Albatta, Qur’oni Karim Allohning Kalomi bo‘lib, qiyomatga qadar uni tilovat qilib, ibodat ado etiladi. Qur’on bilan borliqdagi ilmiy haqiqatlar o‘rtasida mutlaqo ziddiyat yo‘q. Chunki, Qur’oni Karim hech qachon o‘zgarmaydi. Agar Qur’on bilan ilmiy haqiqatlar o‘rtasida ziddiyat sodir bo‘lganda, din masalasi zoye bo‘lgan bo‘lardi. Mabodo o‘quvchining ko‘ziga ziddiyat ko‘rinsa, bu yo o‘sha o‘quvchining Qur’oniy haqiqatni tushunmasligidan yoki ilmiy haqiqat deb taqdim etilgan narsaning sahih emasligidan bo‘ladi.
Agar biz Qur’onni to‘g‘ri ma’noda tushunmasak va uni noto‘g‘ri tafsir qilsak, ziddiyat yuzaga keladi.
Agar ilmiy haqiqat deb aytilayotgan narsa yolg‘on bo‘lsa ham ziddiyat yuzaga keladi.
Lekin bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, biz Qur’oniy haqiqatni qanday qilib tushunmaymiz? Bunga misol keltiramiz. Toki odamlar Qur’oniy haqiqatni tushunmaslik borliq haqiqatlari bilan ziddiyat paydo bo‘lishiga olib borishini bilsinlar.
Alloh taolo O‘zining aziz Kitobi – Qur’onda shunday deb marhamat qilgan:
وَالأَرْضَ مَدَدْنَاهَا
“Biz yerni yoydik” (Hijr surasi, 19-oyat).
Bu oyat lug‘aviy e’jozni ham, ilmiy e’jozni ham o‘z ichiga oladi.
Alloh taolo mazkur oyatda Yerni yoydik, to‘shadik deyapti. Muayyan yerni aytdimi? Yo‘q, muayyan yerni aytmadi, balki, mutlaq holatda Yerni to‘shadik deyapti. Bu nima degani? Bu shuni anglatadiki, agar sen qayerga borsang ham, sen ko‘rib turgan ro‘parangdagi yoyilgan joyni yer deb ataladi.
Agar ekvatorda bo‘lsang ham, ro‘parangda yoyilgan yerni ko‘rasan.
Agar shimoliy qutbda bo‘lsang ham, ro‘parangda yoyilgan yerni ko‘rasan.
Agar janubiy qutbda bo‘lsang ham, ro‘parangda yoyilgan yerni ko‘rasan.
Agar Yevropada, Afrikada, Osiyoda bo‘lsang ham, ro‘parangda yoyilgan, tekis yerni ko‘rasan.
Xo‘sh, nega shunday bo‘ladi?
Qayerga borsang ham, oldingdagi yer to‘shalgandek ko‘rinishda bo‘lishining sababi – Yerning doira shaklida ekanligidir. Agar Yer to‘rtburchak, uchburchak, oltiburchak shaklida bo‘lganda, sen qachondir yerning chetiga, qirg‘og‘iga yetib borgan, o‘sha qirg‘oqda turganingda esa ro‘parangda yoyilgan, to‘shalgan yerni ko‘rmagan bo‘larding. Qayerga borsang ham oldingdagi yer to‘shalgan, tekis holda ko‘rinyaptimi, demak, bu narsa Yerning shar shaklida ekanligini bildiradi. Bugungi kunda kosmik kemalar, sun’iy yo‘ldoshlar orqali Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanib turgan doira shaklidagi tasvirini bevosita yoki bilvosita ko‘rish mumkin. O‘zing turgan joyga bir belgi qo‘yib, keyin to‘g‘riga yurishda davom etib, ma’lum masofalarni bosib o‘tganingdan keyin yana o‘sha belgi qo‘ygan joyingga qaytib kelasan. Yer dumaloqligi uchun shunday bo‘ladi. Agar Yer dumaloq bo‘lmay, boshqa biror geometrik shaklda bo‘lganda, yurib borib, qirg‘oqda pastga tushib ketgan bo‘larding va belgi qo‘ygan joyingga qaytib kelolmasding.
Alloh taolo:
وَالأَرْضَ مَدَدْنَاهَا
“Biz yerni yoydik” oyatida Yerning ko‘rinib turgan holatiga munosib bo‘lishi va asl haqiqati bo‘lgan doirasimonligiga dalolat qilishi uchun “madadnaa” kalimasini zikr qildi.
Bu oyati karimani noto‘g‘ri tushunib, Yerni “tekis, yassi” deydiganlar “Din bilan ilm o‘rtasida ziddiyat, qarama-qarshilik bor” deyishadi. Oyatning ma’nosini to‘g‘ri tushunganlar esa, “Albatta, Qur’oni Karim Yerning dumaloqligini zikr qilgan ilk Kitobdir” deydilar. Ushbu haqiqat, ya’ni Qur’oni Karim Yerning dori shaklida ekanini zikr qilgan ilk Kitobligining o‘ziyoq g‘ayridinlarning iymon keltirib, Islomga kirishlariga kifoya qiladi.
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning
“Al-adilla al-maaddiyya ala vujudillahi” nomli asaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘MI Matbuot xizmati
Samarqand va Buxoro bugun dunyo turizmining eng mashhur yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Biroq bu shaharlar ming yil avval qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Ular qanday iqtisodiy qudratga ega edi, qaysi xalqaro savdo yo‘llarini bog‘lagan va musulmon sivilizatsiyasi taraqqiyotida qanday o‘rin tutgan? Bu savollarga javob arxeologik topilmalar emas, balki X asrda yashagan arab geografi va sayyohining bevosita kuzatuvlariga asoslangan asarida mujassam, xabar bermoqda iccu.uz. Endi mazkur nodir manba tanqidiy matn, qiyosiy qo‘lyozmalar tahlili va ilmiy sharhlar bilan birinchi marta o‘zbek kitobxoniga taqdim etilmoqda.
Global miqyosda madaniy merosni saqlash, qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va sivilizatsiyalar tarixi bo‘yicha birlamchi manbalarni qayta tadqiq etishga qiziqish kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekistonda yana bir muhim akademik nashr tayyorlanmoqda. Mashhur arab geografi va sayyohi Abu Is'hoq Ibrohim al-Istaxriyning X asrda yozilgan "Kitob al-masolik val-mamolik" ("Yo‘llar va mamlakatlar kitobi") asari tanqidiy matn va ilmiy izohlar bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.
Nashr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan tarjima va keng qamrovli manbashunoslik tadqiqoti natijasidir.
Markaz ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganovning qayd etishicha, ushbu asar tarixiy geografiyaga bag‘ishlangan oddiy risola emas. U X asr musulmon olamining siyosiy, iqtisodiy va madaniy manzarasini aks ettiruvchi eng muhim birlamchi manbalardan biri hisoblanadi. Istaxriy turli mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilib, shaharlar, savdo yo‘llari, aholi turmush tarzi, iqtisodiy munosabatlar va davlat boshqaruviga oid ma’lumotlarni shaxsiy kuzatuvlari asosida qayd etgan.
Ayniqsa, asarda Movarounnahr haqida keltirilgan ma’lumotlar bugungi tarixshunoslik uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Samarqand, Buxoro va mintaqaning boshqa shaharlari nafaqat musulmon Sharqining muhim madaniy markazlari, balki Ipak yo‘li orqali Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyoni bog‘lagan xalqaro savdo tizimining strategik nuqtalari sifatida tasvirlanadi.
Bugungi kunda tarixchilar qadimgi shaharlar taraqqiyotini arxeologik ma’lumotlar, epigrafik yodgorliklar va qo‘lyozma manbalarni o‘zaro solishtirish orqali tiklamoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Istaxriy asari arxeologik dalillarni to‘ldiruvchi bevosita katta ilmiy ahamiyatga ega.
