Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Qabrdagi savol-javob

31.03.2018   25890   5 min.
Qabrdagi savol-javob

Inson vafot etib, ruhi tanasini tark etganida bu foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chgan bo‘ladi. Jon olish, bandani savol-javob qilish kabi ishlar farishtalarga topshirilgan.

Inson tanasi qabrga qo‘yilganidan keyin (suvga cho‘kib yoki biron narsa yeb ketgan bo‘lsayam) Munkar va Nakir ismli ikki farishta undan “Robbing kim? Dining nima? Payg‘ambaring kim?” deb so‘raydi. Savolga to‘g‘ri javob berganlar rohatda bo‘ladi, javob bera olmaganlar azobda qoladi.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam mayyit dafn etilganidan keyin qabr boshida turib: “Birodaringiz haqiga istig‘for ayting, unga sabot tilang! Chunki u hozir so‘roq qilinmoqda”, dedilar” (Abu Dovud, Bazzor rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).

Bu hadisdan uch xil xulosa chiqadi:

1. Mayyitga tiriklar duosi foyda beradi. Janozaga kelganlar mayyit dafn etilganidan keyin unga sabot tilab duo qiladilar, “Ey Alloh! Uning savol-javobini oson qil, qabr azobidan saqla!” deb duo qilishadi.

2. Banda qabrda savol-javob qilinadi.

3. Mayyit ko‘milgani zahoti so‘roq qilina boshlaydi. Mayyit hatto ko‘mib, ortidan qaytib ketayotganlar oyoq kiyimi ovozini eshitadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Agar birontangiz yoki bir inson qabrga qo‘yilsa, uning oldiga qora-zangori rangdagi ikki farishta keladi. Ulardan biri “Munkar”, boshqasi “Nakir” deyiladi” (Termiziy rivoyati. Hadis sanadi hasan).

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Banda qabriga qo‘yilsa, sohiblari (uni dafn qilib) qaytib ketishsa, (mayyit) ularning kavushlari taqillaganini eshitib turganida oldiga ikki farishta kelib, uni o‘tqazishadi. Keyin (Muhammad sallallohu alayhi va sallamni nazarda tutib): “Bu odam haqida nima derding?” deyishadi. (Agar u) mo‘min bo‘lsa: “Guvohlik beramanki, albatta (Muhammad) Allohning bandasi va Rasulidir”, deydi. Shunda unga: “Do‘zaxdagi o‘ringga qara. Albatta, Alloh senga uni jannatdagi o‘ringa almashtirib berdi”, deyiladi. (Banda)ikkovini ham ko‘radi. Kofir yoki munofiqqa: “Bu kishi haqida nima derding?” deyiladi. “Bilmadim. Odamlar aytadigan narsani aytardim”, deydi. Shunda unga: “Bilmading ham, ergashmading ham”, deyiladi. Keyin temir gurzi bilan bir urilganida shunday qichqiradi, (uning ovozini) insu jindan boshqa hamma (mavjudot) eshitadi” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasoiy rivoyati).

Bu dunyoda imon-e’tiqod bilan o‘tgan, shariat hukmlariga bo‘ysungan, halol-haromning farqiga borgan mo‘min inson qabrdagi savollarga burro, aniq javob beradi. Kofirlar, munofiqlar esa qabrda so‘roq qilinganida juda tang ahvolda qoladi. Tilida musulmonlikni da’vo qilib yurganlar, aslida Allohni, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamni tanimasdan o‘tgan kishilar ham qiyin vaziyatda qoladi. Savolga javob bera olmasa, boshiga temir gurzi bilan uriladi. Qabr azobi degani mana shu bo‘ladi.

Qabrda savollarga tutilmasdan javob berish uchun nima qilish kerak? Imon-e’tiqodli, Allohning aytganini qilgan, ibodatda, solih amallarda bardavom bo‘lgan bandani Alloh qabrda qo‘llaydi, sobitqadam qiladi. Parvardigorimiz azza va jalla shunday marhamat qilgan: “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustivor so‘z (ya’ni, imon kalimasi) bilan sobitqadam qiladi. Zolimlarni esa Alloh (haq) yo‘ldan adashtiradi. Alloh O‘zi xohlagan ishni qiladi” (“Ibrohim” surasi, 27-oyat).

Alloh taolo pokiza kalima – tavhid kalimasini vasf qilganidan keyin “Laa ilaaha illalloh, muhammadur rosululloh” kalimasini ixlos bilan aytgan, shariat hukmlariga rioya etgan, Alloh roziligi yo‘lida jiddu jahd qilgan bandalar dunyoda, oxiratda erishadigan yutuqni eslatmoqda. Ha, Alloh taolo mo‘minlarni tiriklik chog‘larida shahodat kalimasida sobitqadam qiladi, vafotlaridan keyin qabrda ham ularga sabot beradi, tillariga tavhid kalimasini keltiradi. Bu dunyoda zalolatda, kufr-isyonda yashagan zolimlarni haqdan adashtiradi. Ular hayotda bezovta, behalovat edilar. Endi qabrda ham juda mushkil ahvolda qolishadi.

Ayrimlar: “Menga qabrda qanday savollar berilishini, unga qanaqa javob qaytarishni o‘rgating. Yodlab olaman”, deb so‘raydi. Xo‘p, o‘rgatamiz. Biroq, biz imon-e’tiqodda, solih amallarda bardavom bo‘lsak, Alloh bizni dunyoda, o‘lim chog‘ida, qabrda, qiyomatda yordamsiz qoldirmaydi, sobitqadam qiladi. Din-diyonatdan uzoq yurganlar, Alloh aytganini qilmaganlar qabrdagi savolga “Bilmayman”, deb javob qaytaradi. Keyin qabr azobiga giriftor bo‘ladi.

Oyat mazmunini yaxshiroq tushunish uchun quyidagi rivoyatni ko‘rib chiqamiz. Baro ibn Ozib roziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min qabrida o‘tkazib qo‘yilsa, uning oldiga kelinadi. So‘ng “Ashhadu allaa ilaaha illalloh va anna Muhammadan rosululloh”, deb guvohlik beradi. Ana o‘sha Allohning “Alloh imon keltirganlarni dunyo hayotida ham, oxiratda ham ustivor so‘z bilan sobitqadam qiladi” degan so‘zidir” (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ya’ni, mo‘min banda dafn etilganidan keyin uni savol-javob qilish uchun qabrida o‘tkazib qo‘yiladi. So‘ng uning oldiga qoramtir ko‘k rangdagi ikki farishta keladi. “Munkar” va “Nakir” nomli bu farishtalar mo‘minni so‘roqqa tutganida Alloh uni tavhid kalimasi bilan sobitqadam qiladi. Mo‘min qabrida shahodat kalimasini aytishga muyassar bo‘ladi.

 

Ziyovuddin RAHIM

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   1309   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.