Ko‘zi ojiz odam, agar olim bo‘ladigan bo‘lsa, uning janoza namozi o‘qishi ham, boshqa namozlarni o‘qib berishi ham joizdir.
Fiqh kitoblarida ko‘zi ojiz odamning mukammal tahorat qilishi qiyin kechgani sababli uning imom bo‘lmasligi avlo, deyiladi. Biroq undan ko‘ra boshqa imomlikka loyiq kishi topilmasa, uning imom bo‘lishi yaxshidir. Chunki ilmli odam ko‘zi ojiz bo‘lsa ham parhezkor bo‘ladi, odamlarda shubha uyg‘otadigan ishlar qilmaydi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinadan safarga chiqqanlarida ko‘zi ojiz bo‘lsa ham Abdulloh ibn Ummi Maktum (roziyallohu anhu)ni o‘z o‘rinlariga qo‘yib ketar edilar. U sahobalarga namoz o‘qib berardi (Imom Abu Dovudning Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyati).
Demak, ko‘zi ojiz odamning namozi, agar u imomlikka loyiq va munosib bo‘lsa, durustdir.
“So‘ragan edingiz” kitobi asosida tayyorlandi
O‘MI Matbuot xizmati
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Moskva shahridagi “Antek” MCHJ qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’naviy tadbirda elchixona diplomatlari bilan bir qatorda, yurtimizdan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizni muborak oy bilan qutlab, davlatimiz rahbariyatining samimiy tabriklarini yetkazdilar. Musofirchilikda turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib, halol mehnat orqali oilasiga rizq ulashayotgan hamyurtlarimizga alohida minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, iftorlik asnosida ma’rifiy suhbat o‘tkazilib, fuqarolarimizning yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi, yoshlarni turli diniy oqimlardan asrash va doimo ogoh bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati