Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2026   |   21 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:30
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:02
Shom
19:01
Xufton
20:17
Bismillah
10 Aprel, 2026, 21 Shavvol, 1447

Ona tabiatga munosabat

20.03.2018   7477   10 min.
Ona tabiatga munosabat

Alloh taolo insonni barcha narsalarning eng sharaflisi qilib yaratdi. Unga cheksiz ne’matlar berdi. O‘zi yaratgan bu ajoyib olamni insonga bo‘yunsunadigan qilib qo‘ydi. Alloh taolo bandalariga shunchalik ulug‘ ne’matlar berishi bilan birga, mazkur ne’matlardan o‘zi uchun va o‘zgalar uchun qayta foydalanishni ta’lim bergan. Alloh taolo insonni dunyoni, tabiatni asrashga, Alloh taoloning ne’matlaridan manfaat olishga, ularni halok etmaslikka, yaxshilik yo‘lida ishlatish va yomonlikka ishlatmaslikka buyurgan.

Qur’oni karimning ikki yuz ellik oyatida tabiat, uni asrab avaylash mavzulari zikr etilgani Islomning bu masalaga qanchalik katta e’tibor qaratishini ko‘rsatib turibdi. Har birimizga ma’lumki Alloh taolo olamni ajoyib aniqlik bilan va o‘zaro bog‘liq holatda yaratgan. Bu haqida Qur’oni karimning Qamar surasi 49-oyatida shunday marhamat qilgan:

“Albatta, biz har bir narsani o‘lchov bilan yaratdik”.

Demak, dunyodagi har bir narsa: suv ham, yer ham, tog‘ ham, hayvonotu nabotot ham aniq o‘lchov bilan va bir-biriga bog‘liq qilib yaratilgan. Agar bu bog‘lanish buzilsa, jiddiy muammolar kelib chiqadi. Shuning uchun har bir inson dunyoni, tabiatni asrab-avaylashga harakat qilmog‘i lozimdir. Inson o‘z uyiga qanday e’tibor bersa, pok saqlasa, atrofga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishi shart. Chunki butun yer yuzini Alloh taolo insonlar uchun maskan qilib berdiki, buni Zoriyot surasi 48-oyatida shunday bildirib qo‘ygan:

“Va yerni to‘shab qo‘ydik. Biz qandoq ham yaxshi tayyorlaguvchidirmiz”. Go‘dak uchun beshik qanday qarorgoh bo‘lsa, yer ham inson uchun shunday qarorgohdir.

Insonning bu dunyodagi mas’uliyati haqida ko‘plab hadisu shariflar vorid bo‘lgan, ulardan birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bas, barchangiz mas’uldirsiz va barchangiz o‘z mas’uliyatingizdan so‘ralursiz”, deydilar. Bu qisqa so‘zlarda olam-olam ma’no bor. Mas’uliyatdan so‘raladigan kun kelishidan oldin, tabiat, atrof-muhit oldidagi mas’uliyatimizni to‘g‘ri ado etaylik.

Islom dini doim iymonli insonlarni hayvonot ya’ni jonivorlarga zarar keltirmaslikka, hayvonlarga mehribon bo‘lishga chaqiradi. Qur’oni karimdagi ba’zi oyatlar Alloh taoloning hayvonot olamini yaratishdan maqsadi, ularni muhofaza qilish tartibi, inson hayvonot dunyosidan qanday foyda olishi mumkinligi, hayvonlarni tarbiya qilish yo‘llarini batafsil tushintirib bergan. Qur’oni karimning Baqara, An’om, Fil, Naml, Nahl kabi suralari hayvonlar nomi bilan ataladi. Bu so‘zlarning tarjimasi “Sigir”, “Chorva hayvonlari”, “Fil”, “Chumoli”, “Asalari” deganidir.

Qur’oni karimda barcha jonzot va qushlar insonlar kabi “ummat” ekani ta’kidlanadi. Mana shu ta’kid insonni o‘zi kabi ummat bo‘lgan barcha jonlilarga nisbatan mehribon bo‘lishga undaydi. Haqiqatda, Alloh taolo hayvonlarni insonlarga foyda keltiradigan ne’matlar qilib yaratdi. Shu jihatdan, insonlar bu ne’matlar uchun Parvardigoriga shukr qilib, o‘zlari uchun foydali va zarur bo‘lgan hayvonot dunyosini qo‘riqlashi va saqlashi lozim bo‘ladi. Shukr qilish esa, ikki yo‘l bilan bo‘ladi. Birinchisi, bunday ne’matlarni ato etgan Alloh taologa hamd aytish bo‘lsa, ikkinchisi Parvardigor ato qilgan ne’matlardan foydalanishda uning ko‘rsatmasiga muvofiq ish yuritishdir. Islomda hayvonot olamiga hech qanday zarar yetkazish mumkin emasligi qattiq ta’kidlanadi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oldidan yuziga tamg‘a bosilgan eshak olib o‘tildi. Shunda u zot: “Mening hayvonlarning yuziga tamg‘a bosgan va ularning yuziga urganlarni la’natlaganim sizlarga yetmagan edimi?” dedilar”. Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir ayol o‘zining mushugi sababli do‘zaxga kirdi. Uni bog‘lab qo‘yib, unga taom ham bermadi, uni yerdagi narsalardan yemog‘i uchun qo‘yib ham yubormadi. Hatto, u ozib-to‘zib o‘ldi” deganlar. Ko‘rinib turibdiki, Islom hayvonlarni maqsadsiz o‘ldirishni katta gunoh hisoblab, qat’iy man’ qiladi. Chunki Alloh taolo hayvonlarni insonlar foydasi uchun yaratgan. Alloh taolo yaratgan jonvorlarni bexuda o‘ldirish uning ne’matlariga nisbatan noshukurlik va nonko‘rlikdir. Xuddi hayvonot olami kabi nabotot ya’ni, o‘simliklar olami ham Allohning insonlarga ato qilgan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, bu olam bo‘lmasa, yer yuzida hayot ham bo‘lmas yedi. Shuning uchun ham, Alloh bu olamni insonga hayot vositasi bo‘lsin, unga va uning chorvasiga rizq bo‘lsin deb yaratgan. Buni Alloh taolo Abasa surasining 24-32-oyatlarida ham batafsil bayon qilgan. Alloh taolo nabotot olamini insonning barcha foyda, manfaati uchun rostlab qo‘ygandir. Islom ta’limoti insonga va uning jamiyatiga foyda yetkazuvchi barcha narsalarni yo‘qotish, zarar yetkazish va isrof qilishni harom qilgan.

Alloh taolo Qof surasining 9-11-oyatlarida shunday marhamat qilgan: “Va osmondan baraka suvini tushirdik, hamda u bilan bog‘-rog‘larni va don hosilini o‘stirdik. Va zich mevali shingillari bor xurmolarni ham. Bandalarga rizq qilib. Va u (yomg‘ir) bilan ulkan shaharni tiriltirdik”. Bu oyatlardan bilamizki, nabotot olami bandalar uchun rizqdir, bandalarning esa o‘z rizqlarini ehtirom qilishlari hamda ular uchun shukur keltirishlari, nabotot olamiga nisbatan to‘g‘ri muomalada bo‘lishi lozim. Aksincha, nabotot olamiga nisbatan yomon muomala Allohning g‘azabi va azobiga olib keladi. Nabotot olami, undan foydalanish yo‘l-yo‘riqlari haqida Qur’oni karimda ko‘plab oyatlar kelgan.

Dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga targ‘ib qiluvchi ko‘plab hadisu shariflar ham mavjud. Shulardan ba’zilarini keltiramiz: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon bir ko‘chat eksa yoki biror bir ziroat qilsa, undan qushmi, insonmi, hayvonmi yesa, albatta uning uchun bundan sadaqa hosil bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar. Demak, barchamiz o‘zimiz yashab turgan hovlilarimizga, mahallalarimizga daraxt va gul ko‘chatlarini eksak va undan kimdir manfaat olsa bundan bizga savob hosil bo‘lishini tushunib sa’y-harakat qilishimiz lozim.

Yana bir hadisi sharifda aytilishicha: “Ekilgan har bir daraxtning aytayotgan tasbehi o‘sha daraxtni ekkan kishining nomai amaliga yoziladi”.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni bir odam yoshi ulug‘ sahobiy Abu Dardo roziyallohu anhuning yong‘oq daraxti ko‘chatini ekayotganini ko‘rib: “Ey muhtaram zot, qarib, ulug‘ yoshga kirgan bo‘lsangiz ham ko‘chat ekasizmi, axir bu yong‘oq falon yildan so‘ng mevaga kiradi-ku?” debdi. Abu Dardo roziyallohu anhu unga javoban: “Menga savobi yetsa bo‘ldi. Mevasini boshqalar iste’mol qilayversin”, degan ekanlar.

Allohning insonga bergan ulkan ne’matlaridan, rizqidan biri suvdir. Suv hayotning asosiy unsuri ekani Qur’oni karimda ta’kidlangan. Haqiqatda yer yuzida suvsiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Alloh taolo, Anbiyo surasi 30-oyatida: “Barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganmiz” deb marhamat qilgan. Yana, Nur surasi, 45-oyatida: “Alloh hamma jonivorni suvdan yaratdi”. deydi. Bundan barcha jonli koinotning asli ham, tarkibi ham suv ekani kelib chiqadi. Buni ilmiy tajribalar ham ko‘rsatgan. Inson jismining 76 foizini suv tashkil qiladi. Shuningdek, suv boshqa tirik jonzotlarning ham asosiy unsurini tashkil qiladi. Nabotot olamini ham suvsiz tasavvur qilish qiyin.

Islom dini nuqtayi nazaridan qaraganda, suv Allohning ulkan ne’mati bo‘lib, uni zoye va isrof qilish haromdir. Har bir inson suvni ifloslashdan va isrof qilishdan tiyilishi, undan tejamkorlik bilan foydalanishi, qadriga yetishi shartdir. “Bir kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan Sa’d ismli sahobaning yonidan o‘tayotib, “Bu qandoq isrofgarchilik, ey Sa’d?” dedilar. “Suvda ham isrof bo‘ladimi”, deb so‘radi Sa’d. “Agar oqib turgan daryodan olsang ham”, dedilar Payg‘ambar alayhissalom”.

Ma’lumki, g‘usl va tahorat musulmon bandalarga farz ibodatlaridir. Agar shu narsalarda suvni isrofi joiz bo‘lmasa, ibodatmas boshqa ishlarga isrof qilish aslo durust emas.

Atrof-muhitga, tabiatga nisbatan mehr-shafqatli va adolatli bo‘lishga o‘qitishing, o‘rgatishing o‘zigina katta foyda keltirmaydi, albatta, u bilimlar, tarbiyalar ham biz kattalar tomonidan amalga qo‘llanilishi, ko‘rsatilishi lozim. Islom nuqtayi nazarida tabiatni muhofaza qilish tarbiyasi jamiyatning katta yoshdagi a’zolari vazifasidir. Katta yoshdagilar atrof-muhitni muhofaza qilish va qo‘riqlashda doimo yoshlarga ibrat ko‘rsatishlari shart. Ular yosh avlodni tabiatni muhofaza qilishda yetuk ongli, hayvonot va nabotot olamiga rahmdil qilib tarbiyalashlari zarur.

Bobo-buvilarimizning chiqindini ariqqa supurma, suvga tupurma, noloyiq joylarga o‘tirma, ko‘chalarga axlat tashlamoq degan o‘gitlari doimo yodimizda bo‘lmog‘i zarur. Hayotimizda shu yer ustida yashayotgan bo‘lsak, vafot etganimizdan keyin ham shu yer bag‘rida yotamiz. O‘zimizning uzoq muddat maskanimiz bo‘ladigan bu yerni obod qilish, o‘zimiz va kelajak avlodlarimiz uchun foydadir. Atrofimizni, tabiatni turli zararli chiqindilardan va ifloslanishdan saqlasak, o‘zimiz va kelajagimizni hayotini saqlagan bo‘lamiz. Kim uyi iflos bo‘lishini, chiqindilar sochilib yotishini istaydi. Hech kim, faqat hovli va uylarimiz emas, mahalla, shahar va mana shu vatan ham o‘zimizniki. Uning ozodligiga barchamiz mas’ulmiz. Vatanimiz obodligiga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Bizdan kelajak avlodga ozod va obod vatan qolsin.

 

 

M.QORAYEV,

 O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi yetakchi mutaxassisi 

O‘MI Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Poytaxtimizda Sohibqiron Amir Temurning 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

09.04.2026   7340   1 min.
Poytaxtimizda Sohibqiron Amir Temurning 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

Ayni payt O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatida tutgan o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur anjumanda Amir Temur merosi hamda Sharq Renessansi sivilizatsiyasining jahon tarixidagi o‘rni muhokama qilinmoqda.

Yig‘inda 20 dan ortiq mamlakatdan yuzlab olimlar va ekspertlar ishtirok etmoqda.

D.Hakimov,

F.Abdurasulov (surat),

O‘zA

O'zbekiston yangiliklari