Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqganda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?
Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha. Abu Hurayra roziyallohu anhu dedilar: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin, ikkinchisi esa: Ey Alloh xasis, ziqnaga talofat ber deydi”. (Al-Jome’ as-Sahih 445-bet, 1442-hadis)
Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun Abu Umoma roziyallohu anhu Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir”. (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati)
Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi. (Saba’ surasi 39-oyat) Ushbu oyatni Ibni Kasir tafsirlarida: Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta U, dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofat beradi, deganlar.
Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofat so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushinganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning o‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.
“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsada foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushiniladi. Bunday holatlar esa, molning talofatidan ko‘ra yomonroqdir.
Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni Karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal(so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz. Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal(so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz. (Layl surasi 5-10 oyatlar).
Alloh barchamizni oyatlarini va Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.
Yusuf Qorozoviyning “Fataava
Muasira” nomli asaridan “Kulol-Qo‘rg‘on” jome’ masjidi imom xatibi Abduraxmanov Yah’yo tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Shu yil 13–14 mart kunlari yurtimizda "Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki" shiori ostida muborak Ramazon hayitini munosib kutib olish, mahallalar va muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish maqsadida o‘tkazilgan umumxalq xariya hashari diniy soha xodimlari va mo‘min-musulmonlarimizni ezgulik yo‘lida yanada jipslashtirdi.
Mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi qariyb 2150 ta masjid, 270 ta ziyoratgoh va 4500 ta qabriston hududlarida keng ko‘lamli tozalik ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hashar doirasida million kvadrat metrdan ortiq maydon chiqindilardan tozalanib, 35 000 tup ko‘chat ekildi hamda 88 000 dona daraxt oqlanib, shakl berildi.
Bayram oldidan nafaqat masjid va ziyoratgohlar, balki insonlar qalbiga ham quvonch ulashildi: imom-xatiblar boshchiligidagi 85 mingdan ziyod hasharchilar tomonidan 750 dan ortiq kam ta’minlangan oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
Shuningdek, 4100 nafardan ziyod ehtiyojmand oilalar, nogiron va yolg‘iz qariyalar holidan xabar olinib, ularga jami 1 mlrd 465 mln so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bunday olijanob ishlar xalqimiz orasida mehr-oqibat va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Ramazon hayiti shukuhini xonadonlarga olib kirdi.
Masjidlarda namozxonlar va ziyoratchilar uchun barcha qulay shart-sharoitlar hozirlanib, xonaqoh va tahoratxonalar bayram namoziga shay holga keltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati