Cavol: Tobut ortidan yurish afzalmi yoki oldidami? Shunga bog‘liq masalalarni bayon qilsangiz.
Javob: Tobut ortida yurish afzaldir. Tobutning o‘ng yoki chap tomonida yurilmaydi (“Fathul-qadir”).
Vafot etgan kishi qo‘shni, qarindosh yoki yaxshiligi bilan tanilgan inson bo‘lsa, uning tobuti ortidan borish nafl ibodatdan afzaldir (“Bahrur-roiq”).
Biror ulovda tobutning ortidan borayotgan kishi undan o‘tib ketishi makruhdir (“Fatovoyi Qozixon”).
Tobut ortidan borayotganlar jim, so‘zlashmay borishlari lozim. Ovozlarini chiqarib Qur’on o‘qishlari va zikr qilishlari makruh.
Zikr qilishni xohlagan kishi ichida zikr qilishi mumkin (“Sharhi Tahoviy”; “Fatovoyi Qozixon”).
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Tushlik vaqtida ust-boshi kir bo‘lgan odam tamaddixonaga ovqatlanish uchun kirib, qo‘l yuvish xonasini so‘radi. Uni bu ahvolda ko‘rgan xizmat ko‘rsatuvchining yuzi burishib, qo‘l yuvish xonasini ko‘rsatib yubordi. Qo‘lini yuvib bo‘lganidan keyin qayerga o‘tirsa bo‘lishini so‘radi. Xizmat ko‘rsatuvchi unga tashqaridan joy ko‘rsatdi. Shu payt bashang kiyingan boshqa bir odam kirib keldi. Uni ko‘rgan xizmat ko‘rsatuvchi darrov oldiga borib yaxshi joy qilib, nima ovqat yeyishini so‘radi.
Qisqasi, ikki odamga ikki xil muomala-munosabat ko‘rsatildi. Biriga deyarli xizmat ko‘rsatilmadi, boshqasi tavsiya qilingan taom yoqmagani uchun haq to‘lashdan bosh tortsa ham, indalmadi. Ish boshqaruvchi taom pulini o‘zimiz to‘laymiz, deb uni kuzatib qo‘ydi.
Birinchi bo‘lib kelgan odam taom pulini to‘lash uchun ichkariga kirganida boya bashang kiyingan kishiga xizmat ko‘rsatgan xizmatchini ish boshqaruvchi urishib, taom pulini oyligidan olib qolishini aytayotgani ustidan chiqdi. Ish boshqaruvchiga salom berib, har ikkala taomning pulini o‘zi to‘lashini aytdi. Xizmatchi unga xijolatona qarar ekan, odamning tashqi ko‘rinishiga qarab muomala qilish xato ekanini angladi.
Bunga o‘xshash holatlarni hozir tez-tez uchratib turamiz. Kim yaxshi avtoulov, yaxshi kiyim kiysa, unga nisbatan o‘ta yaxshi muomila qiladigan odamlar uchraydi. Holbuki, zohirgamas, botinga, amalga, tushunchaga, muomalaga qaragan inson adashmaydi.
Akbarshoh Rasulov