Asar IX–XII asrlarda Markaziy Osiyoda shakllangan va ko‘plab tadqiqotchilar tomonidan Birinchi Renessans deb baholanuvchi sivilizatsion yuksalish davrini anglashda ham muhim manba vazifasini o‘taydi. Bu davrda ilm-fan, shaharsozlik, savdo, madaniyat va ma’rifat yuqori taraqqiyot bosqichiga chiqqan bo‘lib, keyinchalik musulmon sivilizatsiyasi va jahon ilm-fani rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.
Nashrning asosiy ilmiy qiymati uning tanqidiy matn asosida tayyorlanganida namoyon bo‘ladi.
Ravshan Xudayberganov, Markazning Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi ilmiy xodimi:
– Mazkur asar X asr musulmon olamining tarixiy geografiyasi bo‘yicha eng muhim manbalardan biridir. Chunki unda nafaqat Movarounnahr, balki Xuroson, Eron, Iroq, Arabiston, Kavkaz va boshqa ko‘plab hududlar haqida ham ma’lumotlar jamlangan. Shu bois bu asar butun musulmon sivilizatsiyasining o‘sha davrdagi holatini o‘rganish imkonini beradi. Kitobning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradigan jihat — uning tanqidiy matn asosida nashr etilganidir. Odatda qadimiy manbalar bir yoki ikki qo‘lyozma nusxa asosida tarjima qilinadi. Natijada ayrim matniy farqlar e’tibordan chetda qolishi mumkin. Ushbu nashrda esa manbashunoslikning eng muhim talablaridan biri bo‘lgan qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilgan.
Ma’lum qilinishicha, tadqiqot davomida asarning arab tilida saqlangan sakkizta qo‘lyozma nusxasi hamda keyinchalik fors tiliga qilingan tarjimaning o‘nta qo‘lyozmasi o‘zaro qiyoslangan. Jami o‘n sakkizta qo‘lyozma tahlil qilinib, ular asosida muallif matniga eng yaqin hisoblangan tanqidiy matn qayta tiklangan.
Manbashunoslik nuqtayi nazaridan bunday yondashuv xalqaro akademik amaliyotda eng ishonchli usullardan biri hisoblanadi. Turli qo‘lyozmalardagi matniy farqlarni solishtirish orqali asarning keyingi asrlarda qanday tahrirlangani, qaysi ma’lumotlar qo‘shilgan yoki o‘zgarganini aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.
Nashrning yana bir muhim jihati shundaki, barcha matniy tafovutlar satr osti izohlarida keltirilgan, tarixiy shaxslar, etnonimlar, toponimlar va geografik atamalarga oid keng sharhlar esa kitobning izohlar qismida jamlangan. Bu jihat esa kitobni keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda tarixchilar, sharqshunoslar, etnologlar, geograflar va iqtisodiy tarix tadqiqotchilari uchun ham muhim ilmiy manbaga aylantiradi.
Mutaxassislarning fikricha, arab va fors tilidagi qo‘lyozmalarni bir vaqtning o‘zida qamrab olgan bunday keng qamrovli manbashunoslik tadqiqotlari milliy akademik muhitda nisbatan kam uchraydi. Shu jihatdan mazkur nashr nafaqat bir qadimiy asarning tarjimasi, balki O‘zbekistonda manbashunoslik maktabini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy loyihalardan biri sifatida baholanmoqda.
Bugun jahonda madaniy merosni raqamlashtirish, qo‘lyozmalarni saqlash va ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish dolzarb vazifaga aylangan. Istaxriyning "Kitob al-masolik val-mamolik" asari ham ana shu global jarayonning bir qismi sifatida Markaziy Osiyoning sivilizatsiyalar tarixidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy manba sifatida e’tirof etilmoqda.
Tadqiqot natijalaridan ko‘rinadiki, ming yil avval Movarounnahr bo‘ylab safar qilgan muallifning kuzatuvlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, ular tarixchilarga o‘tmishni qayta tiklash, geograflarga qadimgi hududlarni aniqlash, madaniyatshunoslarga esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni tadqiq etishda ishonchli asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, "Kitob al-masolik val-mamolik" faqat tarixiy yodgorlik emas, balki Markaziy Osiyoning Birinchi Renessans davrini ilmiy asosda anglashga xizmat qilayotgan dolzarb akademik manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati