Bugun gapirish va eshitish qobiliyatlari cheklangan shaxslar uchun Diniy idora tomonidan navbatdagi xayriya tadbiri tashkil etildi. Mana shunday kishilarimizni Toshkent viloyati Zangiota tumani “Zangiota” ziyoratgohiga tashriflari amalga oshirildi. Ushbu tadbirda 300 nafarga yaqin imkoniyati cheklangan shaxslar va ularning oila a’zolari qamrab olindi.
Ziyoratchilar bugun ertalabdan Toshkent shahridan jamlanib, Zangiota ziyoratgohi sari yo‘l olishdi. Ziyoratchilar uchun alohida transport vositalari, gid va surdo tarjimoni xizmatlari jalb etildi.
Imom-xatiblarimiz tomonidan ziyoratchilarga Zangiota majmuasi tarixi haqida ma’lumotlar berildi. Jumladan, o‘z davrida hikmatga to‘la so‘zlari ila kishilarni eng to‘g‘ri yo‘lga boshlab, o‘zidan keyin o‘chmas iz qoldirib ketgan zotlar ushbu zaminda juda ko‘plab o‘tgani, ularning ortidan ergashgan insonlar hidoyat topishgani haqida ma’lumotlar berishdi.
Mana shunday zotlardan biri Sulaymon Boqirg‘oniyning shogirdi va izdoshi Zangi ota Himmatiy hazratlarining kamtarona hayoti, ko‘p kishilarning hidoyat topishida, axloqiy kamolga yetishida buyuk xizmatlari haqida gapirish va eshitish qobiliyatlari cheklangan shaxslarga imom-domlalar tomonidan surdo tarjimoni orqali tushuntirildi.
Ziyoratchilar uchun tushlik vaqtida ehson dasturxoni yozildi va yakunda Qur’on karim oyatlaridan tilovat qilinib, o‘tganlarning ruhi poklariga baxshida qilindi.
Gapirish va eshitish qobiliyatlari cheklangan shaxslar tashkil etilgan mana shunday tabarruk joylarga fayzli ziyorat va ma’rifiy suhbat uchun minnatdorlik bildirishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati