Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2026   |   26 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2026, 26 Rajab, 1447

Tobeinlarni tanish

28.04.2018   10558   6 min.
Tobeinlarni tanish

Tobeinning ta’rifi:

“Tobe’una” lug‘atda, “tobe’iyyu” yoki “tobe’un” bo‘lgan ismi foilning jamidir. U “tabi’a” fe’lidan olingan bo‘lib, o‘zbekchada “ergashdi”, “orqasidan yurdi” degan ma’nolarni ifodalaydi.

Istilohda esa, musulmon holida sahobaga uchrashib, musulmon holida vafot etgan kishiga “tobe’iy” aytiladi [1]. Ba’zilar esa, “u sahobaga hamroh bo‘lgan kishidir” [2], deb ta’rif berishgan [3].

Ba’zilar esa, “Mo‘min bo‘lgan holida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bilan suhbatlashgan kishi tobe’indir” [4], deyishgan [5].

Bu ilmning foydalari:

“Tobeinlarni tanish” ilmining foydasi juda ko‘pdir. Inson bu ilmga beetibor bo‘lsa, sahoba bilan tobeinni va tobein bilan taba’ tobeinning o‘rtasini ajrata olmaydi. Shuningdek, bu ilmning foydalaridan  yana biri  “muttasil hadis” bilan “mursal hadis”ni ajratib olishdir.

Tobeinlarning tabaqalari:

Tobeinlarning tabaqalarining adadi haqida ixtilof qilingan. Ulamolar ularning tabaqalarini o‘z qarashlariga, ijtihodlariga ko‘ra taqsim qilishgan:

  1. Imom Muslim ularni uch tabaqa qilgan.
  2. Ibn Sa’d ularni to‘rt tabaqa qilgan.
  3. Hokim Naysaburiy ularni o‘n besh tabaqaga taqsim qilgan va faqat uch tabaqasini zikr qilgan:

A). Ularning eng birinchi tabaqasi  – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jannat bashoratini bergan o‘nta sahobalarga uchrashgan tobeinlar bo‘lib, bunga Qays ibn Abu Horim rohimahullohni misol qilish mumkin. U kishi ularning barchasidan hadis eshitgan va rivoyat qilgan. Tobeinlar orasida undan boshqa birorta tobein bu o‘nta sahobaning hammasidan hadis rivoyat qilmagan.

B). Ularning eng oxirgi tabaqasi – Basra ahlidan Anas ibn Molik roziyallohu anhuga, Madina ahlidan  Soib ibn Yaziyd va Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhumolarga uchrashgan kishilardir. Bu sahobalar eng oxirgi vafot etgan sahoba bo‘lishgan [6].

Abu Hanifa rahimahulloh ham sahih so‘zga ko‘ra shu tabaqadan bo‘lgan.

Ilm kitoblarida keng tarqagan tobeinlarning uch tabaqasi quyidagilardir:

  1. Katta (kibor) tobeinlar tabaqasi. Ular katta (kibor) sahobalar bilan uchrashgan.
  2. O‘rta (mutavassit) tobeinlar tabaqasi. Ular sahobalardan va katta (kibor) tobeinlardan ham hadis rivoyat qilishgan.
  3. Kichik (sig‘or) tobeinlar tabaqasi. Ular vafotlari keyinroq bo‘lgan kichik (sig‘or) sahobalardan hadis rivoyat qilishgan. Bu sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida yosh bola bo‘lishgan. Bu sahobalar yoshlari katta bo‘lgan paytda bu tobeinlar yosh bola bo‘lib, ularga uchrashgan.[7]

Eng avval vafot etgan tobe’in – Abu Zayd Ma’mar ibn Yaziyd (30-hijriy sanada o‘ldirilgan).

Eng oxirgi vafot etgan tobein – Xolf ibn Xoliyfa (180-hijriy sanada qazo qilgan) [8].

Yetti faqih bo‘lgan tobe’inlar:

Katta tobe’inlardan yetti faqih bo‘lib tanilgan kishilar quyidagilardir:

Sa’iyd ibn Musayyab, Qosim ibn Muhammad, Urva ibn Zubayr, Xorija ibn Zayd, Abu Salama ibn Abdurrohman, Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Utba va Sulaymon ibn Yasor.

Muxozramning ta’rifi:

Muxozram, lug‘atda “xozrama”, fe’lining ismi maf’uli bo‘lib, “ikki davrda yashagan”, degan ma’noni ifodalaydi.

Istilohda, u johiliyat va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida ham yashab, musulmon bo‘lib, u zotni ko‘rmagan yoki mushrik bo‘lgan holida u zotni ko‘rgan bo‘lib, keyinroq musulmon bo‘lgan kishidir. Chunki, mushrik holida Rasulullohni ko‘rishligi e’tiborga olinmaydi [9].

Muxozramlarning hukmi:

Ba’zilar ularni sahobalardan deyishgan. Sahih gapga ko‘ra ular tobeinlardan sanaladi, ularning Rasulullohdan rivoyat qilgan hadislari mursal hadis deyiladi.

Muxozramlar haqida faqat Imom Muslim ibn Hajjoj (261-hijriyda vafot etgan) va Imom Burhoniddin Ibrohim ibn Muhammad al-A’jamiy (841-hijriyda vafot etgan) tomonidan muhozramlar haqida alohida kitob yozilgandir. Imom Muslimning bu kitobi haqida Imom Navaviy rahimahulloh Sahihi Muslimga bo‘lgan sharhida, uning kitoblarini zikr qilib, “Kitabul muxozromiyn”[10] ni ham zikr qilgan. Ibrohim ibn Muhammadning kitobi “Tazkirotut tolibi al-mu’allama liman yuqolu annahu muxozram” nomli bo‘lib, u nashr qilingandir.[11]

Tobeinlarning eng afzali:

Tobeinlarning eng afzallari haqida ulamolar o‘rtasida bir necha fikrlar bayon qilingan. Bu so‘zlarning eng mashhuri tobeinlarning eng afzali – Sa’iyd ibn Musayyab hisoblanadi, deyilganidir.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Xofiyf Sheroziy bunday degan:

  1. Madina ahli tobeinlarning eng afzali deb Sa’iyd ibn Musayyabni aytishadi.
  2. Kufa ahli esa, Uvays Qaraniyni eng afzali deyishgan.
  3. Basraliklar Hasan Basriyni eng afzal tobein deyishgan.

Tobe’in ayollarning eng afzali:

Abu Bakr ibn Abu Dovud bunday degan: “Tobein ayollarning sayyidalari Hafsa binti Siyriyn va Amro binti Abdurrahman va ulardan keyin (kichik) Ummu Dardodir”.

Tobeinlarning tanish borasidagi yozilgan eng mashhur kitob – Abu Mutorrif ibn Futoys Andalusiyning “Ma’rifatut tobe’iyn” kitobidir.

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Shokirjon MADAMINOV manbalar asosida tayorladi.

 

[1] Nuxba, 58-bet.

[2] Al-Kifoya, 22-bet

[3] Taysiru mustalahul hadis, 247-bet.

[4] Ma’rifatu ulumul hadis,  42-sahifa.

[5] “Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya”, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.202-sahifa.

[6] Manhajun naqd fi ulumil hadis, 148-sahifa.

[7] Manhajun naqd fi ulumil hadis, 148-sahifa.

[8] Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya”, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.203-sahifa.

[9] Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.203-sahifa.

[10] Sharhun Navaviy ala Sahihi Muslim, 1/10. Tahziybul Asmo, Navaviy 2/397. Siyaru A’lamun Nubalo, 12/397.

[11] Mu’jamul mustalahotul hadiysiyya, Sayyid Abdul majid al-G‘ovriy.682-sahifa.

 

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi

14.01.2026   6702   1 min.
“Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi

“14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik va yoshlar bilan ishlash departamenti boshlig‘i, polkovnik Baxrom Zulfiqorov, Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Urol Mamataliyev va IIV Profilaktika katta inspektori, katta leytenant Sherzod Qudratov ishtirokida Toshkent islom instituti talabalariga “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqillik va tinchlikni asrash, Vatan tuyg‘usi, uni himoyalash, mardlik, jasorat va sadoqat kabi insoniy tuyg‘ular borasidagi mas’uliyatni oshirishdir.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 34 yilligi arafasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda mehmonlar o‘z hayot yo‘llari, erishgan yutuqlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini tashkil etilishi, bugungi kunda harbiy xizmatni o‘tash uchun yaratilgan shart-sharoitlar, vatan himoyasi uchun bel bog‘lagan harbiylarning mashaqqatli hamda sharafli faoliyatlari, ularning qat’iyatliligi, mehnatsevarligi, yurtga, millat va qadriyatlarga sodiqliklari haqida juda jo‘shqin, ko‘tarinki ruhda talaba yoshlarga so‘zlab berdilar.

Islomda Vatan tuyg‘usi oliy qadriyatlardan biri hisoblanib, yurt sarhadlarini qo‘riqlash, dushmanlardan mudofaa qilish, askarlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida xizmat qiladiganlarga ulkan ajr va savoblar va’da qilingan.

Tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor Yo.Buxarbayev, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari va talabalar ishtirok etdi.

“Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi “Milliy armiyamiz – mustaqillik posboni” mavzusida vebinar uchrashuv tashkil etildi
O'zbekiston yangiliklari