Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Eng baxtiyor ayollar

19.05.2018   11220   6 min.
Eng baxtiyor ayollar

Go‘zal namuna

 

Yuz ming kishi ishtirok etgan vidolashuv hajida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ummatlariga quyidagicha vasiyat qildilar: Ey insonlar, xotinlarning xaqlariga rioya etingiz. Ular bilan shafqat, mehr ila muomalada bo‘lingiz. Ularning haqlari xususida Allohdan qo‘rqingiz! Xotinlar sizga Allohning omonatidir”.

Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning go‘zal axloqi butun bashariyatga namunadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uzoqdan ko‘rgan kishi haybat, yaqindan ko‘rganlar muhabbat tuyg‘usini his etardi. U zotning chiroyli xulqlari turmush tarzida yaqqol ko‘zga tashlanardi.

Ul zot faqirona hayot kechirganlar, oilalarida kamtaronalik va samimiyat hukm surgan. Butun boshli bir davlatni boshqargan bo‘lsalar ham kiyimlarini o‘z qullari bilan yamar, arpa non yer edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari shunday sharoitda yashab, hech qachon nolimaganlar. Mo‘mina onalarimiz boshiga toj kiyib, yer yuzida xukmronlik qilgan qanchadan-qancha podshoh, qirol, imperatorlarning ayollari ko‘rmagan, butun umr xayollarida orzu qilib, yetisha olmagan oila baxtiga bir bo‘yra, loydan yasalgan bir ko‘za kabi oddiy ashyolaridan boshqa mulkni o‘ziga ravo ko‘rmagan zotdan ulkan bir muhabbat, cheksiz fidokorlikni ko‘rdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zavjalariga o‘ta nozik munosabatda bo‘lganlar. Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam onalarimiz bilan safarga chiqdilar. Ular  o‘z ulovlariga minib olishgach, tuyakash tuyalarni qistab hayday boshladi. Shunda u zot o‘z xonimlarining nozikliklariga ishorat qilib: “Billurga diqqatli bo‘l, ehtiyot qil!”, deya ta’kidladilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi ayoli – Xadicha binti Huvaylid roziyallohu anho onamizni bir lahza ham eslaridan chiqarmay: Albatta menga Xadichaning muhabbati berilgan der va zikr qilinganlarida, uning haqqiga istig‘for aytishni kanda qilmasdilar.

Payg‘ambar alayhissalom ayollariga yordam berib, uy supurar, qo‘y sog‘ar va boshqa ishlarida ko‘maklashardilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zam’a onamiz roziyallohu anhoni din yo‘lida ko‘rgan mashaqqatlarini taqdirlab, o‘z nikohlariga olganlar. Savda binti Zam’a onamiz ahyonda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turishni yaxshi ko‘rar ekanlar. Savda binti Zam’a onamiz sayyida, jamila va sharifa bo‘lishi bilan birga yirik jussaliklari sababidan uy ishlariga uringanidagi o‘ng‘aysizligini ko‘rib ul zot tabassum qilib qo‘yar edilar.

Hafsa binti Umar roziyallohu anho nubuvvat xonadonida go‘zal hayot ichra yashay boshladilar. Hafsa onamiz roziyallohu anho Qur’oni karimni to‘liq yod olgan va uning tafsirini yaxshi bilganlar. U kishining bu darajaga yetishlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan olgan saboqlari sabab bo‘lgan.

Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho ham mo‘minalarning onasi bo‘lishdek sharafga noil bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab onamizning sabri, jasorati, Islom dini yo‘lidagi fidokorliklarini munosib taqdirlab “Ummul masokin” (miskinlar onasi) der edilar.

Ummu Salama roziyallohu anho onamiz ham Nabiy sollallohu alayhi va sallamning zavjasi bo‘lishdek sharafga noil bo‘ldi. Jabroil alayhissalom  ularning uylariga vahiy olib kelganlar. Ummu Salama roziyallohu anho onamiz o‘ta zehnli, oqila va ilmga chanqoq bo‘lganliklari tufayli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan turli masalalarni so‘rashdan zerikmas edilar va o‘z navbatida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bu savollarga alohida e’tibor bilan javob berar edilar.

Juvayriya binti Horis roziyallohu anho onamiz nubuvvat xonadoni ayollarining duru javharlari silsilasiga qo‘shildilar. Juvayriya roziyallohu anho onamiz qabila boshlig‘ining qizi sifatida  nozu ne’matga ko‘millib, hoyu havasga berilib yashashdan ko‘ra  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayoli sifatida boriga shukur qilib, kamtarona yashashni ma’qul ko‘rdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizning yoshliklarini e’tiborga olib, ul kishining darajalariga tushar, o‘zlariga yarasha sharoit yaratib berishga harakat qilar edilar.

Sofiya binti Huyay roziyallohu anho onamiz tuyaga minib olishlari uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam oyoqlarini ularga to‘g‘rilab turganlar. Shunda Sofiya binti Huyay roziyallohu anho onamiz ul zotning sonlariga oyoqlarini qo‘yishdan bosh tortib, tizzasini qo‘yib turib chiqqan.

Ummu Habiba roziyallohu anho onamiz uzoq muddat ko‘rishmay yurgan otasi mushrik bo‘lgani uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rpachalarini ularning taglaridan tortib olishlari ul zotga bo‘lgan yuksak ehtiromlaridan edi. Albatta, Ummu Habiba roziyallohu anho uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zavja bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q.

Maymuna binti Horis roziyallohu anho onamiz ham nubuvvat xonadoni ayollari qatoriga so‘nggi durdona bo‘lib qo‘shilishlarining ham o‘ziga yarasha hikmati bor edi. U zot ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga oilaviy sharoitda sodir bo‘lgan shar’iy ahkomlarni islom ummatiga yetkazishda yana bir yordamchi bo‘ldilar. Maymuna roziyallohu anho onamizning nihoyatda taqvodor va silai rahmga moyil ekanlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari guvohlik berganlar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘mina onalarimiz bilan kechirgan turmushini kuzatar ekanmiz, ular orasidagi samimiyat, mehr-muruvvat, muhabbat, nazokatdan zavqlanib, tobora ularga havasimiz ortib, ularga o‘xshashga oshiqamiz!  Zero, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning xotinlari pok ayollar, dunyodagi eng baxtiyor ayollar, “Mo‘minlarning onalari” degan yuksak unvonga munosib bo‘lgan onalarimizdir!

 

Gulobod QURBONOVA,

Xadichai Kubro ayol qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti yetakchi mudarrisasi

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   1868   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.