Kuni kecha matbuotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi.
Yaxshi gapning qanoti bo‘ladi, deganlaridek, mazkur tarixiy hujjatni yurtdoshlarimiz o‘zgacha xush kayfiyat, ko‘tarinki ruh bilan kutib oldilar. Farmonda ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni avaylab asrash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojida ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish, shu asosda yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlangan.
Ta’bir joiz bo‘lsa, Farmon aynan ana shu maqsadlarga xizmat qilishga da’vat etadi. Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik, vijdon erkinligi naqadar muqaddas ekanligini yana bir karra ifodalaydi.
Ma’lumki, keyingi yillarda muqaddas dinimizga xizmat qilish yo‘lida, umuman, diniy-ma’rifiy sohada misli qo‘rilmagan islohotlar amalga oshirilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir-Arab oliy madrasasi, Imom-Buxoriy va Imom-Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining boy madaniy merosi keng ommalashtirilmoqda. Qur’on musobaqalarining o‘tkazilishi, asl inoyat bo‘lgan go‘zal tilovatlarning mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalarida baralla yoritilishi, yangi masjid va namozxonalarning ochilishi haqida ko‘p va xo‘b gapirish mumkin.
Farmonda diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari aniq va ravshan belgilab berilgan. Bu oldimizga yangidan-yangi dolzarb vazifalarni qo‘ymokda va mas’uliyatimizni oshirmoqda. Endi avvalgidek, ya’ni eskicha qolip bilan ishlab bo‘lmaydi. Har birimiz joylarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash ishiga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz lozim. Farmon matni bilan tanishar ekanmiz, yana bir karra biz, diniy soha vakillarini ish joyi asli odamlar orasida, degan qat’iy fikrni mustahkamlab oldik.
Haqiqatan ham, hamisha odamlar orasida bo‘lish, ularga yaxshilikni targ‘ib qilish, yomonlikdan qaytarish ham farz, ham qarz ekanligini bir daqiqa ham unutishga xaqqimiz yo‘q. Chunki odamlar biz din vakillariga ko‘proq ishonadilar. Ayni vaqtda esa, biz bundan to‘g‘ri va oqilona foydalanishimizni davrning o‘zi taqozo etmokda.
Farmonning har bir jumlasi, har bir satri haqida uzoq va maroqli mushohada yuritish mumkin. Ushbu hujjat bilan diniy ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish, axborot-tahlil markazi, O‘zbekiston xalqlararo Islom akademiyasi, uning tarkibida mintaqaviy filiallarga ega bo‘lgan malaka oshirish markazlari, Hadis ilmi maktabi, «Vaqf» hayriya jamoat fondi tashkil etilayotganligi, «Ziyo» media markazi ishi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari, «Imom-Buxoriy” davlat mukofotining ta’sis etilishi va boshqalar har bir mo‘min-musulmon zamondoshimiz qalbida faxr va iftihor tuyg‘ularini jo‘sh urdirishi shubhasiz, belgilangan chora tadbirlar doirasida diniy-ma’rifiy tashkilotlarning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib rag‘batlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish kabi masalalar ham qamrab olingani tahsinga sazovor.
Bu Farmonning qadr-qimmati ko‘pni ko‘rgan, keksa diniy ulamolarimizning suhbatlariga kuloq tutib, yani o‘tmishda ular qanday qiyinchiliklarga va taqiblarga duch kelganliklarini mushohada qilganimizda yana o‘n karra ortadi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Shularni o‘ylab, bugungi dorilamon kunlarga yetib kelganligimizga shukronalar qilamiz. Bir paytlar xo‘rlangan diniy soha xodimlari, imom-xatiblar bugun jamiyatimizning eng ilg‘or vakillariga aylanganligi uchun Yaratganga hamdu sanolar aytamiz.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Farmon satrlarida muqaddas dinimizning asl insonparvarlik mohiyati, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlari azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligi to‘laqonli aks etib turibdi. U Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz baxt-saodati yo‘lida tinmay samarali mehnat qilishga undaydi. Diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyatimizni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz kerak, keksalarimiz duoga qo‘l ochganlarida dini Islomga quvvat bersin, deb niyat qiladilar.
Islom ma’rifatini, uning olijanob qadriyatlari, ezgu insoniy tamoyillarini teran tushungan, nafaqat xalqimizga, butun bashariyatga yaxshilik istab yashayotgan, muqaddas dinimizga xolis xizmat qilayotgan Yurtboshimizdan Alloh rozi bo‘lsin!
M.MIRJALILOV
Qibray tumani bosh imom-xatibi
Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda
Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.
Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.