14 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “O‘zbekiston – diniy ma’rifat va qadriyatlar yurti” mavzusida din sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, ilmiy maktablar rahbar xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar hamda diniy ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi. So‘zga chiqqan notiqlar bugungi kunda xalqimizning imon-e’tiqodini mustahkamlash, diniy savodxonligini oshirish, Islom ta’limotini keng targ‘ib etish, yoshlarni dinu diyonatli qilib tarbiyalash va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida fikr bildirdilar.
Matbuot anjumani haqida keyinroq batafsil ma’lumot beramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati