Tahajjud namozi
Bu namozning ozi ikki, ko‘pi sakkiz rakatdir. Alloh taolo: «Kechasida tahajjud (namozi) qil, senga nofila bo‘lur. Shoyadki, Robbing seni Maqomi mahmudda tiriltirsa», degan (Isro surasi, 79-oyat).
Ushbu oyat ila tahajjud namoziga targ‘ib qilish Qur’onda kelgani eslatilmoqda. Kechasi bir uxlab turib o‘qiladigan namoz «tahajjud namozi» deb ataladi. Shuningdek, bu namoz «qiyom namozi» deb ham ataladi. Avval boshida bu namoz vojib bo‘lgan edi, bir yilchadan keyin vojibligi nasx qilingan.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga kechaning qiyomi lozimdir. Chunki u sizlardan oldingi solihlarning odatidir. U Robbingizga qurbatdir, yomonliklarga kafforotdir, gunohlarni qaytaruvchidir», dedilar». Boshqa bir rivoyatda: «U jismdan dardni quvuvchidir» ham deyilgan
Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan.
Nafl namozlarining eng afzali tahajjud hisoblanadi. Chunki bu namoz hamma uxlab yotgan vaqtda o‘qilgani uchun riyodan uzoq, ixlosga yaqin bo‘ladi.
Izoh: tahajjud xuftondan so‘ng uxlab, kechaning ikkinchi yarmida bedor bo‘lishdir. Uyg‘onishiga ishonchi bo‘lmasa, xufton namozidan keyin o‘qib olsa ham joiz. Raddul muhtor sohiblari tahajjud namoziga: «Har bir xuftondan keyin o‘qilgan namoz» deb ta’rif bergan. Afzali esa bir uxlab turib o‘qishdir.
Tasbeh namozi
Ikrimaning Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abbosga qarata: «Ey amaki! Sizga bermaymi? Sizga o‘rgatmaymi?» degan so‘zlarni zikr qilib, so‘ng bunday dedilar: «To‘rt rakat namoz o‘qiysiz. Har rakatda Fotihani va boshqa bir surani o‘qiysiz. Birinchi rakatda qiroatdan so‘ng qiyomda «Subhanallohi valhamdu lillahi va la ilaha illallohu vallohu akbar» tasbehlarini o‘n besh marta aytasiz. So‘ngra ruku’ga borasiz va ruku’da turganingizda mazkur tasbehlarni o‘n bor aytasiz. Keyin boshingizni ruku’dan ko‘targan vaqtda ham yana tasbehlarni o‘n marta aytasiz.
So‘ng sajdaga borasiz. Sajdada turganingizda yana mazkur tasbehlarni o‘n bor qaytarasiz. So‘ng boshingizni sajdadan ko‘tarib, yana mazkur tasbehlarni o‘n bor aytasiz, so‘ng yana sajda qilasiz va unda yana o‘n bor tasbeh aytasiz, so‘ng boshingizni sajdadan ko‘tarib, tik bo‘lishingizdan oldin yana o‘n marta tasbeh aytasiz. Bu aytilgan tasbehlarning umumiy adadi yetmish beshta bo‘ladi. To‘rt rakatni shu taxlitda ado etasiz. Agar bu namozni bir kunda bir marta ado etishga qodir bo‘lsangiz, uni ado eting. Agar bir kunda ado etishga qodir bo‘lmasangiz, juma kuni bir marta o‘qing. Agar juma kunida ado etishga qodir bo‘lmasangiz, uni bir oyda bir o‘qing. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, uni bir yilda bir bor ado eting. Bunga ham imkon bo‘lmasa, umringiz davomida bir bor «tasbeh» namozi o‘qib qo‘ying».
“Mo‘minning me’roji” kitobidan olindi
O‘MI Matbuot xizmati
Xozirgi kunda eng saodatli kishi turli fitna-fasod ishlarga aralashmay yashayotgan inson desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Odamlarni tafriqaga soluvchi insonlarga yoki fasod chiqaruvchi da’vatlarga e’tibor bermay, yot g‘oyalarga qarshi chiqa oladigan ma’naviy immunitet hosil qilish davr talabidir.
“Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!” (Buxoriy va Muslim rivoyati). Modomiki, inson berilgan umrni g‘animat bilib, savobli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, yaxshi insonlar yo‘lidan yursa, ikki dunyoda saodatga erishadi.
Biz insonlik tabiatimiz bilan, bilgan-bilmagan narsalarga ergashib ketishimiz mumkin, lekin bu to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketishimizga bahona bo‘la olmaydi,chunki Alloh aql va farosat bergan. Farosatli kishi fitnadan extyot bo‘ladi va uzoqda yuradi.
Alloh taolo Baqara sursini 191-oyatida “Fitna qatldan yomonroqdir” deb marhamat etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga mening sunnatimni va roshid xalifalarning sunnatini tutmoqlik lozimdir. Bas, uni mahkam tutinglar” deb marhamat qilganlar.
Namangan tumani "Beshkapa" jome masjidi
imom-xatibi Kamoldin Isaqov
Manba: @SOFTALIMOTLAR