibatini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar:
“Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
Ushbu hadisdan anglashilganidek, “takfir qilish” jiddiy masala bo‘lib, uning hukmi aytovchining o‘ziga qaytishi mumkin.
Insonlarni kufrda ayblashning bir nechta asosiy sabablari bor:
Musulmon ulamolari takfirchilikka qarshi qat’iy fikr bildirishgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh shunday degan: “Hech bir kishi yagona gunoh sababli kufrga tushgan deb hisoblanmaydi. Modomiki, u Islom dinining asosiy va zaruriy qoidalarini qasddan inkor qilmayotgan bo‘lsa, u takfir qilinmaydi. Bir inson Islom asoslarini inkor qilganida, avval uning buni bilib-bilmasdan qilgani aniqlanishi kerak. Agar u jaholat sababli yoki ma’lumotsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, takfir qilinmaydi.
Shuningdek, Imom Tohaviy rahmatullohi alayh o‘z mashhur aqida risolasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deb ta’kidlaydilar.
Bu so‘zlardan ma’lumki, bir inson shahodat kalimasini aytgan va islomning asoslariga ishongan bo‘lsa, uni kufrda ayblashga yo‘l yo‘q.
Takfirchilik faqat diniy jihatdan emas, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xavflidir:
Takfirchilik islom ta’limotiga zid bo‘lgan xatarli g‘oyadir. U insonlarni Allohning rahmatidan uzoqlashtiradi, musulmonlar o‘rtasida birodarlik rishtalarini uzadi va fitna-fasodga sabab bo‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi — birodarini kufrda ayblash emas, balki uni hidoyat va xayrli amallarga chorlashdir.
Shu boisdan, barcha holatlarda bo‘lgani kabi bu masalada ham ulamolarning yo‘liga ergashish lozim. Musulmonlar orasida birlik, bag‘rikenglik va inoqlikni mustahkamlash bugungi kun musulmonlarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi
imom-xatibi Shermuhammad Boltayev