28 aprel qoraqalpog‘istonliklar hayotida quvonchli kun bo‘ldi. Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida 21-24 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston Qur’on musobaqasi – 2018» tanlovining mutlaq g‘olibi, Prezident sovg‘asi sohibi Yo‘ldoshboy Nuriddinov tantanali ravishda kutib olindi.
Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, “Imom eshon Muhammad” jome masjidi, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti vakillari, shahar va tuman imom-xatiblari, nuroniylar, respublikaning barcha hududidan kelgan qalbi Qur’onga ixlosli bo‘lgan muxlislar ishtirok etdilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari M.Aleuov musobaqa g‘olibini erishgan yutuqlari bilan tabriklab, yurtboshimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori, ularni ilm olishga qiziqtirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, sharoitlar, tashkil etilayotgan har xil yo‘nalishdagi tanlovlar haqida so‘z yuritdi.
Undan keyin tabrik so‘zini Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamsuddin Bahouddinov davom ettirib, bu yutuq butun qoraqalpoq xalqining yutug‘i ekanini, muftiy hazratlarining qoraqalpoq elini chin yurakdan tabriklaganlarini alohida aytib o‘tdi.
Kunning ikkinchi yarmida Yo‘ldoshboy qori Nuriddinov o‘zi o‘qib ta’lim olgan dargoh – Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtiga bordi. Ilmning sir-sinoatlarini o‘rgatgan ustozlari va madrasa talabalari bilan uchrashib, musobaqa taassurotlari, ishtirokchi qorilar va bugungi kunda madrasadagi ta’lim jarayoni haqida suhbatlashdi.
Bayram quvonchlari davom etib, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyotining tashabbusi va say’-harakatlari ila respublika imom-xatiblari, madrasa ustozlari, shahar va tumandan kelgan barcha ixlosmandlar Yo‘ldoshboy Nuriddinov tug‘ilib o‘sgan Taxiotash tumani «Keneges» ovuliga tashrif buyurdilar. Qur’onga bo‘lgan muhabbatini butun dunyoga ko‘rsata olgan oddiy ovul bolasini kutib olishga tayyorgarlik ishlari koziyot tomonidan a’lo darajada tashkillashtirilib xalkga osh tarqatildi. Yo‘ldoshboyning bu yutug‘idan hammaning quvonchi cheksiz bo‘ldi.
Barcha uchrashuv va tadbirlarda Yo‘ldoshboy ta’lim olayotgan Oliy ma’had domlalari, Yo‘ldoshboyning sevimli ustozlari Jahongir qori bilan Ahmadjon qorilar ham ishtirok etib qoraqalpoq xalqining xursandchiligiga sherik bo‘ldilar.
Yusuf SABUROV,
O‘MI Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD